Ekovazirlik Toshkent viloyati havosi nega toza ekanini izohladi
Jamiyat
−
12 fevral
7721Joriy yil 7 fevral kuni Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi va Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Toshkent viloyatida atmosfera havosining ifloslanishi darajasini aniqlash, tahlil qilish va ularga nisbatan chora ko‘rish maqsadida o‘rganish o‘tkazilgan. Toshkent halqa avtomobil yo‘li bo‘ylab 9 ta nuqtadan havoning ifloslanishi bo‘yicha ko‘chma laboratoriya orqali tahlillar olingan.
Tahlil natijalariga ko‘ra, PM-2.5, 10 ifloslantiruvchi moddalar miqdori belgilangan me’yoridan ortiqcha tashlanayotgani holati aniqlanmagan. Bu xabar esa internet foydalanuvchilari o‘rtasida muhokama va tanqidlarga sabab bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyatida atmosfera havosining ifloslanishi monitoringi aks etgan videolavhada o‘lchash uskunasi PM-2,5 bo‘yicha bir martalik 0,209 mg/m3 ni ko‘rsatgan. Mutaxassislar tomonidan aynan ushbu hudud uchun o‘rtacha bir kunlik ifloslanish darajasini aniqlash maqsadida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) tavsiyalari bo‘yicha kun davomida bir necha bor o‘lchov ishlari amalga oshirilgan. Hududdagi aksariyat issiqxonalar Toshkent issiqlik elektrostansiyasidan hosil bo‘ladigan issiq suv orqali isitish tizimidan foydalangani sababli, kunlik lokal ifloslanish darajasi belgilangan me’yorlardan oshmagani aniqlangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda atmosfera havosida PM-2,5 zarralarining belgilangan me’yoridan 40 marotaba ortgani to‘g‘risidagi xabarda hisoblash metodikalariga amal qilinmagan, ya’ni unda 209 mg/m3 – bir martalik me’yorni JSSTning havo sifati bo‘yicha tavsiyasining erishilishi mumkin bo‘lgan eng yuqori o‘rtacha yillik ko‘rsatkichga – 0.005 mg/m3 (5 mkg/m3)ga bo‘lish orqali hisoblangan.
“Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasida JSSTning havo sifati bo‘yicha global tavsiyalaridagi 1-oraliq maqsadlariga muvofiq 2023 yil 7 avgustdagi 0053-23-son Sanitariya qoidalari va normalari tasdiqlangan. Unga ko‘ra, (PM-2,5) bir martalak o‘lchash me’yori belgilanmagan, uning kunlik me’yori (0,06 mg/m3,) va yillik me’yori (0,035 mg/m3,) etib belgilangan”, deyiladi munosabatda.
Bildirilishicha, Toshkent viloyatida noyabr-fevral oylarida 607 ta issiqxona o‘rganilgan. Ulardan faqat 53 tasida chang-gaz tozalash filtrlari o‘rnatilgani (ular ham talabga javob bermaydigan (99,5 foiz) qo‘lbola usulda ishlab chiqarilgan bo‘lib, samaradorligi 60 foizdan oshmaydi), 199 tasida ekologik ekspertiza xulosalari olinmagani, 18 tasida ko‘mirdan tashqari rezina qoldiqlari, shox-shabbalar va boshqa chiqindilar yoqilganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar bo‘yicha issiqxonalarning 154 tasiga nisbatan qat’iy jazo choralari ko‘rilgan, jumladan, 95 tasi faoliyati to‘xtatilgan va 49 tasiga ma’muriy jarima qo‘llanilgan, 376 tasiga ekologik talablarga rioya etilishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.
LiveBarchasi