YeI Rossiya neftining narxini keskin tushirdi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Rossiya neftining narxini 44,1 dollargacha tushirdi. Yangi narxlar joriy yil 1 fevraldan kuchga kiradi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining rasmiy saytida xabar berildi.

Keltirilishicha, YeI Rossiya neftining narxining eng yuqori chegarasini bir barrel uchun 47,6 dollardan 44,1 dollargacha tushirgan. Yangi cheklov 1 fevraldan kuchga kiradi. Ushbu sanadan oldin tuzilgan shartnomalar o‘tish davriga bo‘ysunadi, bitimlar 16 apreldan kechiktirmay yakunlanishi kerak.

YeI va G7 mamlakatlari 2022 yil dekabr oyida Rossiyaning Ukrainaga qurolli bosqini uchun sanksiyalar doirasida Rossiya neftining narxlariga cheklovlar qo‘ygandi. Dastlab, cheklov bir barrel uchun 60 dollar qilib belgilangan. Bu chora Kremlning urushni moliyalashtirish imkoniyatini cheklashga qaratilgan. Uchinchi davlatlar Rossiya neftini faqat belgilangan narx chegarasiga rioya qilgan taqdirdagina G‘arb kompaniyalari orqali sotib olishlari mumkin.

2025 yil iyul oyida narxning eng yuqori chegarasi suzuvchi chegaraga aylangan. Qabul qilingan mexanizmga ko‘ra, u bozor narxlaridan 15 foizga past bo‘lishi kerak. Natijada sentyabr oyida eng yuqori chegara barrel uchun 47,6 dollargacha tushirilgan. 

Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, dekabr oyida Rossiyaning Urals neftining o‘rtacha narxi besh yil ichida birinchi marta bir barrel uchun 39,18 dollargacha tushgan.

Yevropa Ittifoqi o‘z navbatida 2027 yil oxiriga qadar Rossiya neft importini butunlay to‘xtatishni rejalashtirmoqda. Hozirda Vengriya va Slovakiya Yevropa Ittifoqining asosiy xaridorlari bo‘lib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar haqidagi qonun loyihasiga “yashil chiroq” yoqqani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Evropa Ittifoqi neft'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing