Yaponiyaliklarga telefondan kuniga 2 soatdan ko‘p foydalanmaslik tavsiya qilindi

Olam

image

Yaponiyaning Toyoake shahrida mahalliy hokimiyat aholini shaxsiy smartfonlardan kunlik ikki soatdan ortiq foydalanmaslikka chaqirdi. Bu haqda “South China Morning Post” xabar berdi.

Joriy yil 1 oktyabr kunidan kuchga kirgan qoidaga ko‘ra, shahar aholisiga ish, o‘qish va kundalik majburiyatlardan bo‘sh vaqtda telefondan ikki soatcha foydalanish tavsiya etilgan.

Hujjatda jazo yoki majburiylik belgilanmagan – u faqat tavsiyaviy xarakterga ega. Shuningdek, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga soat 21:00 dan keyin, yuqori sinfdagilarga esa 22:00 dan keyin telefondan voz kechish maslahat berilgan.

Shahar meri Masafumi Kokiga ko‘ra, bunday tavsiyaning maqsadi – aholining uyqu sifatini yaxshilash va oilaviy munosabatlarni mustahkamlash. Uning ta’kidlashicha, bu fuqarolarni nazorat qilish emas, balki foydali odatlarni rag‘batlantirishdir. Biroq ayrim tanqidchilar hokimiyatni o‘z vakolatlaridan chiqib ketishda ayblagan. 

22 sentyabrda shahar kengashi tasdiqlagan bu qaror Yaponiyada aholi uchun umumiy ekran vaqti limitini tavsiya etgan birinchi hujjat hisoblanadi. Qo‘shimcha rezolyutsiyada esa fuqarolarning turli hayot tarzini hurmat qilish va fuqarolar fikri yig‘ilgandan so‘ng siyosat ta’sirini tahlil qilish va’da qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024 yilda Yaponiyada odamlar bir kunda o‘rtacha 1 soat-u 47 daqiqa vaqtini telefonga sarflagani va bu dunyoda eng yaxshi ko‘rsatkich ekani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Yaponiya telefon Toyoake

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing