Janubiy Koreya KXDR chegarasidagi targ‘ibot karnaylarini olib tashlayapti
Olam
−
05 avgust 5035 2 daqiqa
Janubiy Koreya harbiylari Shimoliy Koreya bilan chegaradagi targ‘ibot maqsadida ishlatilgan ovoz kuchaytirgichlarni demontaj qilishni boshladi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligiga tayanib, “Yonhap” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, ushbu chora ikki Koreya o‘rtasidagi keskinlikni yumshatish maqsadida ko‘rilmoqda. Demontaj qilish haqidagi qaror Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon chegaradagi ovoz kuchaytirgichlar orqali uzatiladigan eshittirishlarni to‘xtatishni buyurganidan atigi ikki oy o‘tib qabul qilingan.
Mudofaa vazirligi izohida aytilishicha, bu “qurolli kuchlarning jangovar tayyorgarligi darajasiga ta’sir qilmaydigan, ammo Janubiy va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi keskinlikni kamaytirishga yordam berishi mumkin bo‘lgan amaliy chora”.
Janubiy Koreya ushbu ovoz kuchaytirgichlarni 2024 yil yozida, olti yillik tanaffusdan so‘ng qayta ishga tushirgan. Bunga ikki davlat o‘rtasida axlat to‘la sharlar vositasida amalga oshirilgan kampaniyalar sabab bo‘lgan.
Joriy yilning 21 iyul kuni Shimoliy Koreya Janubga qarab yana shunday sharlarni uchirgan. Bungacha, may oyi oxiridan boshlab Pxenyan to‘qqiz marta shunday harakatni amalga oshirgan, jami 2 mingdan ortiq shar uchirilgan.
Shimoliy Koreya bu harakatlarni Janub tomonidan tarqatilayotgan targ‘ibot varaqalariga javob sifatida baholagan. Ushbu varaqalar ham havo sharlari orqali Shimoliy Koreya hududiga yuborilgan.
“Yonhap” Janubiy Koreya hukumati ovoz kuchaytirgichlar orqali K-pop musiqasi, yangiliklar va boshqa Janubiy Koreya eshittirishlarini efirga uzatmoqchi bo‘lganini bildirgan. Tarixan ikki davlat 1963 yildan beri bunday eshittirishlar orqali targ‘ibot olib borgan. 2015 yilda yuqori darajadagi muzokaralar arafasida bu eshittirishlar to‘xtatilgan, biroq 2016 yil yanvarida Shimoliy Koreya yadro sinovlari o‘tkazganidan keyin Seul yana ularni tiklagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Koreya Xalq Demokratik Respublikasi Oliy xalq majlisi raisi Pak In Chxol AQSH va Janubiy Koreyani yadroviy urushga tayyorgarlik ko‘rayotganlikda ayblagandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr