Ahmedovning murojaati ortidan “O‘zbekfilm”ning 1 mlrd so‘mlik qarzi qoplandi
Jamiyat
−
10:26 2268 2 daqiqa
“O‘zbekfilm”ning 1 mlrd so‘mdan ortiq soliq qarzi yopilib, 12 ta avtomobili qaytarildi. Biroq kinostudiyaning gardanida hali 3 mlrd so‘mlik ish haqi qarzi va 22 mln yevro kredit majburiyati qolmoqda. Bu haqda Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari – Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “O‘zbekfilm”ning 1 mlrd so‘mdan ortiq soliq qarzi to‘liq qoplangan. Qarz aynan qaysi pullar evaziga va qanday shartlar asosida qoplangani esa ochiqlanmagan.
Shuningdek, auksionga qo‘yilishi arafasida turgan 12 ta avtomobil ham kinostudiya ixtiyoriga qaytarilgan.
Ahmedovga ko‘ra, hozirda xodimlarning to‘planib qolgan 3 mlrd so‘mdan ortiq ish haqi qarzdorligini qoplash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Kinostudiya oldidagi eng katta masala esa 22 mln yevro miqdoridagi kredit majburiyatini hal etish hisoblanadi.
Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari “O‘zbekfilm”ni o‘zining 10 gektarlik yer maydoni bilan birga garovdan ozod qilish hamda kredit majburiyatini hal etish bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ish olib borilayotganini bildirgan.
“O‘zbekfilm” inqirozning emas, milliy kinematografiyaning ramzi bo‘lishi kerak”, deydi Ahmedov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zbekfilm”ning 22,9 million yevro miqdorida kredit majburiyati va 1 milliard so‘mdan ortiq soliqdan qarzi borligi ma’lum bo‘lgan edi.
Live
Barchasi