YPX xodimlari ishtirokida sodir bo‘lgan “avariya”dagi Onix haydovchisi ham o‘lgani aytilmoqda

3-sahifa

image

Joriy yilning 16 iyul kuni poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida mudhish yo‘l-transport hodisasi yuz bergandi. Unda Onix hamda 3 nafar YPX xodimi boshqarib borayotgan mototsikl ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir nafar YPX xodimi halok bo‘lgani xabar qilingandi. Endi esa ijtimoiy tarmoqlarda mazkur YTH oqibatida Onix avtomobilini boshqarib borgan 35 yoshli haydovchi ham vafot etgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

Ularda aytilishicha, YPX xodimlari ishtirokida sodir bo‘lgan YTH oqibatida olgan tan jarohatlari sabab Onix rusumli avtotransport haydovchisi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida vafot etgan. QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev bilan bog‘landi. Sanayev mazkur tartibdagi ma’lumotni faqat bemor davolangan shifoxonadan olish mumkinligini bildirdi.

Shu bois, QALAMPIR.UZ Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga bog‘landi. Markazning javob bergan mas’ul xodimi esa bu mavzuga doir axborotni muassasa bosh shifokoridan olish kerakligini aytdi hamda bosh shifokor bemorlar ko‘rigida ekanligini bildirib, javob berolmasligini ma’lum qildi.

Shunday qilib, holat haqida axborot berishi mumkin bo‘lgan rasmiylar va mas’ullar keltirgan turli vajlar sabab haydovchining vafot etgani yoki tirikligiga aniqlik kiritish hamda izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Ma’lumot uchun, mazkur YTH 16 iyul kuni soat 18:30 larda Mirzo Ulug‘bek tumanida sodir bo‘lgandi. Poytaxtning Do‘rmon yo‘li ko‘chasi bo‘ylab 3 nafar YPX inspektorlari patrullik mototsikllarida harakatlanib ketayotgan vaqtida, G‘azalkent ko‘chasidan chorrahaga kirib kelgan Onix rusumli transport vositasi bilan to‘qnashib ketgan.

YTH oqibatida patrullik mototsiklini boshqarib kelgan 1 nafar YPX xodimi olgan tan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgandi. Tan jarohati olganlarga esa tibbiy yordam ko‘rsatilgani bildirilgan.

“Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur YTH kortej kuzatuvi vaqtida sodir bo‘lgani to‘g‘risida noto‘g‘ri talqin kuzatilmoqda. Tarmoq vakillaridan asoslantirilmagan xabarlarni tarqatmasliklarini so‘raymiz”, deyilgandi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati o‘sha vaqtda bergan rasmiy axborotda.

 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing