Jinsiy tajovuzga oid jinoyatlar tergovi ichki ishlardan prokuraturaga o‘tkaziladi
Jamiyat
−
04 mart 2042 2 daqiqa
Jinsiy tajovuzga oid jinoyatlar tergovi endilikda prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladi. Bu haqda kecha, 4 mart kuni qabul qilingan “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi Prezident farmonida so‘z boradi.
Unga muvofiq, endilikda Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov faqat prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladi:
- 118-modda — nomusga tegish;
- 119-modda — jinsiy ehtiyojni zo‘rlik bilan g‘ayritabiiy usulda qondirish;
- 121-modda — shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish;
- 128-modda — 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish;
- 128.1-modda — 16–18 yoshdagi shaxsni moddiy yoki boshqa tarzda manfaatdor qilib, jinsiy aloqaga jalb qilish;
- 129-modda — 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish.
Bundan tashqari, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan shahvoniy shilqimlik bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarliklar faqat prokuror tomonidan jinoyat alomatlari yo‘qligi to‘g‘risida qaror qabul qilgandan keyin sudga yuboriladi. Bu tartib jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmagan holatlarda noaniqlik va adolatsizlikka yo‘l qo‘ymaslikka yordam beradi.
Shuningdek, 2027 yil 1 yanvardan boshlab ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchilar tomonidan tergov qilinadi va sudyalar tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq pedofillarga nisbatan umrbod qamoq jazosi joriy etilayotgani va qonun loyihasi 3 oy muddatda ishlab chiqilishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi