Yevropa sanksiyalarni kuchaytirmasdan Istanbul sammitini kutmoqda

Olam

image

Yevropa yetakchilari AQSHni Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarga qo‘shilishga undashdan oldin Ukraina va Rossiya prezidentlari Vladimir Zelenskiy va Vladimir Putinning Istanbulda bo‘lishi mumkin bo‘lgan uchrashuvini kutishga tayyor. Bu haqda muhokamalardan xabardor manbalarga tayanib, 12 may kuni kechqurun “Bloomberg” agentligi xabar berdi.

O‘sha kuni Amerika va Yevropa rasmiylari o‘rtasidagi maslahatlashuvlardan so‘ng, AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Moskvaga bosimni kuchaytirishdan oldin Zelenskiy va Putin o‘rtasida muzokaralar o‘tkazish imkoniyatini yaratmoqchi ekani ma’lum bo‘ldi. 

“Agar Putin 15 may kuni Zelenskiy bilan uchrashishdan bosh tortsa yoki Rossiya zudlik bilan va so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmasa, Yevropa yetakchilari Trampni Moskvaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha tahdidlarini bajarishga chaqiradi”, deyiladi agentlik manbalari.

“Bloomberg”, shuningdek, Yevropa manbalariga tayanib, Amerika tomoni Rossiyaning Ukrainaga zarbalari davom etsa yoki Putin Zelenskiy bilan uchrashishdan bosh tortsa, sanksiyalar joriy etishga hali ham tayyormi, degan savolga aniq javob bermaganini qayd etadi.

Putin 15 may kuni Turkiyada Ukraina bilan “oldindan hech qanday shartlarsiz” to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni taklif qilgan, shu bilan birga, Yevropa davlatlari va AQSHning Rossiyaning 30 kunlik sulh e’lon qilish haqidagi chaqiriqlariga e’tibor bermagan. Zelenskiy esa Istanbulda Putin bilan bevosita muzokaralarga tayyor ekanligini aytdi.

“Men Putinni payshanba kuni Turkiyada kutaman. Shaxsan o‘zim. Umid qilamanki, bu safar rossiyaliklar buni qila olmasligiga sabab izlamaydi”, dedi Zelenskiy. 

Kreml bu xabarga javob bermadi.

Tramp ehtimoliy muzokaralar kuni shaxsan Istanbulga ucha olishini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy Turkiyada uchrashuv o‘tkazishga aynan uning chaqirig‘idan keyin rozi bo‘lgan. 

Shu bilan birga, Ukraina va Yevropa davlatlari dastlab muzokaralar uchun shart sifatida o‘t ochishni to‘xtatishni ko‘rsatdi. Aks holda, Yevropa Ittifoqi davlatlari yangi sanksiyalar ustida ish boshlash bilan tahdid qilmoqda. Bu haqda, xususan, rasmiy Berlin bayonot berdi. Ukraina Prezidenti, shuningdek, avvalroq Kiyev “diplomatiya uchun zarur asos yaratish uchun” to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishni kutayotganiga ishora qilgan edi. 

“Qotilliklarni uzaytirishdan ma’no yo‘q”, deb ta’kidlagandi Zelenskiy.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Turkiya Evropa Donal'd Tramp Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing