Yo‘l chetida tashlab ketilgan yuk mashinasidan chiqqan jasadlar soni 51 taga yetdi
Olam
−
29 iyun 2022
15556Texasning San-Antonio shahrida yo‘l chetida tashlab ketilgan yuk mashinasida halok bo‘lgan muhojirlar soni 51 nafarga yetdi. Bu haqda Meksikaning Texasdagi konsuli Ruben Minutti ma’lum qilgan.
Yuk mashinasida tirik holda topilgan 16 kishidan 5 nafari, jumladan, 4 nafar bola shifoxonada vafot etgan.
Qayd etilishicha, yuk mashinasidagilar Janubiy Amerikadan AQSHga noqonuniy o‘tishga uringan muhojirlar bo‘lib, ulardan 22 nafari – Meksika, 7 nafar Gvatemala va 2 nafar Gonduras fuqarolari. Qolganlarning shaxsini aniqlash hali tugallanmagan.
San-Antonio politsiyasi boshlig‘i Uilyam Makmanusga ko‘ra, tashlab ketilgan yuk mashinasi haydovchisi va unga hamroh bo‘lgan ikki kishi hibsga olingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 iyun kuni San-Antonioda (AQSH, Texas) yuk mashinasi tashlab ketilgandi. Dastlab rasmiylar yuk mashinada 46 nafar muhojirning jasadi topilgani, yana 16 kishi, jumladan, to‘rt nafar bola shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qilgandi.
Muhojirlarning o‘limiga suvsizlik va issiq urishidan aziyat chekkani sabab bo‘lgan.
Aytish joizki, Texas gubernatori Gregg Ebbott San-Antonioda yuk mashinasidan topilgan o‘nlab muhojirlarning o‘limida AQSH Prezidenti Jo Bayden va uning ma’muriyatining immigratsiya siyosatini ayblagandi.
LiveBarchasi