Weekend: Falastinni tan olish niyatidagilar ko‘paymoqda, Kim Chen In Putindan “tashakkurnoma” oldi

Tahlil

Dunyodagi eng jiddiy qarama-qarshiliklardan birining yana qaytadan alanga olish xavfi bor. Ikki yadroviy davlat Hindiston va Pokiston teraktdan boshlangan mojaroni suv urushiga qadar yetaklab borish ehtimoli mavjud.

Falastin davlatchiligi uchun yana bir yaxshi xabar. Bir necha hafta oldin Fransiya tomonidan tashlangan juda muhim qadam bugunga kelib asta-sekin kengaymoqda. Shu bois endilikda Falastinni Boltiqbo‘yi davlatlaridan biri ham tan olishi mumkin. 

Putinning Ukrainadagi bosqiniga ko‘maklashish maqsadida Pxenyandan yuborilgan shimoliy koreyalik askarlar yana e’tibor markazida. Hoynahoy ularning Kurskdagi safi qarigan. Putin ularga tashakkur bildirdi, Kim Chen In esa ushbu askarlaridan kelgan daromadlarni tasarruf qilish haqida o‘ylayotgan bo‘lsa, ajab emas.

Ortda qolgan hafta davomida dunyoda ro‘y bergan voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ’ning Weekend dasturi.

Besh “porox”ning biri portlash arafasida?

Ikkinchi jahon urushi yakunlanganiga roppa-rosa 80 yil to‘ldi. Ammo ushbu 6 yillik qirg‘inbarot davr ortda qolishi bilan yer yuzida keyingi global urush uchun darhol bir nechta qadamlar tashlandi. Bularning eng birinchilari Hindiston va Pokistonning diniy ko‘pchilikka ko‘ra “qo‘l uchida” bo‘linishi va Yaqin Sharqda bugun rasmanasiga “saraton bezi”ga aylangan Isroilning tashkil topishi edi. 1946-47 yillar shunisi bilan esda qoldi. Shu yo‘sinda bu yillar oralig‘ida 3-Jahon urushi uchun “ikki qadam” tashlandi. Oradan bir yil o‘tib, Koreya yarimorolida ham jiddiy bo‘linish yuz berib, sobiq Sovet Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlar ta’sirida boshlangan bir millat shimol va janubdan iborat ikkita davlatga ajraldi. Yarimorol shu tariqa yer yuzidagi siyosiy va harbiy keskinlashuvning navbatdagi o‘choqlaridan biriga aylandi. 

Bundan yana bir yil o‘tib esa Xitoyda yana bir “geosiyosiy porox” paydo bo‘ldi. Ancha yillar oldin hokimiyat tepasiga Chan Kayshi boshchiligidagi Gomindan partiyasi undan biroz keyinroq shakllangan Xitoy Sovet Respublikasi bilan to‘qnashuvda imkoniyatni boy berdi. Mamlakat ichida davom etgan 20 yillik fuqarolar urushida SSSR tomonidan qo‘llab-quvvatlangan kommunistlar g‘alabani ilib ketdi. 1949 yilda Mao Szedun boshchiligidagi kuchlar butun Xitoyni bo‘ysundirdi va Xitoy Xalq Respublikasini e’lon qildi. Chan Kayshi boshliq G‘arb dastaklovchi kuchlari esa materikdan uzilgan Tayvan oroliga ko‘chib o‘tdi. Ammo dunyo hamjamiyati uzoq yillar davomida Xitoy degan sub’ekt bilan munosabatlar o‘rnatishda ikkilanishlarga duch keldi. 1979 yilga qadar ular Tayvandagi hokimiyatni tan olardi. Biroq shu yili hammasi o‘zgardi. Bir so‘z bilan aytganda, Tayvan xiyonatga yuz tutdi va tashqi dunyo uchun Xitoy bilan aloqalarda kommunistlar ustuvorlik qila boshladi. Shu tariqa potensial global mojaro portlashi uchun yana bir “mina” shakllandi.

Bu orada dunyoni larzaga solgan va insoniyatni juda uzoq vaqt mobaynida qo‘rquvda ushlab turgan “sovuq urush” boshlanib ketdi. Vashington va Moskva qurollanish poygasida kim o‘zarga musobaqa boshladi. Biroq bu 1991 yilga qadar davom etdi. Shunga qaramay, dunyoning turli nuqtalarida yuzaga kelgan va yuqorida sanab o‘tilgan ehtimoliy mojaro o‘choqlaridagi keskinlik saqlanib qoldi. Zamonaviy tarixda esa shu to‘rtda ziddiyatli nuqtaga yana biri qo‘shildi. 2000 yillar boshida Rossiyada hokimiyat tepasiga kolonial ambitsiyali sobiq razvedkachi – Putinning kelishi Ukrainaning bugungi taqdirini belgilab berdi.

Shu tariqa yer yuzida 5 ta “porox” yuzaga keldi. Xitoy-Tayvan, Shimoliy va Janubiy Koreya, Yaqin Sharqdagi Isroil muammosi, Ukraina-Rossiya to‘qnashuvi. Bugun bu ziddiyatda ba’zi o‘zgarishlar, jumladan, Isroilga qarshi arab davlatlari o‘rnini Eron egallagani, Xitoyning Tayvanni “tugatishi” shunchaki vaqt masalasi bo‘lib qolganiga qaramay, keskinliklardagi umumiy vaziyat hali ham o‘sha-o‘sha. Ortda qolgan qolgan davrda bu olovli 5 nuqta ichida Sharqiy Yevropa va Yaqin Sharqdagilar qisman portladi. Bugun esa yuqorida sanab o‘tilgan qarama-qarshiliklar ichidagi eng jiddiylaridan biri – Hindiston va Pokistondagi taxmin qilingan mojaro o‘t oldi. Ikki mamlakat ham yadro klubining to‘laqonli a’zosi bo‘lgani sababli bu mojaro to‘g‘ridan to‘g‘ri qurolli to‘qnashuvga aylanib ketsa, millionlab insonlar halok bo‘lishi haqida xavotirlar bor.

Qonli terakt voqeasidan boshlanib, suv mojarosiga burilgan bu ziddiyat ayni kunlarda butun dunyo miqyosida xavotir bilan qarshi olinmoqda. Gap shundaki, 22 aprel kuni go‘zal Kashmir mintaqasida yuz bergan otishma oqibatida kamida 26 nafar sayyoh halok bo‘ldi va 20 dan ortiq kishi yaralandi. Otishma Paxalgam shahrida yuz bergan. Noma’lum shaxslar Baysaran vodiysidagi so‘qmoq bo‘ylab yurgan sayyohlarga qarata o‘q uzgan. Hindiston bu hodisani terakt deb tasniflagan holda mazkur voqelikda Pokistonni aybladi va Bosh vazir Modi bunga nisbatan jiddiy yondashdi. Hindiston Pokistonning Kashmir hududidagi terrorchi guruhlarni qo‘llab kelmoqda degan gumonda unga nisbatan choralar qo‘llashni boshladi.

Dastlab Pokiston bilan chegarada joylashgan Attari nomli asosiy nazorat-o‘tkazish punktini yopilishi ma’lum qilindi. Shuningdek, 1960 yilda imzolangan “Hind daryosi bo‘yicha” kelishuv to‘xtatildi. Bu esa Hind daryosini to‘sib qo‘ygan holda undan Pokiston foydalanishini cheklash imonini beradi. Ushbu bitim Pokistonga siyosiy va harbiy ziddiyatlarga qaramasdan suv resurslaridan foydalanishga kafolat berardi. Endilikda u Pokiston “xalqaro terrorizmni qo‘llab-quvvatlamaslik” haqida qat’iy va aniq bayonot bermaguncha kuchsiz hisoblanadi.

Shuningdek, Janubiy Osiyo Mintaqaviy Hamkorlik Tashkilotining (SAARC) doirasidagi vizasiz kirish dasturi Pokiston fuqarolari uchun to‘xtatildi. Avval berilgan barcha SPES vizalari bekor qilindi, bu vizalar bilan Hindistonda bo‘lib turgan Pokiston fuqarolari 48 soat ichida mamlakatni tark etishi kerak.  

Ammo Pokiston ham jim turgani yo‘q. U o‘z o‘rnida Hindistonga darhol javob qaytardi. Xususan, mamlakat havo hududi Hindiston aviakompaniyalari uchun yopildi, ikki tomonlama savdo to‘xtatildi. Shuningdek, rasmiy Islomobod Hindistonni suv oqimini burish niyatidan tiyilishga chaqirdi. Aks holda bu harakat urush e’loni sifatida qabul qilinishi haqida ogohlantirdi. Bu chora-tadbirlar Hindistonning olti o‘n yillik tarixga ega Hind daryosida suv taqsimoti bo‘yicha bitimni bir tomonlama bekor qilganidan va boshqa keskin qarorlaridan so‘ng amalga oshirildi.

Hindiston mazkur qarorlarini Jammu va Kashmirda turistlarga qilingan terakt ortidan qabul qilgan. Mazkur hujumda 26 kishi, jumladan bir nafar Nepal fuqarosi halok bo‘lgan. Hindiston Pokistonni hujumda ayblamoqda, rasmiy Islomobod esa bu ayblovni qat’iyan rad etib, uni “yolg‘on bayroq operatsiyasi” deb atadi. Oradan ko‘p o‘tmay, Hindiston Hind daryosining Pokiston tomonga oqimini butunlay to‘sib, to‘g‘onlar va kanallar orqali suv oqimini tartibga soluvchi barcha to‘rt shlyuzni yopdi. Bundan bir necha o‘n yillar oldin Hind daryosi suv resurslari bo‘yicha bitim imzolangandan buyon birinchi marta buzildi. Shu bilan deyarli bir vaqtda Hindiston va Pokiston harbiylari Jammu va Kashmirda joylashgan nazorat chizig‘i bo‘ylab bir-biriga qarata o‘t ochdi. Bu voqea Hindiston armiyasi bosh qo‘mondoni, general Upendra Dvivedining Shrinagar va Udxampurga tashrifidan bir necha soat avval yuz bergan. Dehli va Islomobod bir-birini o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganlikda aybladi.

25 aprel kuni Pokiston Mudofaa vaziri Xavoja Asif “Sky News” telekanali efirida Hindiston bilan urushga tayyor ekanini ma’lum qildi. Shundan so‘ng ikki davlat rasmiylari bir-biriga qarata tahdidli ritorikaga o‘tishdi. Pokiston rasmiylaridan biri mamlakatdagi yadro arsenali aynan Hindistonning ehtimoliy tajovuzi uchun yaratilganini ma’lum qildi.

Bugungacha esa keskinlik tugamagan. Dunyo hamjamiyati ikkisi ham yadroviy davlatlar hisoblanuvchi Hindiston va Pokistonni millionlab insonning yostig‘ini quritishi mumkin bo‘lgan bu mojaroni tinch yo‘l bilan tugatishga chaqiryapti. Zero bu birida 1.4 milliard, boshqasida esa 260 millionga yaqin aholi bor bo‘lgan mamlakatlar uchun juda muhim va hayotiy zarurat.

Ma’lumot uchun, Kashmir mintaqasi Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi bahsli hudud hisoblanadi. Bu yerda, shuningdek, bosqinchilik harakatlari ortidan Xitoy ham o‘z nazorat hududiga ega. Ammo Kashmirning katta qismi Pokiston va Hindiston tomonidan bo‘lib olingan. Mintaqaning janubi-sharqiy qismi rasmiy Dehli, shimoli-g‘arbi esa Islomobod tomonidan boshqariladi. Hindiston esa Pokistonni ushbu hududda jangarilarni qo‘llashda ayblab keladi. Uning nazdida Islomobod Kashmirdagi ekstremistlarga “homiylik” qiladi. Pokiston esa bu ayblovlarni rad etadi. Hindiston hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning aprelidan oktyabrigacha bo‘lgan davrda Kashmirda jangarilar hujumlari oqibatida 44 kishi halok bo‘lgan.

Falastinni tan oluvchilar ko‘paymoqda

Falastinni tan olishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar borgan sari ko‘paymoqda. Bir necha hafta oldin Fransiya Prezidenti tomonidan berilgan kutilmagan bayonotdan so‘ng, unga ergashuvchilar soni ortyapti. Endilikda Yaqin Sharqdagi genotsid va u yerda bo‘layotgan g‘ayriinsoniylikning ayanchli qichqiriqlari Boltiqbo‘yiga ham “eshitildi”. Aniqrog‘i, Litva Isroil va HAMAS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish va barcha asirlarni ozod qilish sharti kuchga kirishi bilan Falastinni tan olishi mumkinligini istisno qilmadi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Kyastutis Budris jurnalistlarga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Budrisning so‘zlariga ko‘ra, Isroil va HAMAS o‘rtasida sulh tuzish va garovga olinganlarni ozod qilish, shuningdek, mintaqada barqarorlikka olib keladigan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish birinchi navbatdagi vazifa bo‘lishi kerak. Uning qo‘shimcha qilishicha, Litva Fransiyaning tashabbuslari va boshqa davlatlarning qarorlarini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Bu esa Litva Yevropa Ittifoqining ayni damdagi haqiqiy yetakchisi bo‘lgan Fransiyaga ergashishi, Parij yaqin fursatlarda Falastinni tan olgudek bo‘lsa, unga ergashishni juda ohistalik bilan yetkazmoqda. Chunki bundan 3 hafta oldin Emmanuel Makron Misrga rasmiy tashrifi chog‘ida Saudiya Arabistoni bilan birga yaqin kelajakda ikki davlat yechimi bo‘yicha xalqaro konferensiya tashkil etishini ma’lum qilgandi. Makron bu konferensiya doirasida Fransiya tez fursatlarda Falastin davlatini tan olishi mumkinligini aytdi.

Eng qizig‘i, u Fransiyada bunday to‘siq yo‘qligini o‘tgan yildayoq tasdiqlagandi. Yevropadagi lider davlatning mazkur qarorga kelishiga 2023 yilning 7 oktyabrdan buyon Isroilning G‘azoda qilayotgan g‘ayriinsoniy qilmishlari sabab bo‘ldi. Ma’lumot o‘rnida shuni ham ta’kidlab o‘tish joizki, o‘tgan yil may oyida bir vaqtning o‘zida qit’adagi 3 davlat – Ispaniya, Irlandiya va Norvegiya Falastin davlatini rasman tan olgandi. Bu bilan Falastin davlatchiligini tan olgan davlatlar soni nihoyat 140 dan oshdi. 

Kim va Putin “stakan urishtirishdi”

Esingizda bo‘lsa, 2024 yilning oktyabr oyida Rossiyaga 10 mingdan 12 minggacha shimoliy koreyalik harbiylar yetib kelgani haqida xabarlar tarqagandi. Putin buni yil oxirrog‘ida tan oldi. Kim Chen In esa joriy yil aprel oyi oxirida uning askarlari Ukrainadagi bosqinchilik harakatida qatnashganini deyarli butun dunyo bilganidan so‘nggina tan oldi.

Shimoliy Koreya diktatori o‘z Qurolli kuchlarining bu operatsiyadagi ishtirokini “KXDR va Rossiya o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va birdamlikni monolit tarzda mustahkamlash uchun muqaddas missiya” deb atagan. Qayd etilishicha, Pxenyanda Kursk viloyati uchun janglarda halok bo‘lgan shimoliy koreyalik harbiylar xotirasiga “Jangovar shon-sharaf monumenti” qad ko‘taradi.

Shu o‘rinda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inga va Shimoliy Koreyaning barcha rahbariyatiga Kursk viloyatidagi janglarda koreyalik jangchilarning ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi. Putinga ko‘ra, shimoliy koreyalik harbiylarning Kurskdagi harakatlari go‘yoki xalqaro huquq normalariga zid emas. Rossiya yetakchisi, shuningdek, koreyalik harbiylarning yuksak tayyorgarligi va fidoyiligini alohida qayd etgan. Shunday qilib, Rossiya Kurskdagi maqsadlariga deyarli yetdi va bunda Pxenyandan kelgan “yordamchilar” muhim  rol o‘ynadi.

O‘zi, umuman olganda, Shimoliy Koreya va Rossiyaning harbiy yordam sohasidagi hamkorligi va bu bir-biriga askar jo‘natishgacha yetishi ular o‘rtasidagi bitimga borib taqaladi. Jumladan, KXDR va Rossiya o‘rtasidagi bunday yaqinlik “Har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risida”gi shartnoma tufayli vujudga kelgan. Kim Chen In ham aynan shu shartnoma va undagi 4-moddaga binoan o‘z harbiylarining Kurskdagi harbiy aralashuvini oqladi. U hatto bu ishni  “an’anaviy do‘stlik va birdamlikni monolit tarzda mustahkamlash yo‘lidagi muqaddas missiya” deb ham atagan.

Ma’lumot uchun, shimoliy koreyalik harbiylar Kursk viloyatidagi janglar davomida yarador va o‘liklar bilan umumiy hisobda 4 ming nafar askar yo‘qotgani Ukraina Prezidenti tomonidan ma’lum qilingandi. Xuddi shunday raqamlar bugungi kunda Janubiy Koreya Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi tomonidan ham taxmin qilinmoqda. Ammo Kimlar rejimini bunday raqamlar qiziqtirmasligi uning shuncha yillar davomida mamlakat ichida amalda bo‘lib kelayotgan totalitar tuzumdan anglash qiyin emas.

Umuman olganda, shimoliy koreyalik askarlar Rossiyaning Ukrainadagi bosqinida qatnashishini jon va moddiyat almashinuvi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki bundan sal avvalroq KIDA tahliliy markazi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya bunday yordam evaziga Rossiyadan pul va texnik ko‘mak, jumladan, zamonaviy harbiy texnologiyalar – atom suvosti kemalari hamda zamonaviy qiruvchi samolyotlarni olganini ma’lum qilgandi. Rossiyaga yetkazib berilayotgan artilleriya snaryadlari, tankka qarshi granatomyotlar va ballistik raketalar kabi harbiy mahsulotlar uchun esa pul ko‘rinishida olingan umumiy summa 20 milliarddan oshiqroq ekani aytilgandi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Pxenyan Rossiyaga dengiz orqali 21 mingta konteyner yuborgan, qo‘shimcha ta’minot esa yer va havo yo‘li orqali amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, harbiy xizmatchilar hayotini Rossiya qo‘liga topshirish orqali Kim rejimi 280 million dollar daromad olgan. Rossiya tomonidan shimoliy koreyalik harbiylarga har oy to‘langan 2000 dollarlik maosh ham Shimoliy Koreya hukumati tomonidan tortib olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Kim Chen In Hindiston Pokiston Falastin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing