Yashil energiya qirolidan chorlov: Albatta O‘zbekistonga sarmoya kiriting!

Biznes

Kecha, 16 iyun kuni Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan Afg‘oniston, Bahrayn, Misr, Iroq, Qatar, Quvayt, Malayziya, Ummon, Saudiya Arabistoni, Suriya va Birlashgan Arab Amirliklaridan kelgan ishbilarmon doiralar vakillari hamda o‘zbekistonlik eksportyor tadbirkorlar ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda butun dunyoda “yashil energiya qiroli” deb ta’riflanuvchi, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasining eng ishonchli vakillaridan biri, yirik tadbirkor, “ACWA” kompaniyasi rahbari Muhammad Abunayyan O‘zbekistondagi biznes va investitsiyaga berilayotgan e’tibor haqida gapirib, xorijlik ishbilarmonlarni investitsiya kiritishga chorladi.

“Agar siz biznes qilmoqchi, investitsiya kiritmoqchi bo‘lsangiz hamda uning muvaffaqiyatli bo‘lishini va bundan zavq, yaxshi daromad olishni istasangiz, albatta O‘zbekistonga sarmoya kiritishingiz kerak. O‘zbekistonga kelmasangiz, juda, juda, juda katta imkoniyatni qo‘ldan boy bergan bo‘lasiz. Men ham tadbirkorman. Hozirda 15 ta davlatda faoliyat yuritaman va investitsiya kiritaman. Ammo sizga aniq ayta olamanki, O‘zbekiston investitsiya kiritish uchun eng yaxshi davlat. Bu gapni ushbu mamlakatga investitsiyalar kiritgan va foydali bir necha yilini o‘tkazgan tadbirkor sifatida ishonch bilan ayta olaman” dedi, Muhammad Abunayyan.

Forumning asosiy maqsadi O‘zbekiston bilan Yaqin Sharq va Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, eksport hajmini oshirish, investitsiyalarni jalb qilish hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot uchun samarali maydon yaratishdan iborat ekanligi ta’kidlandi.

“Biznes muhiti O‘zbekistonda ancha barqaror va investitsiyalar hamda investorlar uchun yanada yaxshilanib boryapti. Bu o‘zimning shaxsiy kuzatuvlarimdagi xulosa edi. Janob Abunayyanning nutqidan keyin yana ham amin bo‘ldim. Shunday ekan, biz kelajakda yanada ko‘proq sarmoyalarni kiritishga umid qilamiz va bu borada ulkan salohiyatni ko‘ryapmiz”, dedi Saudiya Arabistonidan kelgan tadbirkor Raid Marglani.

O‘zbekiston o‘z mahsulotlari bilan egallashi mumkin bo‘lgan bozorlar geografiyasini kengaytiryapti. Bu borada izlanish va yangi hamkorlarni topish, eskilari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, eksport hajmini oshirish asosiy maqsad. Bu yo‘lda O‘zbekiston Indoneziya bilan ham yangi bitimlar ustida ishlamoqda.

“Yaqindagina Indoneziya va O‘zbekiston o‘rtasida Erkin savdo hududi to‘g‘risidagi bitim muhokamasining dastlabki bosqichlarini boshladik. Hozirgi kunda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 181 million AQSH dollarini tashkil etmoqda va biz kelgusida bu ko‘rsatkich yanada o‘sishiga umid qilamiz. Bu jarayonda esa, albatta biznes vakillarining o‘zaro kelishuvi, ularni uchrashtiradigan, bir-biri bilan tanishtiradigan forumlarning o‘rni juda katta. O‘zbekiston bu borada so‘nggi yillarda juda faollashdi. Xuddi bugun bo‘layotganidek, B2B formatidagi muloqot ertaga albatta yirik investitsiyalar va katta savdo aylanmasi orqali o‘z natijasini beradi”, dedi Indoneziya savdo vazirining o‘rinbosari Dya Roro Esti Vidya Putri.

Forum doirasida o‘tkazilgan B2B uchrashuvlar ishtirokchilarga yangi sheriklar topish, mahsulot va xizmatlarini taqdim etish, eksport shartnomalari va qo‘shma investitsiya loyihalari yuzasidan muzokaralar olib borish imkonini berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Savdo-sanoat palatasi Toshkent xalqaro investitsiya forumi Yashil energiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing