JCH-2026 favoritlari taxmin qilindi. Ro‘yxatda O‘zbekiston ham bor
Sport
−
12 Sentabr 2025 20156 2 daqiqa
2026 yilgi jahon chempionatiga yo‘llanma olgan milliy jamoalarning mundialdagi imkoniyati tahlil qilib chiqildi. “Goal” nashri talqiniga ko‘ra, turnirning ilk ishtirokchisi hisoblangan O‘zbekiston milliy terma jamoasi favoritlar reytingida 25-o‘rindan joy olgan.
Nashr mezbonlar uchligi, yo‘llanmani qo‘lga kiritganlar va FIFA'ning so‘nggi reytingiga ko‘ra dunyodagi kuchli 16 ta jamoaning imkoniyatlarini tahlil qilgan.
“O‘zbekiston nihoyat kelasi yozda ilk marta jahon chempionati final bosqichida qatnashadi. Ular uchun saralash yo‘li anchagina og‘ir kechdi. Yanvar oyida bosh murabbiy Srechko Katanets kasallik sabab lavozimdan ketishga majbur bo‘ldi. Biroq milliy terma jamoaning sobiq yarimhimoyachisi Temur Kapadze sloveniyalik murabbiy boshlab bergan ishni oxiriga yetkazib, 5 iyun kuni BAAga qarshi juda og‘ir kechgan 0:0 hisobidagi durang bilan “A” guruhida dastlabki ikki o‘rindan birini kafolatladi. Bu natija bilan jamoadagi ishonch yanada ortadi – chunki so‘nggi 10 ta o‘yinning 7 tasida darvoza daxlsizligi saqlanib qolindi – dushanba kuni finalda Eronni 1:0 hisobida mag‘lub etib, CAFA Nations Cup-2025 sovrindori bo‘lishdi. Demak, O‘zbekistonning judayam kam imkoniyatlari bor bo‘lsa-da, pley-off bosqichiga chiqish orzusi mustahkam himoyaga bog‘liq. Bu yerda esa “Manchester Siti” markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov yetakchilik qiladi. Shunga qo‘shimcha, hujumda ham yetakchi bor: sardor Eldor Shomurodov “Roma” klubi futbolchisi bo‘lib, hozirda “Istanbul Bashakshehir”da to‘p surmoqda. Shuningdek, bu yetakchilar safiga jamoani olg‘a boshlay oladigan 21 yoshli serqirra yarimhimoyachi Abbosbek Fayzullayev ham qo‘shildi”, deydi nashr O‘zbekiston terma jamoasi haqidagi ma’lumotda.
Nashr talqiniga ko‘ra, Ispaniya milliy jamoasi JCH-2026 favoriti sifatida ko‘rsatilgan. Argentina va Angliya uchlikdan joy olgan bo‘lsa, Portugaliya, Fransiya, Germaniya, Niderlandiya, Braziliya, Marokash va Ekvador favoritlar top-10 taligidan joy olgan. Osiyo jamoalari orasida Janubiy Koreya va Yaponiyaning imkoniyati yuqori baholangan bo‘lib, ular 11 va 12-o‘rinda qayd etilgan. CAFA finalida O‘zbekistonga mag‘lub bo‘lgan Eronning imkoniyati ham yaxshiroq baholanmoqda – 22-o‘rin. Iordaniya esa 26-o‘rin bilan O‘zbekiston milliy jamoasidan keyingi o‘rinni egallagan.
Shuningdek, Urugvay (13), Xorvatiya (14), Belgiya (15), Kolumbiya (16), Italiya (17), Meksika (18), Paragvay (19), Kanada (20), Avstraliya (21), AQSH (23), Tunis (24) va Yangi Zelandiya (27) ham reytingdan joy olgan.
Ma’lumot uchun, JCH-2026 kelasi yilning 11 iyunidan 19 iyuliga qadar AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadi.