Zelenskiy ziddiyatlardan so‘ng Polsha bilan munosabatlarni yaxshilashga urundi
Olam
−
18 iyul 3599 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ikkinchi jahon urushi davrida polyaklarni o‘ldirgan Ukraina qo‘zg‘olonchilar armiyasi (UPA) sharafiga harbiy bo‘linmaga nom berilgani ortidan Polsha bilan yuzaga kelgan kelishmovchilikni yumshatish uchun qator choralarni e’lon qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 17 iyul kuni Zelenskiy Polsha bilan munosabatlarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgan va UPA tomonidan sodir etilgan qirg‘inlar bo‘yicha tergovlarni kengaytirish, shuningdek, razvedka arxivlarini ochishga va’da bergan.
Prezidentning ta’kidlashicha, Rossiyaning 2022 yildagi bosqinidan keyin Polsha Ukrainaga katta yordam ko‘rsatgani bois ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega.
“Ustuvor vazifalar aniq – Yevropada barchamizga o‘zaro hurmatga asoslangan yaxshi qo‘shnichilik, teng va o‘zaro manfaatli munosabatlar kerak. Polsha Rossiyaning to‘liq ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri Ukrainaga katta yordam ko‘rsatdi va biz buning uchun minnatdormiz”, degan Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘ida.
Ma’lum qilinishicha, Polsha Bosh vaziri Donald Tusk ham bu bayonotni olqishlagan.
“Bizni birlashtiradigan hamda bugun bo‘lib turgan masalalar yuzasidan jiddiy va do‘stona muloqotga tayyormiz”, degan Tusk.
Yig‘ilishda Zelenskiy keskinlikni kamaytirish uchun yangi diplomatik choralar ko‘rilishini ma’lum qilgan. Shuningdek, Ukraina Xavfsizlik xizmati va Tashqi razvedka xizmati arxivlarini Volin hududida etnik polyaklarga qarshi sodir etilgan qirg‘inlar bo‘yicha ochish topshirilgan.
Tarixchilar ma’lumotlariga ko‘ra, UPA va unga ittifoqchi millatchi guruhlar 1943–1945 yillarda kelajakdagi Ukraina hududini polyak aholisidan tozalash maqsadida Volin mintaqasida 70–100 ming nafar polyakni o‘ldirgan. Keyingi qasos hujumlarida esa minglab ukrainlar ham halok bo‘lgan.
Zelenskiy qurbonlarning jasadlarini qazib olish ishlarini kengaytirish, tarixiy muloqotni kuchaytirish va Ukraina tarix institutini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha resurslar ajratilishini ham bildirgan. Biroq Ukraina rasmiylari UPA sharafiga harbiy bo‘linmaga nom berish haqidagi qaror bekor qilinishiga ishora qilmagan. Ularning ta’kidlashicha, qaysi shaxslar milliy qahramon sifatida e’tirof etilishini Ukraina mustaqil ravishda hal qiladi.
Nashrga ko‘ra, Ukrainada ayrimlar UPAni natsist Germaniyasi va Sovet qo‘shinlariga qarshi kurashgan hamda mamlakatning Moskvadan mustaqillik uchun kurashi ramzi sifatida baholaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Polsha Prezidenti Karol Navrotskiy Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmalaridan biriga “Ukraina qo‘zg‘olonchilar armiyasi” (UPA qahramonlari) nomi berilgani sababli Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyni “Oq burgut” ordenidan mahrum qilgan edi.
Live
Barchasi