Zanjirga bog‘langan kar-soqov fuqaro yuzasidan rasmiy bayonot berildi
Jamiyat
−
07 dekabr 2022
16357Ijtimoiy tarmoqlarda bo‘yniga zanjir bog‘langan fuqaroning videosi tarqaldi. Samarqand viloyati Ishtixon tumani Ravot qishlog‘ida yashovchi fuqaro uy yumushlarini bajarmaslik uchun o‘zini-o‘zi metall zanjir bilan bog‘lab qo‘ygan. Bu haqda Ishtixon tumani Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan. Voqea 2022 yil 15 noyabr kuni sodir bo‘lgan.
Tekshiruv davomida aniqlanishicha, videosi tarqalgan imkoniyati cheklangan fuqaro (tug‘ma kar-soqov) 2004 yildan “Samarqand eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun” mo‘ljallangan 64-sonli maktab internatda o‘qigan va 12-sinfni tamomlagan. U 2003 yildan buyon Ravot qishlog‘ida yashab kelgan. Uni tog‘asi tarbiyalagan va maxsus maktabda o‘qitgan.
Ushbu fuqarodan mutaxassis (surdopedagog) ishtirokida tushuntirish olinganda, u uyidagi ro‘zg‘or yumushlarini bajarmaslik uchun o‘zini-o‘zi metall zanjir bilan bog‘lab, qulf osib olgani aniqlangan. U bilan birga turuvchi akasidan (akasining ham imkonniyati cheklangan: kar-soqov) ushbu vaziyatni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatishini so‘rab, shu yo‘l bilan uy ishlaridan qutilishni maqsad qilganligi ma’lum bo‘lgan. Fuqaro bu ishidan pushaymonligini, hech kimga da’vosi yo‘qligini bayon qilgan.
Fuqaroning tog‘asidan tushuntirish olingan. U jiyaniga nisbatan bu kabi harakatlarni sodir etmaganligi va holatni ijtimoiy tarmoqqa chiqqanidan so‘ng bilganligini aytgan.
Videosi tarqalgan shaxs Ishtixon tumani Tibbiyot birlashmasida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va uning tanasidan hech qanday tan jarohatlari aniqlanmagan. Holat yuzasidan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.
LiveBarchasi