Zelenskiy Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasida qatnashishi mumkin. Putinchi?
Olam
−
01 avgust 2023 5687 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy sentyabr oyida BMT Bosh assambleyasi sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka borishi mumkin. Bu haqda manbalarga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining 78-sessiyasi 5-sentyabr kuni ochiladi va unda prezidentlar, hukumat rahbarlari va tashqi ishlar vazirlari ishtirok etadi.
Aytilishicha, Zelenskiy Bosh assambleya doirasidagi boshqa uchrashuv va yig‘ilishlarda ham qatnashish niyatida.
Manbaga ko‘ra, Ukraina rahbari o‘zining 2022 yilning noyabrida G20 sammitida ilk bor taqdim etgan “tinchlik formulasi”ni ilgari surmoqchi. U o‘n banddan iborat bo‘lib, jumladan, radiatsiya, yadro va energetika xavfsizligi, barcha mahbuslarni ozod qilish, Ukraina hududiy yaxlitligini tiklash, Rossiya qo‘shinlarini olib chiqib ketish va mojaroga chek qo‘yish kabi talablarni nazarda tutadi.
Biroq Rossiya bu formula asosidagi muzokaralarni istisno qiladi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, Moskva siyosiy kelishuv imkoniyatini rad etmaydi, ammo Kiyev shartlari bo‘yicha gaplashmoqchi emas.
Qayd etilishicha, Ukraina rasmiylari BMT yig‘ilishida “tinchlik formulasini” muhokama qilishni talab qilmoqda, biroq Kiyevning ba’zi ittifoqchilari bunga qarshi. Ba’zilar “Global janub” deb ataladigan ko‘plab davlatlar Ukraina tinchlik rejasini qo‘llab-quvvatlashga qo‘shilishini xohlaydi. Ular BMT Xavfsizlik Kengashida Ukrainadagi tinchlik muhokamasini muqobil variant deb atamoqda.
Manbalar Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida ishtirok etishini kutmayapti, ular buni Xalqaro jinoiy sud tomonidan hibsga olish uchun chiqarilgan order bilan bog‘lamoqda.
Kecha, 31 iyul kuni Kreml Putinning Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasida hozircha ishtirok etish rejasi yo‘qligini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi