Shavkat Mirziyoyev Yangi taraqqiyot banki prezidenti bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Bugun, 18 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi tadbirlarida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur xalqaro moliya instituti bilan hamkorlikni, birinchi navbatda, avvalgi uchrashuvlar davomida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada rivojlantirish masalalari diqqat markazida bo‘lgan.

Dilma Rusef O‘zbekistondagi islohotlarni yuksak baholab, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlarini kelgusida ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirgan.

O‘zbekiston Yangi taraqqiyot bankiga a’zo davlatlar safiga qo‘shilgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Energetika, suv xo‘jaligi, transport va muhandislik infratuzilmasi bo‘yicha hamda xususiy sektor va ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash borasida bank ekspertlari ishtirokida o‘rta muddatli qo‘shma loyihalar portfelini shakllantirishga kelishib olingan. Yangi taraqqiyot bankining mintaqaviy ahamiyatga ega yirik transport-logistika loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishi muhimligi ta’kidlangan.

Bankning O‘zbekistonda ekologik transformatsiya bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturlar va loyihalardagi ishtirokiga alohida e’tibor qaratilgan.

Kelgusida O‘zbekistonda Yangi taraqqiyot bankining yirik tadbirlarini o‘tkazish rejalari ham ko‘rib chiqilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishi doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing