Arab dengizida Hindiston va Pokiston harbiy kemalari to‘qnashdi
Olam
−
17:23 1347 1 daqiqa
Hindiston harbiy kemasi Pokiston harbiy kemasi bilan xalqaro suvlarda to‘qnashib ketdi. Bu haqda “Reuters“ xabar berdi
Qayd etilishicha, hodisa kecha, 15 sentyabr kuni Arab dengizining shimoliy qismidagi xalqaro suvlarda yuz bergan. Hindiston manbalariga ko‘ra, muntazam kuzatuv missiyasida bo‘lgan hind harbiy kemasiga Pokiston harbiy kemasi yuqori tezlikda yaqinlashgan va oqibatda kemalar to‘qnashib ketgan.
To‘qnashuv tufayli jiddiy zarar qayd etilmagan. Biroq Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Pokiston harbiy-dengiz kuchlari bo‘linmalarining xatti-harakatlarini qabul qilib bo‘lmaydigan va noprofessional deb baholagan.
Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Pokistonning muvaqqat ishlar vakilini chaqirib, unga tegishli harbiy bo‘linmalarga hodisaga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarur ehtiyot choralarini ko‘rish hamda ikki davlat o‘rtasidagi tegishli kelishuvlarga rioya qilish zarurligini yetkazishni so‘ragan.
Shuningdek, Hindistonning Islomoboddagi yuqori martabali diplomati ham Pokiston Tashqi ishlar vazirligiga xuddi shunday norozilik bildirish uchun ko‘rsatma olgan.
Tomonlar o‘rtasida 1991 yilda imzolangan kelishuvga ko‘ra, xalqaro suvlarda har ikki davlatning harbiy kemalari va suvosti kemalari ehtimoliy to‘qnashuvlarning oldini olish uchun bir-biridan kamida uch dengiz mili masofada bo‘lishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Air India aviakompaniyasi uchuvchisi samolyoti qisqa muddatga Pokiston havo hududiga kirib qolganidan so‘ng parvozlardan chetlatilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi