Wildberries yana nishonda: Ukraina bu safar Voronejdagi omborni bombaladi (video)

Olam

image

Ukraina dronlari bugun, 11 avgustga o‘tar kechasi Rossiyaning Voronej viloyatiga hujum qildi. Zarba oqibatida 1 kishi halok bo‘ldi, yana 2 kishi jarohatlandi. Bu haqda viloyat gubernatori Aleksandr Gusev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 11 avgustga o‘tar kechasi Novousmanskiy tumanida ko‘chada bo‘lgan 49 yoshli erkak dron hujumi oqibatida og‘ir yaralangan va keyinchalik shifoxonada vafot etgan. Yana ikki kishi jarohatlangan. Ulardan biri hujum vaqtida ko‘chada, ikkinchisi esa yirik logistika markazi hududida bo‘lgan.

Voronej viloyati gubernatori Aleksandr Gusevning ma’lum qilishicha, shu tumandagi yirik kompaniyaning ikkita omborida ham yong‘in chiqqan. Biroq gubernator kompaniya nomini ochiqlamagan.

Wildberries kompaniyasi hujum kompaniyaning logistika obektlariga qaratilganini ma’lum qilgan. Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, xodimlar xavfsizlik talablariga muvofiq evakuatsiya qilingan.

Ma’lumot uchun, Wildberries’ning Voronej viloyati Novousmanskiy tumanidagi Aleksandrovka qishlog‘ida taqsimlash markazi mavjud. Kompleks maydoni 152,9 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Markaz omborlarida 90 milliondan ortiq tovarni saqlash imkoni bor.

Gusevning so‘zlariga ko‘ra, tun davomida Voronej shahri va viloyatning besh tumanida Rossiya havo mudofaa kuchlari 15 ta Ukraina dronini yo‘q qilgan.

Bundan tashqari, Orenburg viloyatida ham dronlar hujumi xavfi e’lon qilingan. 11 avgustga o‘tar kechasi viloyat gubernatori Yevgeniy Solnsev dronlar hujumi xavfi haqida ogohlantirgan va aeroport faoliyati vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Tver viloyatida havo hujumiga qarshi mudofaa kuchlari qaytargan dron qoldiqlari Wildberries logistika markazining fasadiga zarar yetkazgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing