Yevropa Eronga qarshi sanksiyalar qo‘llashga tayyor – Kallas (video)
Olam
−
23 iyun 5294 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqi Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha muammo hal etilmasa, unga qarshi avvalgi sanksiyalarni qayta tiklashi mumkin. Bu haqda Yevroittifoqning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas rasmiy bayonot berdi.
“Bizda Eron yadroviy bitimi doirasida amal qiladigan majburiyatlar bor. Agar vaziyatda ijobiy siljish bo‘lmasa, sanksiyalarni tezkor tartibda tiklash mexanizmi mavjud. Eron yadro quroliga ega bo‘lmasligi kerak degan fikrda birlashganmiz va bu yo‘lda harakat qilishimiz kerak”, degan Kallas.
Uning ta’kidlashicha, Eron iqtisodiyoti hozirda og‘ir ahvolda, bu esa mamlakat fuqarolari uchun yanada salbiy oqibatlarga olib kelmoqda. Shu sababli Yevropa Ittifoqi Tehronni yadroviy faoliyatni qayta boshlamaslikka undash maqsadida diplomatik va iqtisodiy bosimni davom ettirmoqda.
Ma’lumot uchun, 2015 yil Eron va “oltilik” (Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Rossiya, AQSH, Fransiya) o‘rtasida imzolangan yadroviy bitim Eron yadro dasturini cheklash evaziga xalqaro sanksiyalarni olib tashlashni ko‘zda tutgan.
2018 yilda AQSH (Tramp davrida) ushbu bitimdan chiqdi, shundan so‘ng Eron ham bosqichma-bosqich o‘z majburiyatlaridan voz kecha boshladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Jenevaga yetib borgani hamda u yerda Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniyadagi mavqedoshlari bilan Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgani haqida xabar berilgandi. Uchrashuvda Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas ham ishtirok etgan.
Live
Barchasi