YeIga qo‘shilish vaqti keldi – Zelenskiy

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevropa Ittifoqi rahbarlariga yo‘llagan maktubida mamlakatning ittifoqqa qo‘shilish jarayonini boshlash vaqti kelganini bildirdi. Bu haqda “Reuters” xabar qildi.

Zelenskiyning fikricha, Ukrainaga faqat assotsiatsiyalashgan a’zolik berish taklifi adolatsiz hisoblanadi. Bunday maqom Ukrainaga ovoz berish huquqini bermaydi va Kiyev o‘z manfaatlarini ilgari surish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.

Ukraina Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish harakatlarini o‘tgan oy Vengriya sobiq bosh vaziri Viktor Orban parlament saylovlarida mag‘lub bo‘lganidan keyin kuchaytirdi. Rossiya bilan yaqin munosabatlarni saqlab kelgan Orban hukumati davrida Budapesht bir necha bor veto huquqidan foydalanib, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish harakatlarini to‘sgan va Kiyevga yordam paketlarini kechiktirgan.

Shuningdek, Zelenskiy bugun, 23 may kuni Ukraina armiyasi Rossiyaning Perm viloyatida joylashgan “Metafraks Kemikal” yirik kimyo korxonasiga zarba berganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu korxona mahsulotlari Rossiyaning harbiy sanoatiga xizmat qiluvchi o‘nlab korxonalarga, jumladan aviatsiya uskunalari, dronlar, raketa dvigatellari va portlovchi moddalar ishlab chiqaruvchilarga yetkazib berilar edi.

Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Ukraina yil boshidan buyon qariyb 600 kvadrat kilometr hududni qaytarib olganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu muvaffaqiyatlar Moskvani urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarga yaqinlashtirmoqda. Shuningdek, Ukraina rahbari yil boshidan beri taxminan 86 ming nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lganini, kamida 59 ming kishi og‘ir yaralanganini va yana 800 kishi asirga olinganini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya Federativ Respublikasi kansleri Fridrix Mers Ukrainaga Yevropa Ittifoqining assotsiatsiyalashgan a’zosi maqomini berishni taklif qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Ukraina Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing