Yil oxirigacha Hindistondan 1 mln migrant Rossiyaga borishi mumkin
Olam
−
09 iyul 4892 2 daqiqa
Rossiya yuqori malakali kadrlar yetishmovchiligini qoplash uchun Hindistondan 1 million mehnat muhojirini jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ural Savdo-sanoat palatasi rahbari Andrey Besedin ma’lum qildi.
“Hindistonlik hamkasblarimdan eshitganimdek, yil oxirigacha Hindistondan Rossiyaga, jumladan, Sverdlovsk viloyatiga ham 1 million mutaxassis keladi. Yekaterinburgda ushbu mamlakatning yangi Bosh konsulligi ochilmoqda, u ushbu masalalar bilan shug‘ullanadi”, deya tushuntirdi u YeAN agentligiga bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya sanoat korxonalari ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishi kerak, biroq mintaqada ishchi kuchining keskin tanqisligi kuzatilmoqda. Ayrim xodimlar Ukrainadagi maxsus operatsiyaga jalb qilingan, yoshlar esa zavodlarda ishlashga ishtiyoqi yo‘q, Besedinning fikricha, bu “mamlakatda avvalroq qilingan mafkuraviy xato” bilan bog‘liq.
Hindistondan tashqari Shri-Lanka va Shimoliy Koreya bilan ham ish olib borilmoqda. Biroq, palata rahbari ta’kidlaganidek, ushbu mamlakatlardan kelgan mehnat muhojirlari bilan hamkorlik qilish qiyin bo‘lishi mumkin.
Yangi ishchilar, birinchi navbatda, yuqori malakali mutaxassislar talab qilinadigan metallurgiya va mashinasozlik sanoatiga yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati delegatsiyasi Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida Rossiyaga afg‘on mehnat migrantlari oqimini o‘n baravar oshirish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Rossiyaning Afg‘onistondagi Ishbilarmonlik markazi rahbari Rustam Habibullinning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Rossiyaning turli hududlaridagi qurilish ob’ektlarida 100 ga yaqin Afg‘oniston fuqarosi ishlamoqda, biroq yaqin orada minglab yangi ishchilarning kelishi kutilmoqda.
Live
Barchasi