Yaponiyadagi bog‘ga Samarqand nomi berildi
Jamiyat
−
20 dekabr 913 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 20 dekabr kuni Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida Nara shahri meri Gen Nakagava bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash va hududlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Samarqand va Nara shaharlari o‘rtasidagi birodarlik munosabatlari yuqori baholandi. Samarqand ko‘p asrlar davomida Buyuk Ipak yo‘li markazi, Yaponiyaning qadimgi poytaxti Nara esa uning sharqiy darvozasi bo‘lgani ta’kidlandi. Bu shaharlar sivilizatsiyalar o‘rtasida madaniy ko‘prik vazifasini bajarib, xalqaro savdo va bilim almashinuvida muhim rol o‘ynagan.
2027 yilda Nara milliy muzeyida namoyish etiladigan O‘zbekiston madaniyati va tarixiga bag‘ishlangan arxeologik ko‘rgazmaga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi. Bu loyiha O‘zbekiston va Yaponiya diplomatik munosabatlari o‘rnatilganining 35 yilligi sharafiga o‘tkaziladigan yirik madaniy tadbir bo‘ladi.
Gen Nakagava ikki mamlakat va xalqlar o‘rtasidagi abadiy do‘stlik, madaniy va tarixiy yaqinlik ramzi sifatida Naradagi yangi bog‘lardan biriga Samarqand nomini berishga qaror qilinganini e’lon qildi.
Suhbat davomida ikki birodar shahar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini rivojlantirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, turizm, to‘qimachilik, transport, logistika va shaharsozlik sohalarida hamkorlik loyihalarini amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev Yaponiya moliya institutlari rahbarlarini qabul qilgandi.
Live
Barchasi