90 ta xorijiy bank kartasi orqali jinoiy daromadlar yuvilgani aniqlandi
3-sahifa
−
29 iyul 3290 2 daqiqa
O‘zbekistonda chet elliklarning 90 ta bank kartasi orqali jinoiy daromadlar legallashtirilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, “HST”, “VEK” va “RBMT” MCHJ mansabdor shaxslari hamda boshqa shaxslar Telegram’dagi xalqaro “Tesla shop” guruhi nazoratidagi 58 ta bot orqali sotilgan narkotik va psixotrop moddalar uchun tushgan 20,9 milliard so‘m mablag‘ni O‘zbekiston banklarida 14 nafar xorijiy fuqaro nomiga ochilgan 90 ta soxta (drop) kartaga o‘tkazgan.
Tergovga ko‘ra, mablag‘larning 8 milliard so‘mi “Paynet” xizmatlarini ko‘rsatuvchi “HST” va “VEK” MCHJlariga, yana 4,7 milliard so‘mi esa “CP” kripto-do‘koniga o‘tkazilgan. Shundan so‘ng, ushbu mablag‘lar kompaniyalarning hisob raqamlariga yo‘naltirilib, ular orqali aholiga 621,2 milliard so‘mlik Paynet xizmatlari ko‘rsatilgan. Oqibatda 90,3 milliard so‘m miqdoridagi soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash holati aniqlangan.
Bundan tashqari, noqonuniy faoliyatdan olingan daromadlar hisobidan 50,5 million AQSH dollari miqdorida noqonuniy kriptoaktivlar aylanmasi amalga oshirilgan. Shundan 2,4 million dollar qiymatidagi kriptoaktivlar 14 nafar xorijlikning valyuta hisob raqamlariga o‘tkazilib, jinoiy daromadlarni legallashtirishga urinish holati qayd etilgan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda Telegram orqali giyohvandlik vositalarini tarqatishda gumon qilingan shaxs qo‘lga olinib, unda 50 ming AQSH dollariga yaqin kripto-aktivlar borligi aniqlangandi.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust