Jokovich tennis tarixida noyob natijaga erishdi
Sport
−
20 yanvar 921 1 daqiqa
Kecha, 19 yanvar kuni dunyoning to‘rtinchi raketkasi Novak Jokovich Avstraliya ochiq chempionatidagi 100-uchrashuvida g‘alaba qozondi. Shu tariqa u tennis tarixida uchta “Katta dubulg‘a” turnirida – Avstraliya ochiq chempionatida (100 g‘alaba), “Rolan Garros”da (101) va Uimbldonda (102) 100 va undan ortiq g‘alabaga erishgan ilk tennischiga aylandi. Bu haqda “Optaace” xabar berdi.
Novak Jokovich 2026 yilgi Avstraliya ochiq chempionatining yakkalik bahslarida ikkinchi bosqichga yo‘l oldi. Serbiyalik tennischi musobaqaning birinchi bosqichida ispaniyalik Pedro Martinesni uch setda ishonchli tarzda 6/3, 6/2, 6/2 hisobida mag‘lub etib, “Australian Open”dagi 100-g‘alabasini nishonladi.
Avstraliya ochiq chempionatida eng ko‘p g‘alaba qayd etgan tennischi bo‘yicha rekord hozircha afsonaviy shveysariyalik Rojer Federerga tegishli. Uning hisobida ushbu musobaqada 102 ta g‘alaba mavjud. Agarda Jokovich turnirning chorak finaliga chiqadigan bo‘lsa, joriy yilning o‘zida yangi rekord o‘rnatishi mumkin.
Melburnda o‘tayotgan turnirning ikkinchi bosqichida 38 yoshli serbiyalik tennischi ATP reytingida 141-o‘rinda borayotgan italiyalik Franchesko Maestrelliga qarshi kortga chiqadi.
Ma’lumot uchun, Novak Jokovich Avstraliya ochiq chempionatida 10 marta g‘olib chiqqan bo‘lib, bu erkaklar o‘rtasidagi mutlaq rekord hisoblanadi. U shuningdek, faoliyati davomida jami 24 ta “Katta dubulg‘a” turniri chempionligini qo‘lga kiritgan.
Live
Barchasi