MIB buzdi, hokimiyat quradi

Jamiyat

Reklama
0:00

Surxondaryoda fuqaroni qaqshatib, uning uyi buzib tashlangani aytildi. Bu noqonuniy harakatmidi yoki?

Vaziyat yuzasidan e’tirozli fikrlar tarmoqlarda ko‘paygach, Surxondaryo hokimi shaxsan fuqaro bilan uchrashdi.

Rasmiy munosabatda bu buzdi-buzdiga noqonuniy qurilish sabab bo‘lgani aytildi. Ammo tarmoqlarda kadastr hujjatlari mavjudligi aks etgan rasmlar tarqaldi. Kim haq?

Ushbu maqolada shu mavzuni oxiriga yetishga harakat qilamiz.

Joriy yil 8 avgustdan boshlab “fuqaroni qaqshatib uyini buzib yuborishdi” degan mazmundagi izohlar bilan videolar tarqala boshladi. QALAMPIR.UZ aniqlagan ma’lumotga ko‘ra, muhokamalar markazidagi ushbu manzil: Surxondaryo viloyati, Denov tumani, Chuqurqishloq mahallasi, 69-xonadon. MIBning viloyat boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, ushbu yer sug‘oriladigan maydon bo‘lib, fuqaro tomonidan noqonuniy egallangan!

“O‘rganishlar davomida ushbu holat Denov tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudining 2025 yil 29 dekabrdagi ijro hujjati asosida amalga oshirilgani aniqlangan. Sud hujjatiga ko‘ra, Denov tumani G‘alaba massivi, “Chuqurqishloq” mahallasidagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yer maydonining 0,20 gektar qismi o‘zboshimchalik bilan egallangan. Ushbu hududda qurilgan uy-joy va boshqa noqonuniy qurilmalarni buzish hamda yer maydonini asl holatiga keltirish belgilangan”, deyiladi xabarda.

Toshkentda xuddi Lolazor mahallasida bo‘lganidek ayrim “blatnoy” tadbirkorlar fuqarolar foydalanishi uchun ajratilgan yerlarni egallab olayotgani, New port loyihasi asoschilaridek odamlarning uyini buzib tashlayotgani, Olmazor tumanida kuzatilganidek o‘pirishlar, yerni o‘rab olishlar aholi noroziligiga sabab bo‘lsa, viloyatlarda yuqoridagi kabi fermer xo‘jaliklari yerlarida qurilish qilgan insonlar muammosi, fermerlar va aholi o‘rtasidagi janjallar ko‘p uchraydi. Bu ham bo‘lsa, hududlardagi huquq-tartibot idoralarining ishlari qanday tashkil etilganligi yoki Adliya kabi tuzilmalarning mana shunday masalalarni fuqarolarga qanday tushuntirib bera olishiga bog‘liq.

Surxondaryo viloyati MIB boshqarmasining ma’lum qilinishicha, Denov tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudining 2025 yil 29 dekabrdagi ijro hujjatiga ko‘ra, sug‘oriladigan yerdagi noqonuniy qurilmalarni buzish va yer maydonini asl holatiga keltirish belgilangan. Mazkur hujjat 2026 yil 24 yanvarda MIBning Denov tuman bo‘limiga kelib tushgan va ijro ishi qo‘zg‘atilgan. Ammo dastlab sud ajrimiga asosan ijro harakatlari muayyan muddatga to‘xtatilgan.

“Keyinchalik sud ko‘rsatmasiga muvofiq ushbu to‘xtatish bekor qilinib, ijro harakatlari davom ettirilgan. Qarzdorlar sud hujjati talablarini ixtiyoriy ravishda bajarmagani sababli joriy yilning 7 avgust kuni majburiy ijro harakatlari belgilangan. Bu haqda tegishli tashkilotlar ham xabardor qilingan. Oqibatda ijro hujjatida ko‘rsatilgan noqonuniy qurilmalar belgilangan tartibda buzilib, sud hujjati ijrosi to‘liq ta’minlangan”, deyiladi xabarda.

Qarzdorlar sud talabini ixtiyoriy ravishda bajarmagach, 2026 yil 7 avgust kuni majburiy ijro harakatlari o‘tkazilib, uy-joy to‘liq buzilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda aynan mana shu vaziyat aks etgan videolar tarqalgach, ushbu shov-shuvli hodisaga viloyat rahbari shaxsan aralashishga majbur bo‘ldi. Ulug‘bek Qosimov buzilgan xonadon egalari bilan uchrashdi. Hokim fuqaro bilan suhbatda qurilish tegishli hujjatlarsiz amalga oshirilganini ta’kidlagan.

“Sizning xatongiz hujjat qilmasdan qurilish qilganingiz. Qonunni buzganingiz, bu qonun buzilsa, hech kim hech kimni qo‘llay olmaydi“, degan Surxondaryo viloyati hokimi.

Jamoatchilikda eng ko‘p e’tiroz va savol tug‘dirgan yana bir jihat tarmoqlarda fuqaroga tegishli kadastr hujjatining rasmlari tarqalgani bo‘ldi.

"Kadastri bo‘lsa, qanday qilib noqonuniy bo‘ladi?" degan mantiqli savollar ko‘paydi.

O‘rganishlar davomida buzilgan turar joy fuqaroning kadastr hujjatlari mavjud bo‘lgan qonuniy yer maydoniga shunchaki tutash bo‘lgan, biroq amalda fermer xo‘jaligining dala maydoni hududida noqonuniy qurilgani aniqlangan. Bu viloyat hokimligi rasman e’lon qilgan xabar. Nizoli vaziyat ijtimoiy portlash darajasiga yetgach, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov o‘zi xonadon noqonuniy qurilgan bo‘lsa ham, bu shaklda buzilganidan norozi ekanini bildirib, hokimlarni noinsoflar dedi.

“Men bugun ko‘rib, to‘g‘risi rosa mana bu ijrochilardan ham jahlim chiqdi. Lekin bu noinsoflar biroz maslahat qilganda, biz sizga narigi tomondan uy qilib, keyin buni buzib tashlardik”, degan hokim Ulug‘bek Qosimov.

Yakunda esa voqea markazidagi fuqarolar qolib, kuzatuvchilarni ham xursand qiladigan yangilik aytildi.

“Sizga bir qonuniy joy topamiz, auksiondan o‘zingizga qilamiz, shoshilmasdan. 10-15 kun, 20 kun ketar, bir oy ketar. Chiroyli qilib, bitta vatan qilib, sizda ham ertaga egalik huquqi bo‘ladigan, bir meros qilib qoldiradigan, farzandlar bilan bemalol yashaydigan qilsak bo‘ladimi? Yordam beramiz. Bayramgacha, qo‘l tashlashib, kattaroq quruvchi qo‘yib, ishlarni tezlashtiramiz. Uyingiz buzilib ketgani ham bilinmaydigan qilib, tezroq tiklab beramiz“, degan viloyat hokimi.

Bu va’da shunchaki shov-shuvlarni tindirish uchun emas deb umid qilamiz. Shu sabab QALAMPIR.UZ jarayonni kuzatib boradi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing