“Tolibon” Rossiyaga mehnat migrantlari oqimini 10 baravar oshiradi
Olam
−
21 iyun 4595 1 daqiqa
Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati delegatsiyasi Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida Rossiyaga afg‘on mehnat migrantlari oqimini o‘n baravar oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Rossiyaning Afg‘onistondagi Ishbilarmonlik markazi rahbari Rustam Habibullin ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Rossiyaning turli hududlaridagi qurilish ob’ektlarida 100 ga yaqin Afg‘oniston fuqarosi ishlamoqda, biroq yaqin orada minglab yangi ishchilarning kelishi kutilmoqda.
“Ular g‘isht teruvchilar, payvandchilar, bo‘yoqchilar, elektrchilar va boshqa yuqori malakali mutaxassislar”, deya aniqlik kiritgan Habibullin.
U, shuningdek, bu ishchilar uchun Checheniston, Dog‘iston va Krasnodar o‘lkasida mehnat ruxsatnomalari tayyorlanayotganini qo‘shimcha qilgan.
Afg‘onistonning qishloq xo‘jaligi sohasidagi mutaxassislari – agronomlar, chorvadorlar va veterinariya xodimlari ham Rossiyada ishlashga tayyorligini bildirgan. Habibullinning so‘zlariga ko‘ra, rejada afg‘on quruvchilarini Rossiya bosib olgan Ukrainadagi hududlarga yuborish ham bor. U yerda ular hududlarni tozalash va infratuzilmani tiklash ishlarini bajaradi.
“Rossiyada afg‘on mutaxassislariga katta ehtiyoj bor”, deydi Habibullin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Federatsiyasining Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu Shimoliy Koreya Rossiyaga 1000 nafar sapyor va 5000 quruvchini yuborishini va’da qilganini aytgan edi.
Live
Barchasi