“Jiddiy xavf”. Imomali Rahmon suv taqchilligidan xavotir bildirdi

Olam

image

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Markaziy Osiyo davlatlarini iqlim va suv bo‘yicha qo‘shma choralar ko‘rishga chaqirdi. Bu haqda u bugun, 22 aprel kuni Ostona shahrida o‘tkazilgan Mintaqaviy ekologik sammitda so‘z ochdi.

U nutqi davomida iqlim o‘zgarishi, ekotizimlar degradatsiyasi, suv resurslari taqchilligi va tabiiy ofatlar ham mintaqa, ham butun dunyo uchun jiddiy xavfga aylanayotgani, bu esa birgalikda harakat qilishni talab etishini qayd etgan.

Imomali Rahmon Tojikiston hududida Markaziy Osiyo suv resurslarining 60 foizigacha qismi shakllanishini qayd etib, mamlakat tog‘ ekotizimlarining mintaqani suv bilan ta’minlash va barqaror rivojlantirishdagi muhim roliga to‘xtalgan. Butun dunyoda kuchayib borayotgan muzliklarning jadal erishi jarayoniga alohida e’tibor qaratilgan. 

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bu suv balansining buzilishiga olib keladi, atrof-muhit uchun xavf tug‘diradi va suv bilan bog‘liq tabiiy ofatlar xavfini oshiradi.

Shuningdek, mintaqa mamlakatlarida aholi salomatligi va atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan chang bo‘ronlarining chastotasi va davomiyligi ortib borayotgan xavotirli tendensiya ekani qayd etilgan. Imomali Rahmon Tojikistonning “Dushanbe suv jarayoni” doirasida suv va iqlim sohasidagi global kun tartibini ilgari surish borasidagi doimiy sa’y-harakatlarini eslatib o‘tgan. Hozirda “Suv barqaror rivojlanish uchun” xalqaro harakatlar o‘n yilligi to‘g‘risidagi BMT rezolyutsiyasi faol amalga oshirilayotgani aytilgan.

Tojikiston rahbari 2025 yilda Dushanbeda Muzliklarni asrash xalqaro yili doirasida bo‘lib o‘tgan Birinchi xalqaro yuqori darajadagi konferensiyani kuchlarni birlashtirish va keyingi choralarni ko‘rish uchun samarali platforma deb atagan. Bundan tashqari, BMTning 2025-2034 yillarni Kriosfera fanlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha harakatlar o‘n yilligi deb e’lon qilish haqidagi rezolyutsiyasi qabul qilinishi, shuningdek, Jahon meteorologiya tashkiloti shafeligida Dushanbeda Markaziy Osiyo muzliklari va kriosferasini o‘rganish hamda monitoring qilish mintaqaviy markazining tashkil etilishi muhimligi ta’kidlangan.

Imomali Rahmon sammit ishtirokchilari e’tiborini iqlim o‘tishiga ko‘maklashishni rivojlanishning ustuvor yo‘nalishi sifatida qarash, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, energiya samaradorligini oshirish va past uglerodli iqtisodiyotni shakllantirish zarurligiga qaratgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, gidroenergetika va boshqa toza energiya manbalarini rivojlantirish Tojikiston uchun strategik ustuvor yo‘nalish hisoblanadi.

Shuningdek, chiqindilarni kamaytirish va investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun mintaqaviy uglerod bozorini bosqichma-bosqich shakllantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqligi bildirilgan.

Biologik resurslarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish ekologik muammolarni hal qilishning eng muhim shartlari ekani ta’kidlangan. Shu nuqtai nazardan, Tojikistonda 2040 yilgacha mamlakatni ko‘kalamzorlashtirish dasturi qabul qilingan. Bundan tashqari, tog‘ faunasining noyob va kamyob turlarini saqlab qolish bo‘yicha davlat dasturlari va loyihalari amalga oshirilmoqda.

“Bizning ushbu va boshqa sa’y-harakatlarimiz tabiiy yashash muhitini himoya qilish va tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishni ta’minlashga qaratilgan”, deydi Imomali Rahmon.

Mintaqaviy ekologik hamkorlik samaradorligini oshirish maqsadida uning tarkibiy mexanizmlarini rivojlantirish va xalqaro maydonda kelishilgan pozitsiyalarni ishlab chiqish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan. Bu borada Dushanbeda tashkil etilgan Chiqindilarni boshqarish bo‘yicha mintaqaviy markazning ahamiyati ham qayd etilgan.

Imomali Rahmon Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy manfaatlarini xalqaro darajada ilgari surishga qaratilgan Tojikistonning global tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanayotganini ta’kidlagan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Ostonada o‘tayotgan Mintaqaviy ekologik sammitda “Markaziy Osiyoning toza havosi” davlatlararo konsorsiumini ta’sis etishni taklif qilgan edi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti yana 7 ta aniq taklifni ilgari surdi.

Shuningdek, mazkur sammit doirasida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Kaspiy dengizida har qanday harbiy qurol qo‘llashni istisno qilish va taqiqlashga chaqirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Imomali Rahmon suv taqchilligi ekologik sammit

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing