Boltiq dengizida ketma-ket 3-kabel uzilishi sodir bo‘ldi
Olam
−
21 fevral
6274Shvetsiyaga tegishli Gotland oroli yaqinida Boltiq dengizida yana bir kabel uzilishi yuz berdi. Bu haqda qirollik qirg‘oq qo‘riqlash xizmati bayonot berdi.
Qayd etilishicha, Finlyandiyaning Cinia telekommunikatsiya kompaniyasi ushbu kabel C-Lion1 ma’lumot uzatish liniyasi bo‘lib, Finlyandiya va Germaniya o‘rtasida joylashganini tasdiqladi. Ushbu kabel o‘tgan yili 25 dekabr va 18 noyabr kunlari ham boshqa joylarda shikastlangan edi. Yangi hodisa yuzasidan Markaziy kriminal politsiya hamda prokuratura tergov boshlagan.
Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson mazkur vaziyatdan xabardor ekanini bildirar ekan, bu masala bilan shug‘ullanayotgan mutasaddi idoralar hukumatni doimiy ravishda xabardor qilib borayotganini aytgan.
“Biz Boltiq dengizida infratuzilmaning ehtimoliy shikastlanishi bilan bog‘liq har qanday xabarni juda jiddiy qabul qilamiz. Oldin ham ta’kidlaganimdek, bunday holatlar jiddiy xavfsizlik sharoitida ko‘rib chiqilishi lozim”, deydi Kristersson.
C-Lion1 kabelining 18 noyabr kungi shikastlanishida Yi Peng 3 nomli Xitoy kemasiga shubha bildirilgan edi. Aynan shu yuk kemasi Litva va Shvetsiya o‘rtasidagi BCS East-West Interlink (18 noyabr) va NordBalt (14 yanvar) ostki telekommunikatsiya liniyalari uzilishida ham gumon qilinmoqda. Xitoy kemalar reyestriga ko‘ra, Yi Peng Ningbo Yipeng Shipping kompaniyasiga tegishli. Marinetraffic xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, kemaning harakati kuzatilgan bo‘lib, u kuzda O‘rtayer dengizini tark etib, Boltiq dengizi orqali Rossiyaga yo‘l olgan. Keyin kema Leningrad viloyatidagi Ust-Luga portida to‘xtagan va 11 noyabrda o‘g‘itlar ortilgan holda ortga qaytgan.
17 va 18 noyabr kunlari kabel uzilgan joylarda aynan “Yi Peng” kemasi bo‘lgan. Shundan so‘ng, bu kema to‘xtatilib, NATO harbiy kemalari tomonidan Daniya suv hududida bir oy davomida qamalgan. Biroq 20 dekabr kuni Xitoy tomonidan bort inspeksiyasi o‘tkazilgach, Germaniya, Finlyandiya, Daniya va Shvetsiya vakillari ishtirokida unga dengizga qaytadan chiqishga ruxsat berilgan. 14 yanvar kuni esa NordBalt kabelining shikastlanishida yana shu kema gumon qilingan.
20 fevral kuni yuz bergan yangi kabel uzilishi yil boshidan beri uchinchi hodisa bo‘lib, 14 yanvarda NATO mamlakatlari Baltic Sentry operatsiyasi doirasida Boltiq dengizi va havo hududida patrullashni kuchaytirganiga qaramay yuz berdi. NordBalt hodisasidan 12 kun o‘tib, 26 yanvar kuni Latviya va Shvetsiya Venspils va Gotland o‘rtasidagi optik tolali kabelning zarar ko‘rganini e’lon qilgan edi.
Bu voqea bo‘yicha tergov davomida Malta bayrog‘i ostida harakatlangan, Bolgariyaning Navigation Maritime Bulgare kompaniyasiga tegishli “Vezhen” kemasi hibsga olingan. U Leningrad viloyatidagi Ust-Luga portidan Janubiy Amerikaga o‘g‘it olib ketayotgan bo‘lgan. Keyinchalik Shvetsiya tergovchilari bu kema kuchli bo‘ron tufayli kabelni tasodifan shikastlaganini aniqlagan. Shuningdek, “Vezhen” kemasi Gonkongda ro‘yxatdan o‘tgan Hai Kuo Shipping 2015B kompaniyasidan ijaraga olingani, bu kompaniya esa Xitoyning yirik davlat banki ICBC (Industrial and Commercial Bank of China) lizing bo‘limi tomonidan boshqarilishi ham aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Finlandiya poytaxti Helsinkida o‘tkazilgan matbuot anjumanida NATO a’zo davlatlarining suvosti infratuzilmasini himoya qilish maqsadida Boltiq dengizida yangi patrul operatsiyasini ishga tushganini ma’lum qilgan edi. Ushbu missiya doirasida fregatlar va dengiz patrul samolyotlari jalb qilingan.
LiveBarchasi
20 mart
Temu O‘zbekistonda bloklandi.
20 mart
Trenddagilar

