Fransiyada og‘ir ahvolga tushgan o‘zbekistonlik mamlakatga qaytarildi
Jamiyat
−
10:51 666 1 daqiqa
Fransiyada sog‘lig‘i keskin yomonlashib, uzoq vaqt shifoxonada davolangan O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston elchixonasi Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda Fransiyada qiyin vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosining mamlakatga qaytishiga amaliy yordam ko‘rsatgan.
Fuqaro Sh.A. Yevropaga yuk avtomobili haydovchisi sifatida mehnat faoliyatini olib borish uchun borgan. U Fransiyada bo‘lib turgan paytida sog‘lig‘i keskin yomonlashib, Tur shahridagi shifoxonaga yotqizilgan va u yerda uzoq vaqt davolangan.
U shifoxonada bo‘lgan vaqtda O‘zbekistonning Fransiyadagi diplomatik missiyasi fuqaro hamda tibbiyot muassasasi bilan doimiy aloqa o‘rnatib, zarur ko‘mak ko‘rsatgan.
Ma’lum qilinishicha, uning sog‘lig‘i yaxshilangach, eson-omon O‘zbekistonga olib kelingan. U endilikda oilasi bag‘rida sog‘lig‘ini tiklab, keyingi muolajalarini davom ettiradi.
“O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi xorijdagi vatandoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mushkul vaziyatga tushib qolgan hamyurtlarga tezkor konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish borasidagi tizimli ishlarni davom ettirmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning janubida mehnat faoliyati davomida og‘ir jarohat olgan o‘zbekistonlik fuqaro D.U. mamlakatga qaytarilgandi.
Live
Barchasi