Yer aholisi El-Ninoning og‘ir oqibatlaridan ogohlantirildi
Bu qiziq
−
14:44 1856 2 daqiqa
Kuchayib borayotgan El-Nino iqlim hodisasi sababli sayyoraning eng zaif mintaqalaridagi yana deyarli 50 million kishi yaqin oradagi oylarda o‘tkir ochlikka duch kelishi mumkin. Bu haqda BMTning Butunjahon oziq-ovqat dasturi ogohlantirdi.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, ochlikning o‘tkir fazasi odamlarning kundalik asosiy oziq-ovqat ehtiyojlarini qondira olmasligini anglatadi.
Butunjahon oziq-ovqat dasturi rahbari vazifasini bajaruvchi Karl Skauning so‘zlariga ko‘ra, El-Nino millionlab insonlar xavfsizligiga keng ko‘lamli tahdid soladi va xalqaro hamjamiyat iqlim zarbalariga qanchalik erta tayyorgarlik ko‘ra olsa, odamlar hayotini qutqarish va daromad manbalarini saqlab qalish imkoniyati shunchalik yuqori bo‘ladi.
Butunjahon oziq-ovqat dasturi hisob-kitoblariga ko‘ra, El-Nino joriy yilning sentyabr oyida kuchayadi, buning oqibatida oziq-ovqatning o‘tkir tanqisligiga duch kelayotgan odamlar soni 225 milliondan 274 million kishigacha, ya’ni taxminan 22 foizga oshadi.
Eng og‘ir oqibatlar Markaziy Amerika va Afrikaning janubiy qismida kutilmoqda. Shuningdek, Sharqiy Afrika, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo uchun ham jiddiy xavflar prognoz qilinmoqda.
Butunjahon oziq-ovqat dasturi El-Nino ta’siri o‘ta notekis ekanini ta’kidlaydi: ayrim mamlakatlar allaqachon yog‘ingarchilik yetishmovchiligi, suv toshqinlari va anomal issiqlikka duch kelayotgan bo‘lsa, boshqalari ekish davrida va bo‘lajak hosil yig‘im-terimida vaziyat yomonlashishini kutmoqda. Janubiy Afrika millionlab odamlarning yomg‘irli dehqonchilik tizimiga qaramligi sababli ayniqsa zaif.
Agentlikning eslatishicha, 2015-2016 yillardagi El-Nino 60-100 million kishining oziq-ovqat xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatgan. Prognozlar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2026-2027 yillar sikli shunga o‘xshash ko‘lamdagi inqirozga olib kelishi mumkin.
Prognozlarga ko‘ra, El-Nino joriy yilning sentyabr va dekabr oylari oralig‘ida o‘z cho‘qqisiga yetadi, ammo uning oqibatlari bo‘lajak hosildorlikka ta’siri sababli butun 2027 yil davomida sezilib turadi.
El-Ninoning o‘tmishdagi sikllar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, oldini olish choralariga kiritilgan har bir dollar kelajakdagi uch dollardan yetti dollargacha bo‘lgan yo‘qotishlar va bartaraf etish xarajatlarining oldini olishga imkon beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yer sayyorasi misli ko‘rilmagan issiqlik davriga kirib borayotgani, kuchayib borayotgan El-Nino hodisasi esa yaqin oylardayoq yangi harorat rekordlariga olib kelishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi