YouTube Shazam’ning Android versiyasini taqdim etdi
Texnologiya
−
25 avgust 2023 5111 1 daqiqa
YouTube avgust oyining o‘zida 6 ta yangilanishni sinovdan o‘tkazdi. Navbatdagi yangilik qo‘shiqni hirgoyi qilish orqali aniqlaydigan yangi funksiyadir. U Apple’ning musiqani aniqlash ilovasi Shazam’ga vazifa jihatidan o‘xshasada, undan ko‘proq imkoniyatlarni taqdim etishi kutilmoqda. Bu haqda YouTube'ning rasmiy qo‘llab-quvvatlash sahifasida xabar berildi.
Yangilanish Android versiyasi foydalanuvchilarga qo‘shiqni kuylash yoki yozib olish orqali uni YouTube’dan topish imkonini beradi. Buning uchun ovozli qidiruvdan yangi qo‘shiq izlash funksiyasiga o‘tish va uch soniyadan ko‘proq kuylash yoki yozib olingan qo‘shiqni joylash kerak. Keyin platforma musiqani aniqlaydi va bir nechta variantlarini taklif etadi.
YouTube’ning bosh kompaniyasi Google ham 2020 yilda xuddi shunday funksiyani taqdim etgandi. Ammo uning kuylash davomiyligiga qo‘yilgan talabi bundan ancha yuqori – 10-15 soniyani tashkil qiladi.
Qo‘shiq bo‘yicha qidiruv imkoniyati hozircha faqat Android foydalanuvchilarining kichik qismi uchun mavjud.
Eslatib o‘tamiz, oy boshida Google Apple’da mavjud bo‘lgan turli xil gadjetlarni bir-biriga ulash funksiyasining Android versiyasini taqdim etmoqchiligini ma’lum qilgandi.