Bosh prokuratura “75 lar xati” ishi bo‘yicha hukm ustidan apellyatsiya kiritdi

Olam

image

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi Bishkek shahrining Birinchi may tuman sudi tomonidan “75 lar xati” ishi yuzasidan chiqarilgan hukm ustidan apellyatsiya shikoyati kiritdi. Bu haqda mamlakat Bosh prokuraturasi xabar qildi.

Idora ma’lumotiga ko‘ra, apellyatsiya taqdimnomasi Qirg‘iziston Jinoyat-protsessual kodeksining 397-moddasiga muvofiq davlat ayblovchilari tomonidan sudga kiritilgan. Prokuratura hukmning qaysi qismi o‘zgartirilishini so‘rayotganiga aniqlik kiritmagan.

Mazkur ish bo‘yicha Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev, Jogorku Keneshning sobiq spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li, sobiq bosh prokuror Qurmanqul Zulushev, shuningdek siyosatchilar Bekbolot Talg‘arbekov, Ali Qarashev, Ernis Uzoqboyev, Qursan Asanov va Qurmanbek Diykanboyev javobgar sifatida qatnashgan.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyi boshida Bishkekning Birinchi may tuman sudi mazkur ish bo‘yicha hukm chiqargan edi. Sud Qamchibek Tashiyev, Qurmanqul Zulushev, Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li hamda murojaatni imzolagan yana besh nafar shaxsni hokimiyatni zo‘rlik bilan egallashga tayyorgarlik ko‘rishda aybdor deb topgan.

Ularning har biriga 4 yil ozodlikdan mahrum etish va mol-mulkni musodara qilish jazosi tayinlangan. Biroq sud ushbu jazoni 3 yillik probatsiya nazorati bilan almashtirgan.

Keyinroq esa Qamchibek Tashiyevning advokati ham “75 lar xati” ishi bo‘yicha chiqarilgan hukm ustidan apellyatsiya shikoyati bergan.

Tashiyev iste’fosi

Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.

Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi. 

2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.

Japarov va Tashiyev tandemi

Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.

Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.

2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.

Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.

So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing