Jahon chempionati oldidan ofsayd qoidalari o‘zgarishi mumkin
Sport
−
20 Oktabr 2866 2 daqiqa
FIFA 2026-yilgi Jahon chempionati oldidan ofsaydni aniqlash qoidalariga o‘zgartirish kiritishi mumkin. Bu haqda sobiq hakam Eduardo Itturalde Gonsalesga tayanib, “Mundo Deportivo” nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, gap “Venger qonuni” deb ataluvchi ofsayd qoidasi haqida bormoqda. Uning muallifi sobiq futbolchi va murabbiy, hozirda FIFA’ning jahon futbolini rivojlantirish bo‘yicha direktori lavozimida faoliyat yuritayotgan Arsen Venger hisoblanadi.
Vengerning tashabbusiga ko‘ra, faqatgina hujumchi va himoyachi o‘rtasida aniq bo‘shliq mavjud bo‘lsagina ofsayd qayd etiladi. Agar o‘yinchilar bir chiziqda, hatto qisman bo‘lsa ham, masalan, hujumchining tovoni himoyachining oyoq kafti bilan bir liniyada bo‘lsa, o‘yindan tashqari holat qayd etilmaydi.
Jarayon quyidagicha kechadi: oktyabr yoki noyabr oyi oxirida 23 nafar futbolchi va 11 nafar hakamdan tashkil topgan ekspertlar qo‘mitasi yangi takliflarni muhokama qiladi. Bu qo‘mitaga tashabbus muallifi – Vengerning o‘zi rahbarlik qilmoqda. Agar g‘oya ushbu bosqichdan o‘tsa, u 20 yanvardagi yillik yig‘ilishga, so‘ngra fevral oyining oxiri yoki mart oyining boshida o‘tkaziladigan umumiy majlisga taqdim etiladi. Iturraldening ta’kidlashicha, bu bosqichga yetib kelgan takliflarning 95 foizi odatda ma’qullanadi.
Ma’lumot uchun, avvalroq FIFA penalti tepish bilan bog‘liq qoidalarga o‘zgarishlar kiritishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.
Jahongir Inomjonov
Live
Barchasi