Zilziladan so‘ng Afg‘onistondagi vaziyat qanday?
Olam
−
12 Sentabr 4934 2 daqiqa
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg‘oniston sharqida yuz bergan so‘nggi zilzilalardan keyin mamlakatga yordam hajmini kengaytirmoqda. 134 mingdan ortiq jabrlanganga yordam ko‘rsatish uchun 16,8 million dollar ajratishni shoshilinch ravishda so‘ramoqda. Bu haqda tashkilotning rasmiy sahifasida xabar berildi.
Odamlar uy-joy, chodir, ko‘rpa va zaruriy buyumlarga muhtoj. Shuningdek, aholiga tibbiy yordam, psixosotsial qo‘llab-quvvatlash, toza ichimlik suvi va gigiyena vositalari kerak. Ayollar va qizlar, ayniqsa ko‘proq xavf ostida, chunki ularda yakkalanish va xavfsiz joy topish imkoniyati yo‘q.
“Oilalar hammasidan ayrildi va endi ochiq havoda, uysiz, oziq-ovqatsiz va toza ichimlik suvisiz tunab qolmoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, qish yaqinlashgani sayin, agar zudlik bilan yordam ko‘rsatilmasa, ularning ahvoli yanada og‘irlashadi.
Afg‘oniston allaqachon jiddiy muammolar bilan yuzma-yuz kelgan: 2025 yilda Eron va Pokistondan 1,7 milliondan ortiq afg‘onistonlik qaytib kelgan, mamlakat iqtisodiy inqiroz girdobida. Zarur mablag‘lar ajratilmasa, millionlab odamlar yordamdan bebahra qoladi.
31 avgust kuni 6,0 magnitudali zilzila mamlakatga katta zarar yetkazgan. 4 sentyabrda esa 6,2 magnitudali ikkinchi zilzila ro‘y berib, yanada ko‘proq vayronagarchilik va ko‘chkilarni keltirib chiqargan, buning oqibatida asosiy yo‘llar yopilib qolgan.
9 sentyabr holatiga ko‘ra, 2100 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 3600 kishi yaralangan va qariyb yarim million odam jabrlangan. 7 mingga yaqin uy vayron bo‘lgan. Eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlar – Kunar va Nangarhor viloyatlari.
Maxsus xodimlar va hamkorlar 10 zarar ko‘rgan tumandagi 80 dan ortiq qishloqqa borgan. Yopilgan yo‘llar va vayron bo‘lgan infratuzilmalarga qaramay, tashkilotlar allaqachon Nangarhor va Kunar viloyatlarida 2000 ga yaqin oilaga favqulodda yordam ko‘rsatgan. Yaqin kunlarda esa yana 3000 ga yaqin oilaga yordam yetkazish uchun gumanitar karvonlar yuboriladi.
Mobil tibbiy brigadalar 1200 dan ortiq kishiga, jumladan jarohat olganlarga yordam ko‘rsatgan.
Qayd etilishicha, zilzila ta’sir qilgan viloyatlarda 3,7 millionga yaqin odam yashaydi. Ulardan 800 mingga yaqini – ichki ko‘chirilganlar yoki chet eldan qaytgan migrantlar bo‘lib, ular allaqachon og‘ir sharoitlarda hayot kechirayotgan edi. Qish kirishi bilan muntazam yordam ko‘rsatish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) Afg‘oniston uchun 22 million dollarlik, olti oylik yordam rejasini taqdim etgandi.
Live
Barchasi