Janubiy Koreya KXDRga uchirilgan dronlar bo‘yicha tergov boshladi

Olam

image

Bugun, 12 yanvar kuni Janubiy Koreya rasmiylari Shimoliy Koreya havo hududini buzganlikda gumon qilinayotgan dronlar yuzasidan tergov boshladi. Tekshiruvda ushbu uchuvchisiz apparatlar harbiylar emas, balki tinch aholi tomonidan boshqarilgan bo‘lishi ehtimoli o‘rganilmoqda. Bu haqda Janubiy Koreya Mudofaa vazirligiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, Prezident Li Chje Myon bu masalada tezkor va chuqur tekshiruv o‘tkazilishini va’da qilgan. U joriy yilning 10 yanvar kuni bergan bayonotida, agar dronlar haqiqatan ham tinch shaxslar tomonidan uchirilgan bo‘lsa, bu Janubiy Koreya xavfsizligi va Koreya yarim orolidagi tinchlikka jiddiy tahdid soluvchi jinoyat bo‘lishini bildirgan.

Mudofaa vazirligi vakili, vazir An Gyu-bekning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Koreya zarurat tug‘ilsa, Shimoliy Koreya bilan birgalikda tergov o‘tkazishga tayyor ekanini ma’lum qilgan. Biroq hozircha bu borada rasmiy taklif kiritilmagan.

Bungacha Shimoliy Koreya harbiylari Janubni dronlar orqali “provokatsion harakatlar” qilishda ayblagan. Ular dronlardan biri urib tushirilganini, uning qismlari va havodan olingan suratlarni ommaga e’lon qilgan.

Bunga javoban Janubiy Koreya harbiylari mazkur turdagi dronlardan foydalanmaganini va aytilgan sana davomida Shimoliy Koreya hududiga hech qanday qurilma yuborilmaganini ma’lum qilgan. Rasmiylarga ko‘ra, Janub tomoni Shimolni qo‘zg‘atish yoki vaziyatni keskinlashtirish niyatida bo‘lmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq KXDR harbiylari Janubiy Koreya chegarasini kesib o‘tgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya KXDR dron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing