Yaponiya Bosh vaziri iste’foga chiqmoqchi
Olam
−
23 iyul 2025 3481 1 daqiqa
Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isiba avgust oyi oxirigacha iste’foga chiqmoqchi. Bu haqda vazirga yaqin manbalarga tayanib, “Mainichi” gazetasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, vazir iste’fosidan oldin mamlakatning uch sobiq bosh vaziri – Yoshixide Suga, Fumio Kisida va Taro Aso bilan uchrashuv o‘tkazmoqchi.
Agar Isiba iste’foga chiqsa, yangi Bosh vazir saylovi parlamentning navbatdan tashqari sessiyasida o‘tkaziladi. Ayni vaqtda hukmron Liberal-demokratik partiya (LDP) parlamentda ko‘pchilik o‘rinni yo‘qotgan. Nashrning ta’kidlashicha, partiya raisi bo‘lgan Isiba bu saylovda mag‘lub bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 20 iyul kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda hukmron blok – LDP partiyasi parlamentning yuqori palatasida ko‘pchilikning ovozini ololmadi. Bu Isiba uchun ketma-ket ikkinchi katta saylov mag‘lubiyati hisoblanadi. 2024 yilning kuzida hukmron koalitsiya quyi palatada ham ko‘pchilik o‘rinni yo‘qotgan edi. Shundan so‘ng, LDP ichida Bosh vazirni iste’foga chaqirish tarafdorlari ko‘paygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isibaning shaxsiy boyligi qariyb 33,8 mln iyena (218,2 ming dollar)ga tengligi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi