Yuz minglab isroilliklar G‘azodagi vaziyat bo‘yicha miting o‘tkazdi
Olam
−
18 avgust 2025 7096 2 daqiqa
Kecha, 17 avgust kuni Isroilda yuz minglab odamlar Tel-Aviv markazida hukumatdan G‘azo sektoridagi garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv imzolashni talab qilib, ommaviy mitingga chiqdi. Bu haqda “Ynet” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishda yuz minglab odam qatnashgan, tashkilotchilar esa 500 ming kishi ishtirok etganini bildirgan.
“The Times of Israel” xabariga ko‘ra, 17 avgust kuni butun mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan turli aksiyalarda jami bir millionga yaqin isroillik qatnashgan. Keng ko‘lamli namoyishlar ish tashlash namoyishlarining bir qismi bo‘lgan. Mitinglar mahalliy vaqt bilan soat 06:29 da boshlangan. Odamlar shaharning markazida Ayalon avtomagistrali va Begin ko‘chasida harakatni to‘sib qo‘ygan. Mahalliy OAVga ko‘ra, namoyishchilar 1-, 34- va 443-shosselarda ham vaqti-vaqti bilan transport harakatini to‘sib qo‘ygan. Butun Isroil bo‘ylab politsiya 38 kishini qo‘lga olgan, shulardan 11 nafari Tel-Avivda yirik avtomagistrallarda harakatni to‘sib qo‘ygani uchun hibsga olingan.
“Namoyishlarning boshlanishi aynan 2023 yilning 7 oktyabr kuni HAMAS jangarilarining hujumi boshlangan vaqt bilan to‘g‘ri keladi”, deyiladi xabarda.
O‘sha hujumda chegaraga yaqin aholi punktlari aholisi o‘ldirilgan, 250 dan ortiq kishi garovga olingan edi. Bunga javoban Isroil HAMASning harbiy va siyosiy tuzilmalarini yo‘q qilish hamda barcha garovdagilarni ozod qilish maqsadida G‘azoda harbiy operatsiya boshlagan va ushbu operatsiya haligacha davom etmoqda.
Ma’lumot uchun, 2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari oqibatida kamida 61 944 falastinlik halok bo‘ldi va 150 800 dan ortiq kishi jarohatlandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 avgustga o‘tar kechasi Isroil hukumati HAMAS harakatini “mag‘lubiyatga uchratish” va G‘azo shahri ustidan nazorat o‘rnatish rejasini ma’qullagandi. Bu qaror Isroilning yuqori martabali amaldorlarining tungi uchrashuvidan so‘ng – urushni to‘xtatish bo‘yicha xalqaro chaqiriqlar kuchayib borayotganiga va HAMAS tomonidan garovga olinganlar taqdiridan qo‘rqqan ko‘plab isroilliklarning noroziliklariga qaramay qabul qilingan.
Live
Barchasi