JKning yangi Prezidenti lavozimga kirishdi. U Shimoliy Koreya bilan muloqoti qanday bo‘lishini aytdi

Olam

image

Janubiy Koreyaning yangi saylangan Prezidenti Yun Sok Yol bugun, 10 may kuni rasman o‘z lavozimiga kirishdi. Prezident Janubiy Koreya Milliy Assambleyasi oldidagi maydonda 40 mingdan ortiq kishi, jumladan, xorijlik delegatlar ishtirokida qasamyod qabul qildi. 

Marosimda so‘zga chiqqan 61 yoshli Prezident Shimoliy Koreya bilan muloqot va bozor iqtisodiyoti mavzusiga to‘xtaldi. 

“Bizning avlodlarimiz oldidagi burchimiz – liberal demokratiya tamoyillari va farovon bozor iqtisodiyoti ta’minlangan mamlakatni barpo etishdir”, deydi Yun Sok Yol inauguratsiya chog‘ida. 

Davlat rahbari “erkinlik va barqaror tinchlik qadri”ga ham to‘xtalgan. 

Uning qayd etishicha, yangi hukumat Shimoliy Koreyadan kelayotgan tahdidlarni tinch yo‘l va muloqot orqali bartaraf etishga intiladi va tahdidga qaramay muloqotni davom ettiradi. 

“Shimoliy Koreyaning yadroviy qurol dasturlari nafaqat bizga, balki Shimoliy-Sharqiy Osiyo xavfsizligiga ham tahdid solmoqda. Shunga qaramay, bu tahdidni tinch yo‘l bilan bartaraf etish uchun muloqot oynasi ochiq qoladi”, deydi u. 

Marosimda AQSH vitse-prezidenti Kamala Xarrisning turmush o‘rtog‘i Dag Emxoff, Xitoy vitse-prezidenti Van Sishan, Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Xayasi Yosimasa va Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Xatoyama Yukio ishtirok etgan. 

Eslatib o‘tamiz, Koreya Respublikasida joriy yilning 9 mart kuni prezidentlik saylovi o‘tkazildi. Unda “Fuqarolik kuchi” yetakchi muxolifat partiyasi nomzodi Yun Sok Yol g‘alaba qozondi. 

Ovozlarning 98 foizi hisoblab chiqilgan, biroq Yolning asosiy raqibi, hukmron demokratik “Toburo” partiyasi nomzodi Li Chje Myon mag‘lubiyatini tan olgan. 

Janubiy Koreya Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, saylovchilarning 48,5 foizi Yolga, 47,8 foizi Myonga ovoz bergan. 

Yun Sok Yol 2027 yilgacha davlat rahbari vazifasini bajaruvchi sifatida ishlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya Yun Sok Yol'

Baholaganlar

145

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing