Jokovich faoliyatini yakunlashga yaqin qolganini aytdi

Sport

image

24 ta “Katta dubulg‘a” turniri g‘olibi, serbiyalik tennischi Novak Jokovich faoliyatini yakunlash lahzasiga har qachongidan ham yaqinroq ekanini aytdi. Bu haqda u Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan “Fanatics Fest” tadbirida ma’lum qildi.

“Men hali ham eng yuqori darajada raqobatlasha olishimni his qilyapman. Ammo faoliyatimni yakunlaydigan vaqt, shubhasiz, har qachongidan ham yaqinroq. Andre Agassi bir paytlar faoliyatining qachon tugashini bilmasligini, biroq bu sodir bo‘lganda hammasi juda tez yuz berishini aytgandi. Menimcha, u haq edi. Ba’zi sportchilar cho‘qqida turgan paytida ketishni istaydi, boshqalari esa tanasi endi yuklamalarga bardosh bera olmaganda. Yana shunday sportchilar ham borki, ular dunyoning eng kuchli o‘yinchilariga endi munosib qarshilik ko‘rsata olmasligini anglagach faoliyatini yakunlaydi. Men esa hozircha hali ham o‘ynay olayotganimdan zavqlanishga harakat qilyapman”, deydi Jokovich.

39 yoshli Jokovich ayni paytda Tennis bo‘yicha professional tennischilar assotsiatsiyasi (ATP) reytingida 7-o‘rinni egallab turibdi. U yakkalik bahslarida ATP tasnifidagi 101 ta turnirda g‘olib chiqqan, shundan 24 tasi “Katta dubulg‘a” musobaqalari bo‘lib, bu erkaklar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida mutlaq rekord hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, Jokovich 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlari chempioni, 2008 yilgi Olimpiada bronza medali sovrindori hamda 2010 yilgi Devis kubogi g‘olibi hisoblanadi. Shuningdek, u dunyoning birinchi raketkasi sifatida 428 hafta davomida yetakchilik qilgan mutlaq rekord sohibidir.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing