Jarimakash rahbarlar, bojshunos Tramp va Ukrainaning hujumi — Weekend

Tahlil

Reklama
0:00

Urush qimmat narsa. Cho‘ntagi ko‘targan jangga kirsin. Ammo dunyoning birinchi raqamli iqtisodi sanaluvchi AQSH uchun ham Eron bilan bo‘layotgan mojarolar og‘irlik qilmoqda. Mudofaa vaziri Pit Xegset harbiy harakatlarni davom ettirish uchun yana pul so‘rab Kongressga yuzlandi.

Sharqiy Yevropada ham vaziyat yaxshi emas. Ukraina urushni yangi bosqichga olib chiqdi. Bugun O‘zbekistonda ham tez yoyilib borayotgan Wildberries’ning Rossiyadagi omborlari yangi nishonlarga aylanmoqda. Urush-ku o‘z yo‘liga, lekin birovlarning ro‘zg‘orini tebratishga yordam berayotgan onlayn do‘konda nima ayb?

Avvaliga Kanada, endi butun dunyo. 10 foizlik bojlarning muddati tugadi, ammo Tramp janoblari o‘rniga yangilarini joriy qilmoqda. Majburiy mehnat vaji bilan joriy etilayotgan yangi bojlar kimlarga yo‘naltirilgan?

O‘zbekiston o‘tgan yarim yilda nimalarga erishdi? Prezident ishtirokidagi videoselektorda hammasi ochiqlandi. Ishini eplay olmayotganlar tanqid qilindi, kerak bo‘lsa ishdan olindi.

Shu va shu kabi yangiliklar bilan QALAMPIR.UZ’ning haftalik dayjestida gaplashamiz.

Urush uchun yana pul kerak

Tugashi qiyin bo‘lib ketgan Erondagi urush AQSHning “cho‘ntagini quritmoqda”. AQSH Mudofaa vazirligi (Pentagon) Eronga qarshi harbiy amaliyotlar boshlanganidan buyon urush xarajatlari kutilganidan ham keskin oshganini ma’lum qildi. Joriy yilning 21 iyul kuni AQSH Mudofaa vaziri Pit Xegset Kongressdagi tinglovda Vashingtonning Eronga qarshi olib borayotgan harbiy operatsiyalari hozirgacha 37,5 milliard dollarga tushganini ochiqladi. Shu bilan birga, Pentagon urushni davom ettirish, qo‘shinlarni ta’minlash va Yaqin Sharqdagi operatsiyalarni moliyalashtirish uchun Kongressdan yana 67,1 milliard dollar miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratishni so‘radi.

Xegsetning aytishicha, dastlab qisqa muddatli deb baholangan operatsiyalar cho‘zilib ketgani sababli, o‘q-dorilar, havo hujumidan mudofaa tizimlari, harbiy logistika va harbiy xizmatchilarni ta’minlash xarajatlari keskin ortgan. Pentagon hisob-kitoblariga ko‘ra, 37,5 milliard dollarlik sarf-xarajatlarning asosiy qismi havo hujumlari, dengizdagi operatsiyalar, raketa hujumlariga qarshi mudofaa hamda Fors ko‘rfazidagi AQSH kuchlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

Mudofaa vaziri Kongressdan so‘ralayotgan 67,1 milliard dollarlik qo‘shimcha paket urushni kengaytirish emas, balki mavjud operatsiyalarni uzluksiz davom ettirish va AQSH armiyasining jangovar tayyorgarligini saqlab qolish uchun zarur ekanini ta’kidladi. Pentagon vakillari ayrim yuqori aniqlikdagi raketalar, havo hujumidan mudofaa vositalari va boshqa strategik zaxiralar odatdagidan tezroq sarflanayotganini ham qayd etdi.

Ammo urushning iqtisodiy narxi oshgani sayin unga nisbatan AQSH ichkarisidagi siyosiy bosim ham kuchaymoqda. Demokratlar ma’muriyatni aniq strategiyasiz qimmat urush olib borayotganlikda tanqid qilayotgan bo‘lsa, Respublikachilar safida ham mojaroning cho‘zilishidan xavotir bildirayotganlar soni ortmoqda.

“Odamlar siz va bu ma’muriyatdan norozi bo‘lishining sababi – avval aytgan gaplaringiz bilan hozirgi bayonotlaringiz bir-biriga to‘g‘ri kelmayapti. Urush yo tugadi, yo tugamadi. Ikki hafta deysiz, keyin boshqacha deysiz. Raketalar bor deysiz, keyin yo‘q deysiz”, degan demokrat senator Kirsten Gillibrand.

Jamoatchilik fikri ham urush foydasiga emas. University of Maryland Critical Issues Poll va Ipsos tomonidan 17–20-iyul kunlari o‘tkazilgan, 1 019 nafar amerikalik ishtirok etgan so‘rov natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning aksariyati urush imkon qadar tezroq yakunlanishini istaydi. Respondentlarning atigi 15 foizi AQSH urushda g‘alaba qozonayotganini aytgan, qariyb 60 foizi esa mojaro AQSH manfaatlariga foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirayotganini bildirgan. Shuningdek, amerikaliklarning katta qismi Eronning yadroviy dasturi to‘liq to‘xtatilmagan taqdirda ham mojaroni diplomatik yo‘l bilan yakunlash tarafdori ekanini ma’lum qilgan.

Tabiiyki, fuqarolarning noroziligi o‘rinli. Urush uchun sarflanayotgan har bir o‘q-dori fuqarolar to‘layotgan soliqlardan sarflanadi. Bugun urush Pentagonning qariyb 1 trillion dollarlik byudjetiga jiddiy bosim o‘tkazmoqda.

Shunday qilib, Pentagon milliardlab dollar qo‘shimcha mablag‘ talab qilayotgan bir paytda, urushning siyosiy va iqtisodiy qiymati tobora amerikaliklarni xavotirga solmoqda.

Wildberries’da nima ayb?

Joriy haftada eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan voqealardan biri Rossiyadagi Wildberries omborlariga qilingan hujum bo‘ldi. Ilk hujum joriy yilning 18 iyuliga o‘tar kechasi Rossiyaning Tambov va Moskva viloyatlaridagi logistika markazlariga yo‘naltirilgan bo‘lsa, oradan 3 kun o‘tib Krasnodar va Nevinnomisskdagi omborlarga ham dron zarbarlari berildi. Natijada, o‘nga yaqin inson halok bo‘ldi va qariyb 50 kishi turli darajada jarohat olgan.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy hujumlar sababini izohlar ekan, bu ob’ektlarda dron ishlab chiqarish va navigatsiya uskunalarini saqlash uchun foydalanilgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.Tabiiyki ruslar buni rad etdi va Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kiyev rejimini terrorchilikda aybladi.

Elektrostal shahridagi logistika markazining maydoni 250 ming kvadrat metr, Tambov viloyatining Kotovsk shahridagi omborning maydoni esa 108 ming kvadrat metr bo‘lib, faqatgina shu ikki omborning o‘zi tarmoqning 6,5 foizidan 9 foizigacha bo‘lgan qismini tashkil qilgan. Ushbu omborlarda o‘z mahsulotlarini saqlab kelayotgan chakana savdogarlar umumiy hisobda 150 mlrd rubl zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Ammo Ukraina faqat shu bilan kifoyalanmadi. 23-iyuldan 24-iyulga o‘tar kechasi Sankt-Peterburg shahri va Leningrad viloyatidagi yana 2 ta Wildberries logistika markaziga hujum uyushtirildi. Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenkoning bildirishicha, Sankt-Peterburg yaqinidagi omborda 3 kishi o‘rtacha og‘irlikda jarohat olgan. Hozircha kompaniya va chakana savdogarlar qancha zarar ko‘rgani rasman e’lon qilinmadi. Ammo Data Insight yetakchi tahlilchisi Sergey Semkoning fikricha, faqatgina Leningrad viloyati va Sankt-Peterburgdagi Wildberries omborlariga qilingan hujumdan yetkazilgan zararni o‘zi 76 milliard rublni tashkil etishi mumkin. Bundan ko‘rinib turibdiki, umumiy zarar allaqachon 100 millarddan oshib ketgan.

Qizig‘i shundaki, WB biroz avval, 7 iyul sanasidan boshlab, uchuvchisiz apparatlar hujumi, raketa zarbalari yoki boshqa harbiy harakatlar oqibatida omborlarda shikastlangan yoki yo‘q qilingan mahsulotlar uchun sotuvchilarga kompensatsiya to‘lamasligini yangi oferta bilan rasmiylashtirgan edi. Biroq kompaniya asoschisi va bosh direktor Tatyana Kim vaziyatni yumshatish maqsadida kompaniya yangi shartnoma bo‘yicha harbiy harakatlar oqibatida zarar ko‘rgan mahsulotlarni qoplashga rasman majbur bo‘lmasa-da, sotuvchilarni yolg‘iz qoldirmasligini ma’lum qildi. Shundan so‘ng, 22 iyul kuni marketpleys egasi hujumlar oqibatida yo‘qotilgan tovarlar uchun sotuvchilarga kompensatsiya to‘lanishini e’lon qildi. Uning ta’kidlashicha, eng avvalo, soni 88 mingdan oshadigan eng kichik va himoyasiz tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanadi.

“Birinchi to‘lovlarni hatto eng kam tovar qoldig‘iga ega bo‘lgan sotuvchilar ham olishdi – shu orqali kompaniya birinchi bosqichdayoq jabrlangan tadbirkorlarning maksimal keng doirasiga yordam ko‘rsatdi”, deya xabar bergan kompaniya matbuot xizmati.

Biroq, barchaning zararini to‘liq qoplab berishga kompaniyaning moliyaviy holati yo‘l qo‘ymaydi. Wildberries’dagi manba birinchi transhlar “sotuvchilar barcha tovarni sotishdan ishlab topishi mumkin bo‘lgan summaning 10-15 foizini tashkil etishini” ma’lum qilgan. U bu kompaniya tomonidan amalga oshirilayotgan ixtiyoriy to‘lovlar ekanini qayd etgan.

Ammo, urush hali tugamaganini, Ukraina hali yana tarmoqning qator omborlariga hujum qilishini inobatga olsak, Tatyana opaning ham himmati chegarasiga yetib qolsa kerak.

Albatta, kuzatuvchilarimizdan biri izohlarda yozganidek, “tosh otgan insonga hech kim olma otmaydi”. Rossiya ham Ukrainaning hududlariga bostirib kirib, minglab insonlarni o‘ldirgan, yuzlab ob’ektlarni kulini ko‘kka sovurgan.

Biroq shuni unutmasligimiz kerakki, odam o‘ldirgan hech kim begunoh emas. Biz videolarimiz orqali falon davlat yaxshi, falon davlat yomon demoqchi emasmiz. Maqsadimiz sizga tasdiqlangan ma’lumotlarni yetkazish. Siyosatda aytishadi-ku, davlatlarni do‘stlari bo‘lmaydi, manfaatlari bo‘ladi deb. Biz ham kezi kelsa Zelenskiyni tanqid qilamiz, mavridi kelsa Putinni. Ammo Wildberries’da ishlayotgan, shu kabi onlayn do‘konlarda tovar sotib bola-chaqasini boqayotgan insonlarda ayb bo‘lmagani uchun bu safar Zelenskiyning qarorlarini tanqid qilishni ma’qul deb topdik.

AQSH dunyoga boj bilan hujum qildi

“Boj qiroli” qaytdi. AQSH Prezidenti Donald Tramp savdo siyosatidagi eng asosiy qurol – boj tariflaridan foydalanishni yana kuchaytirmoqda. Avval Kanadaga qarshi keskin choralar e’lon qilgan Oq uy endi dunyoning o‘nlab davlatlarini yangi tariflar bilan “siylamoqda”. Vashington bu qarorlarni “adolatli savdo” va “majburiy mehnatga qarshi kurash” bilan izohlasa-da, ko‘plab davlatlar buni iqtisodiy bosimning navbatdagi ko‘rinishi sifatida baholamoqda.

Boj urushining navbatdagi bosqichi Kanada bilan boshlandi. AQSH Kanada importining qariyb 20 milliard dollarlik qismiga 50 foizlik boj joriy etdi. Asosan po‘lat, alyuminiy va ayrim sanoat mahsulotlari yuqori tarif to‘sig‘iga uchradi. Tramp ma’muriyati bu qarorni AQSH ishlab chiqaruvchilarini himoya qilish va Kanada tomonidan amalga oshirilayotgan “adolatsiz savdo siyosati”ga javob sifatida izohladi. Ottava esa bunday choralarni ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik ruhiga zid deb atab, javob choralarini ko‘rib chiqishini bildirdi.

Ammo Tramp bu bilan to‘xtagani yo‘q. 24 iyuldan boshlab AQSH 80 dan ortiq davlat mahsulotlariga yangi boj tariflarini joriy etishini e’lon qildi. Yangi tartibga ko‘ra, ayrim davlatlar eksportiga 10 foiz, boshqalariga esa 12,5 foiz miqdorida boj qo‘llanadi. Tariflar AQSH importining qariyb 99 foizini qamrab olishi aytilmoqda.

Mazkur bojlar avvalgi 10 foizlik tariflarning amal qilish muddati yakunlanyotgani uchun e’lon qilinmoqda. Avvalgi bojlar 150 kun davomida ya’ni 24 fevraldan 24 iyulgacha amal qilishi belgilangan edi. Aynan shu muddat yakuniga yetayotgani sabab Tramp ma’muriyati 24 iyul kuni 1974-yilgi qonunning 301-moddasi asosida 80 dan ortiq davlat uchun yangi 10 va 12,5 foizlik tariflarni e’lon qildi. Oq uy yangi mexanizm avvalgisiga nisbatan huquqiy jihatdan mustahkamroq ekanini ta’kidlamoqda.

Oq uy tariflarni 1974 yildagi Savdo to‘g‘risidagi qonunning 301-moddasi asosida joriy qilayotganini bildirdi. Rasmiy Vashingtonning ta’kidlashicha, ayrim davlatlar majburiy mehnatga qarshi yetarli choralar ko‘rmayotgani sababli AQSH bozori himoya qilinishi lozim.

Biroq Trampning bu siyosati xalqaro maydonda kutilganidek tanqid va e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Yevropa Ittifoqi, Avstraliya, Braziliya va boshqa davlatlar bojlarning iqtisodiy emas, siyosiy vositaga aylanganini ta’kidlamoqda. Ayrim ekspertlar esa Vashington “majburiy mehnat” muammosini ro‘kach qilib, yoppasiga hammaga boj joriy etishi asossiz ekanligini bildirmoqda.

Ammo “it hurar, karvon o‘tar”, deb Tramp tog‘amiz o‘z bilganidan qolmayapti. Bir narsa aniqki, Tramp uchun boj tariflari endi shunchaki iqtisodiy instrument emas, balki tashqi siyosat va muzokaralardagi eng muhim bosim vositalaridan biriga aylanib ulgurdi.

Yarim yil sarhisobi

21 iyul kuni joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va yil yakunigacha qilinadigan ishlar muhokamasi yuzasidan davlat rahbari boshchiligida videoselektor bo‘lib o‘tdi. Yil boshidan beri mamlakat iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sgan. Sanoatda 8 foiz, xizmatlarda 16,9 foiz, qurilishda 13,8 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,7 foiz o‘sish kuzatilgan. Investitsiyalar hajmi 28 milliard dollarga, eksport 14,4 milliard dollarga yetgan. Ha, O‘zbekiston o‘tgan 6 oyda ancha-muncha narsaga erishishga ulgurdi.

Ammo, hali ham bir-ikki so‘m ilinjida tadbirkordan ishini bitirib berishni cho‘zib yurgan mas’ullar, “jarimakash” amaldorlar, chet ellarda elchi maqomida shunchaki “sayr qilib yurgan”lar, xalq qancha dod-voy qilsa ham qulog‘igacha “yog‘ bosgan” ba’zi rahbarlar ham yo‘q bo‘lib qolgani yo‘q. Videoselektorda aynan o‘shalar tanqid qilindi, hatto ishdan olindi.

Prezident tashabbusi bilan O‘zbekistonda ishlab chiqaruvchi va eksportchilar uchun to‘lov hamda yig‘imlar keskin kamaytirilishi belgilandi. Yig‘ilishda davlat rahbari odamlar biznes boshlab, eksportga chiqishi uchun barcha sharoitlar yaratilayotganini ta’kidlab, barcha vazir va tarmoq rahbarlariga bir haftada tizimdagi byurokratiya, jarima, to‘lov va yig‘imlarni keskin kamaytirish, biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflarni Prezident Administratsiyasiga kiritish vazifasi topshirildi.

Shuningdek, mahalliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dastur ishlab chiqilishi belgilandi. Qayd etilishicha, so‘nggi ikki yilda milliy brendlar uchun 15,5 milliard so‘mlik moliyaviy yordam ko‘rsatilgan. Lekin o‘z brendini ro‘yxatdan o‘tkazgan 309 ta mahalliy korxonaning uchdan biri haligacha eksportga chiqmagan. Ammo ayrim import mahsulotlari demping narxda yoki kontrafakt sifatida kirib kelayotgani mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani aytilib, mutasaddilarga ikki haftada mahalliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirilgan.

Bundan tashaqari, Bosh vazirga eksport yo‘nalishida o‘zgarish qilmagan 17 nafar hokimning lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqish topshirildi. Ma’lum qilinishicha, birinchi chorak yakunida sanoat rejasiga chiqmagan 13 ta tuman hokimi va eksportni kamaytirgan 15 ta tuman hokimi jazolangan. Ko‘pchilik hokimlar bundan xulosa chiqarib, olti oylik prognozlarni bajargan. Lekin ayrim tuman va shaharlarda sanoat o‘sishi sur’ati pasaygani qayd etilgan. Davlat rahbari to‘qqiz oy yakunida o‘zgarish bo‘lmasa, viloyat hokimi o‘rinbosarlariga nisbatan ham qat’iy chora ko‘rilishini ta’kidladi.

Yana bir muhim masala, inflyatsiyani jilovlash va bozorlardagi go‘sht narxini barqaror saqlash bo‘ldi. Yig‘ilishda iqtisodiy barqarorlik uchun eng muhim masalalardan biri – inflyatsiya masalasi ekanligi aytilib, davlat rahbari bozorda tovar va xizmatlar taklifini ko‘paytirish orqali inflyatsiyani jilovlash vazifasi qo‘yilganini eslatgan. Shuningdek, yil boshida viloyatlar oldiga yanvar-iyun yakunlari bo‘yicha inflyatsiyani 3 foizdan oshirmaslik vazifasi qo‘yilgan edi. Biroq Samarqand viloyatidan tashqari birorta hudud bu ko‘rsatkichga erisha olmadi. 2026 yilning aprel-iyun oylarida O‘zbekistonda go‘sht narxi 6–8 foizga oshgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, go‘sht narxining oshishi iste’mol narxlari indeksiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. 2026 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston 481,7 million dollarlik go‘sht va go‘sht mahsulotlarini import qilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 42,2 foiz yoki 142,9 million dollarga ko‘p degani. Raqamlar mahalliy chorva yetarli bo‘lmayotganini, ichki talabning import hisobidan qoplanayotganini ko‘rsatmoqda.

Mamlakatga go‘sht olib kirishning bunday o‘sishiga qishloq xo‘jaligi aholisini ro‘yxatga olish yakunlariga ko‘ra, chorva mahsulotlarining kam chiqqanligi sabab bo‘lgan. Unga ko‘ra, yirik shoxli qoramollar soni avvalgi statistikadan 2,1 million boshga kam bo‘lib, amalda 12,23 million boshni tashkil etmoqda. Qo‘y va echkilar soni esa 1,5 million boshga kamayib, qo‘ylar – 20,3 million, echkilar – 2,8 million bosh etib qayd etilgan.

Narxlarni jilovlash maqsadida hukumat joriy yilning bahorida go‘sht importini rag‘batlantirish bo‘yicha qator choralarni joriy etdi. Xususan, mol va qo‘y go‘shtini samolyot orqali olib kelish xarajatlarining bir qismini davlat qoplab berishi belgilangan edi. Ushbu mexanizm muddati endi 2026 yil oxirigacha uzaytirildi. Bu orqali importyorlarning logistika xarajatlarini kamaytirish va mahsulotning ichki bozordagi narxini stabil saqlash ko‘zda tutilgan.

Prezident yig‘ilishida ushbu imtiyoz uchun davlat byudjetidan 300 milliard so‘m ajratilgani ma’lum qilindi. Mazkur mablag‘ evaziga import qilinayotgan go‘shtning aviatashuv xarajatlari qoplanmoqda. Natijada Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi tadbirkorlar samolyot orqali 1 ming 300 tonna go‘sht olib kirishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq boshqa hududlarda bu imkoniyatdan yetarlicha foydalanilmagani tanqid qilindi.

Shu bois davlat rahbari viloyat hokimlari va mas’ul idoralarga go‘sht balansini qayta ko‘rib chiqish, qaysi hududga qachon va qaysi davlatdan qancha go‘sht import qilinishi oldindan rejalashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Noqobil amaldorlar

Baxtimizgami yoki baxtga qarshimi, o‘z mansabini suiiste’mol qilgan amaldorlarning jazolanishi faqat videoselektorlar bilan cheklanib qolmayapti. So‘nggi haftalarda O‘zbekistonda yuqori lavozimlarda ishlagan bir necha amaldor bilan bog‘liq ishlarning sudga oshirilgani buning yaqqol misoli. Bir tomonda milliardlab so‘mlik zarar va korrupsiya ayblovlari bilan sudga yuborilgan sobiq rahbarlar, ikkinchi tomonda esa xizmat odobiga rioya qilmagani uchun intizomiy jazoga tortilgan hokim.

Hokim ham, vazir ham hatto prezident ham xalq xizmatchisi. Ammo ba’zi hokimlar buni bilishmasa kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Quva tumani hokimi X.Umarovning fermerlar bilan uchrashuv davomida davlat fuqarolik xizmatchisining odob-axloq qoidalariga zid xatti-harakatlari aks etgan videolar keng muhokamalarga sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘z vakolati doirasida Farg‘ona viloyati hokimligiga holat yuzasidan amaldagi qonunchilikka muvofiq xizmat tekshiruvi o‘tkazish va huquqiy baho berish bo‘yicha taqdimnoma kiritgan. Taqdimnoma natijalariga ko‘ra, Quva tumani hokimi X.Umarovga nisbatan hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilgan.

Yana bir shov-shuvli ishlardan biri – sobiq Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqovga tegishli. Mirobod tuman jinoyat ishlari sudida ko‘rib chiqilishi belgilangan ishda u Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi)ning bir qator qism va bandlari bo‘yicha ayblanmoqda. Mazkur ish bo‘yicha yana 5 nafar shaxs javobgarlikka tortilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev yanvar oyidagi yig‘ilishda Davaktiv va “O‘zbekneftgaz” tizimida milliardlab so‘mlik talon-toroj holatlari aniqlanganini aytib, barcha korrupsion sxemalar fosh etilishi va aybdorlar javobgarlikka tortilishini bildirgandi.

Ortiqovning ishi sudga chiqarilishi ortidan yana bir yirik davlat kompaniyasi – “O‘zbekneftgaz”ning sobiq rahbariga oid jinoyat ishi ham sudga oshirilgani ma’lum bo‘ldi. Qayd etilishicha, O‘zbekneftgaz sobiq rahbari Sidiqov bilan birga “Enter Engineering Pte. Ltd” kompaniyasi bosh direktori Ulug‘bek Alimjonovich Usmonov, “Eriell Management” MCHJ direktori Nodirjon Nasimjonovich Boboyev, “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisining sobiq o‘rinbosari Baxtiyor Raxmonqulovich Anorqulov kabilardan iborat jami 9 kishi sudlanmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Sidiqov va boshqalar (sudlanuvchilar jami 9 kishi) Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” va “v” bandlari, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” va “b” bandlari, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” va “b” bandlari hamda 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bo‘yicha ayblanmoqda.

Sudlanuvchilarning 5 nafariga qamoq, 4 nafariga garov ehtiyot choralari qo‘llangan.

Qisqa qilib aytganda kimdir, chet elliklar O‘zbekistonni Pokiston bilan adashtirmasliklari uchun harakat qilayotgan bo‘lsa, kimdir qorin g‘amida qonunlarni aylanib o‘tish payida.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing