YPX xodimini urib ketgan o‘quvchi mashinani “moyka”dan o‘g‘irlagan

3-sahifa

image

Joriy yilning 25 fevral kuni 10 sinf o‘quvchisi BMWʼda yo‘l-patrul xizmati xodimini urib ketgandi. U boshqarib yurgan BMW mashinalarni yuvish shoxobchasidan ruxsatsiz olib ketilgan. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar Mirobod tumanida voyaga yetmagan shaxs tomonidan avtomashina bilan yo‘l-patrul xizmati inspektori urib yuborilgani holati yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Dastlabki tergov davomida to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, 2010 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan shaxs maktabning 10-sinf o‘quvchisi bo‘la turib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay, o‘z tengdoshlari orasida Instagram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini ko‘rsatish, turli xil chet elda ishlab chiqarilgan avtomashinalarni maqtanib namoyish qilish maqsadida avtomashina ovozini noqonuniy ravishda kuchaytirib, “migalka” va “sirena”lar o‘rnatgan va huquqbuzarliklar sodir etib kelgan.

Muqaddam ham avtomashinani boshqarib, yo‘l-patrul xizmati xodimlarining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmagani uchun joriy yilning 9 yanvar kuni uning otasi sud qaroriga asosan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shunga qaramasdan, tegishli xulosa chiqarilmay, noqonuniy harakatlar davom ettirilgan.

Xususan, joriy yil 25 fevral kuni soat 21:30 larda tanishining opasiga tegishli bo‘lgan BMW rusumli avtomashina yuvish shoxobchasida qoldirilganidan xabar topib, turargohda kaliti bilan qoldirilgan avtomashinani haydab, olib qochgan.

Avtomashinani boshqarish davomida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay, Mirobod tumani Nukus ko‘chasida harakatlanayotgan vaqtda, piyodalar va boshqa harakat ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlash maqsadida transport oqimini to‘xtatish haqida ishora bergan yo‘l-patrul xizmati inspektori Xosilbek Eshnazarovning qonuniy talabiga bo‘ysunmagan.

Barcha transport vositalari to‘xtagan bo‘lishiga qaramasdan, haydovchilik guvohnomasi va avtomashina hujjatlariga ega bo‘lmagan voyaga yetmagan huquqbuzar javobgarlikdan qochish maqsadida oldi va yon tomonidagi avtomashinalarni keskin aylanib o‘tib, avariyaviy holat yuzaga keltirgan hamda xizmat vazifasini bajarayotgan yo‘l-patrul xizmati xodimini avtomashinasi bilan urib, unga hayot uchun xavfli og‘ir tan jarohati yetkazgan holda harakatini davom ettirgan.

Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan barcha zarur tibbiy yordamga qaramasdan, kecha, 27 fevral kuni xodim vafot etgan

Dastlabki tergov harakatlari davomida to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, avtomashinani boshqargan voyaga yetmagan shaxsning harakatlarida transport vositasini olib qochish hamda jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish alomatlari mavjudligi aniqlangan. 

Shu munosabat bilan u Jinoyat kodeksining 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) 1-qismi va 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanuvchi tariqasida jalb etilgan.

Hozirda gumonlanuvchi voyaga yetmagan shaxs Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan alohida nazoratga olingan.

“Tergov harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilib, aybdor shaxsga nisbatan jazo muqarrarligi qat’iy ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

BMW moyka Xosilbek Eshnazarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing