5 yilda energiya iste’moli 1,5 barobar oshdi
Jamiyat
−
16:29 602 2 daqiqa
Yangiyo‘l tumanida 2 mingdan ortiq elektr va 5 mingdan ziyod gaz hisoblagichi ma’lumot uzatmayotgani, debitor qarzdorlik esa yuzlab milliard so‘mga yetgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda bugun, 27 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika sohasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida so‘z yuritildi.
Prezidentning ta’kidlashicha, joylarda ishlarni qanday tashkil etish kerakligi Yangiyo‘l tumani misolida ko‘rsatib berilgan.
Qayd etilishicha, tumanda 1 400 kilometr elektr tarmog‘i va 422 ta transformator mavjud. So‘nggi besh yilda aholining elektr iste’moli 68 million kilovatt-soatdan 102 million kilovatt-soatga, ya’ni 1,5 barobarga oshgan. Biroq shu davr ichida atigi 60 ta transformator va 240 kilometr elektr tarmog‘i yangilangan.
Oqibatda yil boshidan buyon elektr tarmoqlarida yo‘qotishlar 30 million kilovatt-soatga yetgan, 37 ta avariya sodir bo‘lgan.
Shuningdek, tumandagi qarzdorlik holati ham tanqid ostiga olindi. Qayd etilishicha, debitor qarzdorlik 43 milliard so‘mga yetgan bo‘lib, shundan 9,4 milliard so‘mi noreal qarz sifatida baholangan.
Bundan tashqari, 829 nafar iste’molchining elektr hisoblagichi ASKUE tizimiga mos kelmasligi, yana 2 mingta hisoblagich esa umuman ma’lumot uzatmayotgani qayd etildi.
Shu bilan birga, soliq organlariga “nol” hisobot topshirgan 48 ta korxona olti oy davomida 871 ming kilovatt-soat elektr energiyasi iste’mol qilgani aniqlangan.
Gaz ta’minotida ham shunga o‘xshash holat kuzatilgani aytildi. Xususan, 5 mingdan ortiq gaz hisoblagichi ma’lumot uzatmayotgani oqibatida gaz bo‘yicha debitor qarzdorlik 188 milliard so‘mga yetgan.
Live
Barchasi