Beg‘araz yordam. Xitoy Markaziy Osiyoga $500 mln beradi
Olam
−
26 yanvar 2022
9045Yaqin uch yilda Xitoy Markaziy Osiyo davlatlari — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonga 500 million dollar miqdorida beg‘araz yordam beradi. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin ma’lum qildi.
Kecha, 25 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” onlayn sammiti chog‘ida Xitoy rahbari bu mablag‘ “ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun” mo‘ljallanganini aytgan.
“Bundan tashqari, Xitoy Markaziy Osiyo mamlakatlariga 50 million doza koronavirusga qarshi vaksinani xayriya qiladi va talabalar ta’limi uchun 1200 kvota ajratadi”, degan Si Szinpin sammit chog‘ida.
Ta’kidlanishicha, keyingi besh yil ichida Xitoy Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan talabalarga hukumat stipendiyalari uchun 1200 kvota ajratadi. Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqa davlatlari yangi Konfutsiy institutlarini ochish va mavjudlarini kengaytirish bo‘yicha ustuvor sheriklarga aylanadi. Yoshlar san’at festivali, “Kelajak sari ko‘prik” yosh yetakchilar oromgohi kabi tadbirlar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.
“Turizm sohasida hamkorlikni oshirish muhim. Xitoy sayyohlik resurslarini taqdim etish uchun platforma yaratishga va bundan buyon barcha mamlakatlaringizni chiqish turizmi mamlakatlari ro‘yxatiga kiritishga tayyor”, degan Xitoy rahbari.
Si Szinpin shuningdek, 2022 yilda Xitoy mintaqa mamlakatlariga 50 million dozada koronavirus vaksinasini xayriya qilishini va muhtoj mamlakatlarda an’anaviy Xitoy tibbiyoti markazlarini ochishini aytgan. U Xitoy-Markaziy Osiyo sog‘liqni saqlash sanoati ittifoqini tashkil etishga chaqirgan.
“Biz Xitoyning ulkan ichki bozoriga Markaziy Osiyoning yuqori sifatli tovarlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga keng yo‘l ochishga, Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik forumini o‘tkazish bo‘yicha muvaffaqiyatli amaliyotni davom ettirishga tayyormiz. Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 2030 yilga borib 70 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha harakat qilinadi”, degan u.
Si Szinpinga ko‘ra, davom etayotgan pandemiya sharoitida Xitoy mintaqa davlatlari bilan yo‘lovchi qatnovlarini bosqichma-bosqich tiklaydi, odamlar harakatlanishi uchun “ekspress yo‘lak”ni shakllantiradi va yuk oqimlari uchun “yashil yo‘laklar” faoliyatini yaxshilaydi.
“Neft va gaz quvurlarining barqaror ishlashini ta’minlash, Xitoy-Markaziy Osiyo gaz quvurining to‘rtinchi liniyasi qurilishini jadallashtirish, barcha ishlab chiqarish zanjirlari bo‘ylab energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va energetika sohasida past uglerodli transformatsiyani rag‘batlantirish muhim ahamiyatga ega. Mamlakatlarimiz xalqlari ilg‘or texnologiyalar afzalliklaridan bahramand bo‘lishi uchun biz yuqori texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar, bulutli hisoblash sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishimiz kerak”, degan u.
Avvalroq, Xitoy Xalq Respublikasi yanvar oyida yuz bergan tartibsizliklardan zarar ko‘rgan Qozog‘istonni qo‘llab-quvvatlash va yordam berishga tayyorligi aytilgandi.
LiveBarchasi