Yevropa bizni tanqid qilguncha, o‘zini eplab olsin – Erdo‘g‘anning ittifoqchisi
Olam
−
23 iyun 5697 3 daqiqa
AQSHga qaramlikdan qutulolmagan Yevropa Ittifoqi Turkiyaga qanday rivojlanishni buyurishga haqli emas. Bu haqda Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning partiyaviy ittifoqdoshi bo‘lgan Millatchilik harakati partiyasi raisi Davlat Bog‘chali ma’lum qildi.
“Yevropa ko‘p yillardan beri strategik muxtoriyat haqida gapirmoqda. Ammo o‘sha Yevropaning o‘zi haligacha o‘zining mudofaa, siyosiy va iqtisodiy tuzilmasini Vashingtondan ozod qila olmadi. Bunday Yevropa qanday qilib Turkiyaga saboq berishga jur’at eta oladi? O‘z xavfsizligini AQSH qarorlari bilan bog‘laydiganlarning bizning siyosatimizni sharhlashga haqqi yo‘q. Yevropa Ittifoqi Turkiyaga rivojlanish yo‘nalishini belgilay olmaydi”, deydi u parlamentdagi “Jumhur ittifoqi” fraksiyasi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida.
Bog‘chali shu tariqa Yevroparlamentning Turkiya bilan munosabatlar holati to‘g‘risidagi 2025 yilgi hisobotiga munosabat bildirdi, unda, jumladan, respublikada qabul qilingan sud qarorlari tanqid qilingan.
“Ular Turkiya davlatining xavfsizlik siyosatini tanqid qilishga jur’at eta olmaydilar. Turkiya sud tizimi Bryussel ma’ruzalari asosida qaror qabul qilmaydi”, deydi siyosatchi.
Bog‘chali Turkiyaning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlari kecha boshlanmagani va bir necha o‘n yillardan beri davom etayotganini eslatgan.
“1993 yilgi Qo‘shimcha protokol, 1995 yilgi Bojxona ittifoqi to‘g‘risidagi bitim, 1999 yilgi Xelsinki sammitida nomzod maqomini qabul qilish va 2005 yilda muzokaralarning boshlanishi – bularning barchasi uzoq yo‘ldagi muhim bosqichlardir. Biroq, Yevropa Ittifoqi Turkiyaga bergan va’dalarini bajarish o‘rniga, ba’zi a’zolarining tor o‘y-xayollari, Kipr yunonlarining vetolari, siyosiy xurofotlar va zanglagan mafkuraviy qoliplar uchun harakat qilmoqda. Viza rejimini liberallashtirish yillar davomida cho‘zilib ketdi. Bojxona ittifoqini yangilash toshbaqalardek sekinlik bilan amalga oshirildi. Muzokaralar jarayonining bandlari siyosiy sabablarga ko‘ra to‘sib qo‘yildi. Turkiya uchun nomzod maqomi ko‘pincha faqat qog‘ozda qolgan”, deydi Bog‘chali.
Uning qo‘shimcha qilishicha, 2018 yildan beri a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar deyarli boshi berk ko‘chaga kirib qolgan va bunday sharoitda Yevroparlament Turkiyaga islohotlar, qonun ustuvorligi va yaxshi qo‘shnichilik haqida ma’ruzalar o‘qiyotgani ko‘rlik va qonunsizlikdir.
Ma’lumot uchun, Yevroparlamentning Turkiya bo‘yicha 2025 yilgi hisoboti Anqara va Bryussel o‘rtasidagi murakkab munosabatlarni yana bir bor kun tartibiga chiqardi. Yevroparlamentning Tashqi ishlar qo‘mitasi va ma’ruzachi Nacho Sanches Amor tomonidan tayyorlangan ushbu hujjatda asosiy urg‘u Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zolik jarayoni “muzlatilgan” holatda qolayotganiga qaratilgan.
Hisobotdan anglashilishicha, YeI Turkiyani yaqin kelajakda o‘z safida to‘laqonli a’zo sifatida ko‘rmayapti. Demokratiya, inson huquqlari va sud mustaqilligi borasidagi “orqaga ketishlar” sababli rasmiy a’zolik muzokaralari amalda o‘lik nuqtaga kelib qolgan.
Siyosiy kelishmovchiliklarga qaramay, har ikki tomon bir-biriga muhtoj. YeI uchun Turkiya — migratsiya inqirozini jilovlab turuvchi qalqon, NATOdagi muhim ittifoqchi va yirik savdo sherigidir. Shu sababli, Bojxona ittifoqini yangilash va viza rejimini yengillashtirish kabi iqtisodiy loyihalar baribir kun tartibida qoladi.
Hisobot Bryussel va Anqara o‘rtasidagi mafkuraviy uzilish tobora kattalashib borayotganini ko‘rsatdi. YeI Turkiyadan G‘arb qadriyatlariga qaytishni talab qilmoqda, Anqara esa buni o‘z suverenitetiga va ichki ishlariga aralashish deb baholayapti.
Live
Barchasi