Yevropa Ukraina muzokaralarida ishtirok etishini talab qilmoqda
Olam
−
13 fevral 2025 3750 2 daqiqa
Ukraina va Yevropa Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha har qanday muzokaralarning bir qismi bo‘lishi kerak. Bunday fikrni Germaniya, Fransiya, Polsha, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya Tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmati va Yevrokomissiya kecha, 12 fevral kuni AQSH va Rossiya Prezidentlari – Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasida Ukraina bo‘yicha telefon suhbatidan so‘ng e’lon qilgan qo‘shma bayonotida bildirishdi.
“Ukrainada adolatli va mustahkam tinchlik ishonchli transatlantik xavfsizlikning zaruriy shartidir”, deyiladi hujjatda.
Yevropa diplomatlari ta’kidlaganidek, ular “Amerika ittifoqchilari bilan” keyingi harakatlar bo‘yicha muzokaralarni intiqlik bilan kutmoqdalar. Bayonot mualliflarining fikricha, umumiy maqsad “Ukrainani kuchli mavqega olib chiqish” bo‘lishi kerak.
Bayonotni Tashqi ishlar vazirlari imzolagan Yevropa davlatlari ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga tayyor ekanliklarini bildirishmoqda va bu davlatga xavfsizlik kafolatlarini berish zarur deb hisoblaydilar.
“Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlashimizni kuchaytirishga tayyormiz. Biz Rossiyaning tajovuzkor urushi oldida uning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilamiz. Biz adolatli, keng qamrovli va mustahkam tinchlikka erishilgunga qadar Ukrainani qo‘llab-quvvatlash maqsadini baham ko‘ramiz”, deyiladi qo‘shma bayonotda.
DPA agentligining aniqlik kiritishicha, bu Ukraina va Yevropa davlatlari manfaatlarini kafolatlaydigan tinchlik kelishuvini nazarda tutadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 fevral kuni AQSH va Rossiya prezidentlarining birinchi tasdiqlangan telefon muloqoti bo‘lib o‘tgandi. Muhim mavzu Ukrainadagi urushni tugatish imkoniyati edi. Vladimir Putin bilan suhbatdan so‘ng Donald Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga ham qo‘ng‘iroq qildi. Keyinroq Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda Tramp Saudiya Arabistonida Putin bilan shaxsiy uchrashuv o‘tkazilishini e’lon qildi va Ukrainaning NATOga qabul qilinishi noo‘rin va barcha bosib olingan hududlarning Kiyevga qaytarilishi “ehtimoli yo‘q” degan fikrni bildirdi.
Live
Barchasi