Tinchlikka urinish spektakllari va Isroilni qo‘llashning badali

Jamiyat

Dunyo bu hafta teskari kontrastni namoyon etdi. Anchadan beri iqtisodiy imkoniyatlari bilan maqtana olmayotgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va nihoyat buning imkonini topdi. Sankt-Peterburgda katta tantana.

Ammo bu galgi tadbir 9 maydagi kabi osoyishta o‘tmadi. Ukraina dronlari aynan shu shaharning ustida parvoz qildi. Kiyev rahbari Vladimir Zelenskiy urushni “erkakchasiga” hal etmoqchi. Cho‘zilib ketgan urush intihosi yaqinmi?

AQSH va Isroil Livanda tinchlik o‘rnatishga urinmoqda. Ammo Tel-Avivning shartnomalarga “sobitligi” “Hizbulloh”ni charchatgan ko‘rinadi. Bu safar u ochiqchasiga rad javobini beryapti. Yaqin Sharqda urush alangasi nega o‘chmayapti?

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik kengashiga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Natijalar kimlarnidir xursand qilsa, boshqalarni cho‘chitmoqda. Markaziy Osiyoning manfaatlarini himoyachisi sifatida Qirg‘iziston katta maydonga chiqayotgan bo‘lsa, Isroil va G‘azo genotsidini ochiqdan-ochiq qo‘llab kelayotgan Germaniya bu gal Xavfsizlik Kengashi tarkibidan tushib qoldi. Xo‘sh, Yevropada ham Isroilga nisbatan salbiy kayfiyat tarqalmoqdami?

Peterburg yana jahon e’tiborida

E’tibor markazida yana Rossiya, yana Putin. Joriy yilning 3–6 iyun kuni Rossiyaning norasmiy ikkinchi poytaxti sanalmish Sankt-Peterburgda katta xalqaro forum tashkil etildi. Ko‘lami jihatdan Jahon iqtisodiy forumi bilan tenglashtiriluvchi ushbu forumga bu gal ham 130 dan ortiq davlatdan 20 000 ga yaqin mehmon ishtirok etdi.

Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi yiliga bir marta o‘tkaziladigan ulkan yig‘ilish bo‘lib, 1997 yildan beri o‘tkazib kelinadi. Dastlab ushbu yig‘in Sovet Ittifoqi yemirilgandan so‘ng, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va Rossiyani xalqaro iqtisodiy tizimga integratsiya qilish maqsadida tashkil etilgan edi. Keyingi uch o‘n yillik ichida u Moskva uchun global tartib bo‘yicha o‘z qarashlarini taqdim etish va xorijiy sheriklar bilan siyosiy aloqalarni mustahkamlash maydoniga aylandi.

G‘arb sanksiyalari oqibatida ko‘plab Yevropa bozorlarini yo‘qotgandan so‘ng, Rossiya savdo va investitsiyalarni Osiyo, Afrika hamda Janubiy Amerikadagi yangi sheriklariga yo‘naltira boshlagandi.

“G‘alaba kuni”ni-ku eplab o‘tkazib olgan edi, ammo bu safar forum bunday tinch o‘tmadi. 3 iyun kuni ertalab Ukraina dronlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri – Kronshtadt, shuningdek Kirov va Krasnoselskiy tumanlaridagi infratuzilma ob’ektlariga hujum qildi. Hujum oqibatida Rossiyaning Boltiqbo‘yi mintaqasidagi eng yirik suyuq yuklarni qayta yuklash terminallaridan biri – Peterburg neft terminalida yong‘in chiqdi.

Leningrad viloyati gubernatori 59 ta dron urib tushirilganini ma’lum qilgan. “Pulkovo” aeroportida samolyotlarni qabul qilish va jo‘natishga cheklovlar joriy etilgan. Shunga qaramay, forum rejalashtirilganidek davom etdi.

Bu yilgi forumning eng diqqatga sazovor jihati – AQSHning rasmiy delegatsiyasi 8 yillik uzilishdan so‘ng ilk bor forumda qatnashmoqda. Ammo bu galgi AQSH vakillari chinakam iqtisodiy yoki siyosiy masalani hal qilish uchun emas, shunchaki yo‘qlamadan o‘tish uchun kelganga o‘xshaydi. Tramp tomonidan tayinlangan Amerika delegatsiyasi rahbari – AQSH Tasviriy san’at komissiyasi raisi Rodni Mimz Kuk Junior bo‘lib, u “Rossiya – AQSH: Madaniy muloqot” nomli sessiyada qatnashdi.

Bundan tashqari Xitoy, Braziliya, O‘zbekiston, Mo‘g‘uliston, Laos, Filippin, Shimoliy Koreya va boshqa ko‘plab mamlakatlardan delegatsiyalar bor. Saudiya Arabistoni ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning 100 yilligini nishonlash munosabati bilan forumda maxsus mehmon maqomini oldi. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar, jumladan, MDH, OPEK, Gaz eksport qiluvchi mamlakatlar forumi va BRIKSning Yangi taraqqiyot banki rahbarlari ham qatnashishi ma’lum qilingan edi.

“Harbiy harakatlar bir kun kelib tugaydi, deb taxmin qilamiz. Shubhasiz, biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishganimizdan so‘ng, ular tugaydi”, dedi Putin.

Iqtisodiy shartnomalar bo‘yicha forumda jami 6,4–6,5 trillion rubllik bitimlar imzolandi…

Asosiy hujjatlar energetika, transport, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi va neft-gaz kimyosi sohalarida imzolangan bo‘lib, ulardan eng yiriklari Rossiya bilan Indoneziya o‘rtasidagi 2 milliard yevroga teng investitsiya platformasi shartnomasi hamda O‘zbekistonda kelgusida quriluvchi AES loyihasi bo‘ldi.

Shu sababdan ham ayniqsa O‘zbekiston uchun bu forum muhim ahamiyat kasb etdi. Putin va Mirziyoyevning uchrashuvida O‘zbekistondagi integratsiyalashgan atom elektr stansiyasining birinchi energobloki qurilishiga start berildi. Konstantin saroyida bo‘lib o‘tgan tadbir bu ikki davlat rahbarining so‘nggi paytlardagi uchinchi yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ldi.

Loyiha tarkibiga VVER-1000 reaktorlari asosidagi ikkita katta quvvatli energoblok va har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan ikkita RITM-200N reaktoridan iborat kichik bloklar kiradi. Rossiya tarafining ta’kidlashicha, bu loyiha noyobdir: ilk bor bitta maydonda kichik va katta quvvatli AESlar barpo etilmoqda.

“Biz siz bilan muntazam aloqalarni saqlab kelmoqdamiz va muhokama qiladigan mavzularimiz doimo yetarli, chunki munosabatlarimiz ko‘lami tinimsiz kengayib bormoqda. Bu o‘zaro investitsiyalarga ham tegishlidir. Rossiyaning O‘zbekistondagi sarmoyalari jadal sur’atlar bilan o‘sib bormoqda va yaxshi dinamikaga ega bo‘ldi. Eng muhimi, har ikki yo‘nalish ham mamlakatlarimiz manfaatlariga xizmat qilmoqda”, dedi Moskva rahbari.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 iyun kuni Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi yig‘ilishida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar haqida gapirar ekan, Moskva vaqt sinovidan o‘tgan strategik sherik ekanligiga alohida urg‘u berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev esa, 5 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi yig‘ilishida Rossiya va O‘zbeksiton o‘rtasidagi aloqlar haqida gapirar ekan, Moskva vaqt sinovidan o‘tgan strategik sherik ekanligiga alohida urg‘u berdi.

“O‘zbekiston uchun Rossiya shunchaki mintaqaviy qo‘shni emas, balki vaqt sinovidan o‘tgan strategik hamkorimiz va ittifoqdoshimizdir”, dedi Prezident.

Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyoning 5 ta davlatidan hech birida AES mavjud emas. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston mintaqada atom energetikasini o‘zlashtirishda peshqadam bo‘lish yo‘lini tutmoqda.

Shuni unutmaslik kerakki, forum Ukrainadagi urush davom etayotgan sharoitda o‘tkazilmoqda. 2022 yilda urush boshlanganidan so‘ng, G‘arb hukumatlari va ko‘plab transmilliy kompaniyalar Rossiyadan uzoqlashgan.

Xat – qurol sifatida

4 iyun kuni Zelenskiy Putinga yo‘llagan ochiq xat oddiy diplomatik murojaat emas edi. Bu – puxta hisob-kitob bilan tuzilgan siyosiy hamla edi. Vaqt tanlovi ham, til ham, tashlanish nishoni ham bejiz emas.

Xat Sankt-Peterburgga Ukraina dronlari hujum uyushtirganidan bir kun o‘tib e’lon qilindi. Bu paytda aynan o‘sha shaharda Putin jahon rahbarlari bilan iqtisodiy forum o‘tkazayotgan edi. Boshqacha aytganda: avval dron yuborib ko‘rsat, keyin xat yo‘llab taklif qil. Bu urush diplomatiyasining eng nozik ko‘rinishi.

Maktubda Zelenskiy butun front chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatish va ikki prezidentning neytral hududda – Shveysariya, Turkiya yoki arab davlatlaridan birida yuzma-yuz uchrashishni taklif qildi. Monitoring vazifasini AQSHning zimmasiga yuklashni ham aytdi. Bundan tashqari, u “hammani hammaga” tamoyili asosida asirlar almashinuvini va olib ketilgan barcha tinch aholi hamda bolalarni qaytarishni taklif qildi.

Zelenskiy xatda Putinni qo‘lidagi ko‘zguga qarashga majbur qildi: “Siz Koreya Xalq Demokratik Respublikasidan yordam so‘rashga majbur bo‘lgan birinchi rus hukmdorisiz. Rossiya Xitoyga to‘liq qaram bo‘lib qolmoqda”.

Xat tahdid bilan yakunlandi: agar urush davom etsa, Putin “o‘z shaxsiy mavjudligi uchun” kurashishga majbur bo‘ladi, deb yozdi Zelenskiy va bu bilan u Rossiya tarixida uzoq urushdan charchash siyosiy o‘zgarishlarga olib kelgan davrlarni eslatdi.

Xat e’lon qilingan paytda Putin boshqa tadbirda ishtirok etayotgan edi. Peskov jurnalistlarga xatni o‘qiganini, ammo Putinga hali ko‘rsatilmaganini ma’lum qildi. So‘ng, Kremlning rasmiy javobi keldi: “Zelenskiy istalgan vaqt Moskvaga kelishi mumkin”. Bu bir jumlaning ichiga ko‘p narsa joylashtirilgan edi. Bir tomondan – taklifni rad etmaslik ko‘rinishi, boshqa tomondan – uchrashuvni Moskvada, ya’ni Zelenskiy avvaldan inkor etgan sharoitda o‘tkazish taklifi. Zelenskiy esa xatida buni avvaldan ko‘zda tutgandi: “Ukraina rahbariga sizning poytaxtingizda, Rossiya rahbariga esa Kiyevda ish yo‘q.”

So‘ngra Putin plenar sessiyada o‘zi javob berdi. U xatni “ancha qo‘pol iboralar bor” deb atadi va maqsadini shubha ostiga oldi: “Bu yuzma-yuz uchrashuv uchun sharoit yaratish maqsadidami yoki aksincha, bunday uchrashuv bo‘lmasligi uchunmi? Menimcha, ikkinchisi”.

Putin forumdagi nutqida o‘z maqsadini ham bir bor oshkora aytdi: “Harbiy harakatlar, albatta bir kun kelib tugaydi. Biroq bu – biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishganimizdan keyin sodir bo‘ladi”.

Kyiv Independent manbalariga ko‘ra, Zelenskiyning xati faqat Putinga emas, balki ancha kengroq auditoriyaga mo‘ljallangan edi. Ukraina Prezidentining yaqin hamkori bo‘lgan yuqori martabali rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, xatning asosiy maqsadi Putinning ichki doirasi, urushdan tobora charchayotgan rus elitasi va hatto oddiy rus fuqarolari edi.

Ukraina rasmiylarining aytishicha, taklifning o‘zi maqsadning yarmi edi xolos. Ikkinchi maqsad – Kiyev yana bir bor muzokaralarni taklif qilgani, lekin rad javobining Moskvadan kelganini ommaga ko‘rsatib, tarixiy hujjat yaratish edi.

Bu diplomatiyaning juda nozik qatlami. Zelenskiy “yo‘q” degan javobni olishini bilgan holda xat yozdi, lekin maqsad “ha” emas, balki “yo‘q” javobi edi. Chunki bu “yo‘q” dunyoga Rossiyaning urushni davom ettirishni o‘zi xohlayotganini yana bir bor isbotlab berdi.

Zelenskiyning o‘zi ham bu haqda yozgandi: “Biz hammamiz ko‘ryapmiz – ruslar asta-sekin bu voqelikdan norozi bo‘lmoqda. Urush Rossiyaga tobora ko‘proq salbiy oqibatlar keltirmoqda.”

Javob esa kutilganidek keldi. Zelenskiy Kremlning pozitsiyasini shunday baholadi: “Rossiya tomoni yana urush yo‘lini tanlamoqda. Bu zaif javob. O‘ylaymanki, dunyodagi ko‘plab odamlar bu javobdan hafsalasi pir bo‘ladi.”

Zelenskiy va Putinning yuzma-yuz uchrashuvi bir marta bo‘lgan – 2019 yil dekabrda, Parijda. O‘shandan buyon ikki rahbar to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilmagan.

Oradan yetti yil o‘tdi. Urush boshlanganidan buyon esa – to‘rt yil. Istanbul, Abu-Dabi, Jeneva – barcha muzokaralar hududiy masalada hech qanday natijasiz yakunlandi. AQSHning e’tibori Eron frontiga aylandi. Tramp esa Zelenskiyning taklifiga “ular uchrashsa yaxshi bo‘lardi, lekin ikkalasi ham yon berishi kerak” deb qo‘shib qo‘ydi – ya’ni yana majburiyatsiz fikr bildirdi.

Bu hafta yuz bergan voqealar shuni ko‘rsatdi: xat yuborildi, dronlar uchdi, forum bo‘ldi, javob keldi, biroq urush hanuz davom etmoqda. Sankt-Peterburgdagi imzolar soni ko‘payganicha, Kiyev va Xarkov ustidagi tutun ham ko‘paymoqda.

Tinchlikka urinish spektakli

2024 yil noyabrda AQSH va Fransiya vositachiligi bilan imzolangan Isroil–Livan sulh bitimi 2026 yil 2 martda muddati tugashi kerak edi. Ammo undan oldin, 2026 yil 28 fevralda – Isroil va AQSHning Eronga zarba bergan kunning ertasiga – “Hizbulloh” hujumlarni qayta boshladi va Livan yana urush girdobiga tortildi.

Yangi to‘liq qurolli mojaroning boshlanishi bilan tomonlar o‘rtasidagi keskinlik o‘ta murakkab diplomatik labirintga aylandi. Livan bir vaqtning o‘zida bir necha o‘yinchi: hukumat, Isroil, “Hizbulloh”, AQSH va Eron uchun jang maydoniga aylanib qolgan.

Shu yilning 1 iyun kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Isroil va Livan o‘rtasidagi mojaroni yumshatishga qaratilgan yangi tashabbusni ilgari surdi. U so‘nggi 48 soat ichida Livan Prezidenti Jozef Aun va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan muzokaralar o‘tkazdi.

AQSH taklifiga ko‘ra, birinchi bosqichda “Hizbulloh” Isroilga qarshi barcha hujumlarni to‘xtatishi, bunga javoban Isroil ham Bayrutga nisbatan harbiy harakatlarni kuchaytirmaslik majburiyatini olishi kerak edi.

Livan Prezidenti Jozef Aun AQSHning sulh taklifini qo‘llab-quvvatlamoqda. Livan parlamenti spikeri Nabih Berri esa, “Hizbulloh” o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilishini bildirgan, biroq sulhning dastlabki qadamlari bo‘yicha mas’uliyatni Isroil zimmasiga yuklagan. AQSH ma’muriyati vakili “Hizbulloh” Eron siyosatiga ergashayotganini va mojaroning davom etishidan manfaatdor ekanini ta’kidlagan. Uning fikricha, Eron Livandagi vaziyatni cho‘zish orqali keyinchalik mojaroni hal qilishdagi rolini namoyish etishga urinmoqda.

Isroil va Livan “Hizbulloh” hujumlarni to‘xtatishi sharti bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yangi kelishuvga erishdi. AQSH Davlat departamenti buni rasmiy ravishda e’lon qildi.

Kelishuvga ko‘ra, Litani daryosidan Isroil chegarasigacha bo‘lgan hududda Livan Qurolli kuchlari to‘liq nazoratni qo‘lga olishi, “Hizbulloh” jangchilari esa bu hududlarni tark etishi kerak edi.

AQSH esa, mazkur hududlarda davlatga qarashli bo‘lmagan qurolli tuzilmalarsiz xavfsizlik zonalarini tashkil etish jarayoniga ko‘maklashishni o‘z zimmasiga oldi.

Ammo bitim e’lon qilinishi hech narsani o‘zgartirmadi, qon to‘kilishdan to‘xtamadi. 3 iyun kuni Isroilning janubiy Livanga bergan zarbalari oqibatida kamida 9 kishi halok bo‘lgan. “Hizbulloh” esa, shimoliy Isroilga raketa hujumlarini amalga oshirishda davom etmoqda.

Yangi kelishuv aprel oyida erishilgan sulhning bir necha bor buzilishi ortidan qabul qilingandi. Bu esa diplomatik hujjatlar “bir parcha qog‘ozda” qolib ketayotganini ko‘rsatmoqda.

Negaki asosiy o‘yinchilardan biri “Hizbulloh” 3 iyun kuni AQSH vositachiligida Isroil va Livan o‘rtasida kelishilgan yangi o‘t ochishni to‘xtatish bitimini qabul qilishdan bosh tortdi. Guruhning ham bunga yetarli sabablari bor albatta. Guruh yetakchisi Naim Qosim janubiy Livandan jangchilarni raqib tomonga yon berishib olib chiqish talabi “taslim bo‘lish va mag‘lubiyat” bilan teng ekanini aytdi. U muzokaralarni “bema’ni, kamsituvchi va haqoratli” deb atadi.

“Biz faqat to‘liq tajovuzni to‘xtatish, o‘t ochishni to‘xtatish va Isroilning chekinishini talab qilamiz. Qishloqlarimiz xavfsiz bo‘lmagunicha, Isroilning shimoli ham xavfsiz bo‘lmaydi”, degan Qosim.

Eron ham Livandagi mojaroni hal etishni AQSH bilan bo‘ladigan har qanday kelishuvning asosiy sharti sifatida ilgari surmoqda. Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining “Quds” kuchlari qo‘mondoni Ismoil Qoniy nafaqat o‘t ochishni to‘xtatish, balki Isroil qo‘shinlarini urush boshlanishidan oldingi pozitsiyalariga qaytarishni ham talab qilyapti.

Shunga qaramasdan, Livan Bosh vaziri Navvof Salom Livan armiyasi “Hizbulloh” ham, Isroil ham bo‘lmagan “tajriba xavfsizlik zonalari”da joylasha boshlashini e’lon qildi.

O‘t ochishni to‘xtatish rejimlari bir necha bor e’lon qilinganiga qaramay, janglar davom etmoqda. Livandagi janglar boshlanganidan buyon 3 500 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 1,2 milliondan ziyoda odam uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Isroil esa, 27 nafar harbiy va 3 nafar tinch aholi vakilini yo‘qotganini bildirgan.

Tomonlar 22 iyun kunida yana muzokaralar o‘tkazishi va keng qamrovli tinchlik kelishuviga erishish imkoniyatlarini muhokama qilishi rejalashtirilgan. Ammo “Hizbulloh”ning qat’iy rad javobi va yer yuzidagi asl vaziyat bu muzokaralarning ham nechog‘li samarali bo‘lishiga shubha uyg‘otmoqda.

BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat tarkibi nima?

BMT Xavfsizlik Kengashi 15 a’zodan iborat. Ulardan 5 tasi – AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya va Xitoy doimiy a’zo bo‘lib, veto, ya’ni har qanday qonun loyihasini rad etish huquqiga ega. Qolgan 10 ta o‘rin esa, muvaqqat a’zolarga tegishli bo‘lib, ular ikki yillik muddatga saylanadi. Veto huquqi bo‘lmasa-da, muvaqqat a’zolar muzokaralar jarayonini shakllantirish va o‘z mintaqalariga tegishli muammolarni e’tiborga olinishida muhim rol o‘ynashadi. Muvaqqat a’zolar BMT Bosh Assambleyasida yashirin ovoz berish orqali saylanadi va buning uchun a’zo davlatlarning uchdan ikki ko‘pchilik ovozi zarur.

BMT Bosh Assambleyasi 2027–2028 yillar muddatiga Avstriya, Zimbabve, Portugaliya, Trinidad va Tobago hamda tarixda ilk bor Qirg‘izistonni Xavfsizlik Kengashining muvaqqat a’zolari etib sayladi.

Qirg‘iziston Osiyo-Tinch okeani guruhidan o‘rin uchun 4 ta yashirin ovoz berish turida Filippin bilan keskin kurash olib bordi va 142 ovoz to‘plab, 49 ovoz olgan Filippinni mag‘lub etdi.

1991 yilda mustaqillikka erishganidan buyon birinchi marta Qirg‘iziston BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat a’zosi sifatida saylandi. Yangi muddat 2027 yil 1 yanvardan boshlanadi va 2028 yil 31 dekabrgacha davom etadi.

Bu Markaziy Osiyodan o‘n yildan ko‘proq vaqt o‘tgach Kengashga qaytishdir. Avvalgi safar mintaqadan Qozog‘iston 2017–2018 yillarda o‘rin egallagan edi.

Qirg‘iziston uchun bu oddiy diplomatik natija emas, bu o‘nlab yillar davom etgan sa’y-harakatlarning mevasidir. Prezident Sadir Japarov dunyo rahbarlarini Qirg‘izistonni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan va hech qachon Kengashda o‘tirmagan davlatlarning vakilligini kengaytirish zarurligini ta’kidlagan. Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Qulubayev esa BMTni Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidan doimiy a’zolarni ko‘paytirish yo‘lida islohotlar o‘tkazishga chaqirgan.

Qirg‘izistonning g‘alabasi so‘nggi oylarda Edil Baysalovni AQSHdagi elchi etib tayinlagandan keyin kuchaygan diplomatik faollik bilan ham bog‘liq deb ko‘rilmoqda. Baysalov may oyida Vashingtonni qamrab olgan intensiv lobbi ishlari davomida minglab sa’y-harakatlarni boshqargan.

Qo‘shni mamlakatlar bilan solishtirganda ko‘pincha xalqaro muassasalarda “ko‘rinmas” bo‘lib kelgan Qirg‘iziston Filippin kabi kuchli diplomatik an’analarga ega davlatni yengishi bu mintaqaning xalqaro maydondagi o‘rni oshayotganidan darak beradi.

Germaniya va yahudiylar

Xuddi shu saylov kuni boshqa bir tarixiy natija yuz berdi. Faqat bu gal g‘alaba emas, balki mag‘lubiyat holati. Germaniya BMT Xavfsizlik Kengashidagi muvaqqat o‘rin uchun uyushtirilgan saylovda birinchi marta mag‘lub bo‘ldi. G‘arbiy Yevropa va boshqa davlatlar guruhidan ikki o‘rin uchun raqobatlashgan Germaniya, Avstriya va Portugaliyadan orqada qolib ketdi.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Iogann Vadeful Nyu-Yorkda atrofidagi 80 ga yaqin ministr va elchilarga lobbichilik qilgan bo‘lsa-da, u atigi 104 ovoz to‘pladi. Raqobatchi Avstriya 131, Portugaliya esa, 134 ovoz olib Germaniyadan o‘zib ketdi.

1990 yilda Germaniya birlashganidan buyon mamlakat har sakkiz yilda bir marta, hech qanday to‘siqsiz, Xavfsizlik Kengashining muvaqqat a’zosi bo‘lib kelgan edi. Bu an’ananing birinchi marta buzilishi Berlinda katta siyosiy rezonans uyg‘otdi.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Vadefulning o‘zi ham mag‘lubiyatning ikki sababini ochiq tan oldi. Bulardan biri Rossiyaning Ukrainadagi urushga munosabati bo‘lsa, ikkinchi yanada qaltisroq sabab – Isroilni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liqligi aytiladi.

“Quincy Institute for Responsible Statecraft”ning ijrochi vitse-prezidenti Trita Parsi Germaniyaning Ukrainani qo‘llashi bilan bog‘liq argumentni rad etdi.

“Keling, vaziyatga real yondashaylik, Germaniyaning Ukrainani qo‘llashi bunga hech qanday aloqasi yo‘q. Avstriya va Portugaliya – Germaniyani yenggan mamlakatlar ham Ukrainani qo‘llashda undan kam emas”, dedi Parsi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari ofisining Nyu-Yorkdagi sobiq direktori Kreyg Moxiber ham shu fikrni qo‘llab-quvvatladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniyaning Falastin masalasida Isroil hukumatini yoqlashi, G‘azodagi genotsidni ko‘r-ko‘rona qo‘llab-quvvatlashi Berlinga qimmatga tushdi.

Xalqaro jinoyat sudi Isroil Bosh vaziri Netanyaxuga 2024 yilda hibsga olish orderi bergani va Xalqaro adolat sudi Isroilni genotsid harakatlaridan tiyilishni buyurganiga qaramay, Germaniya kansleri Fridrix Mers Isroilga tashrif buyurib, Netanyaxu bilan uchrashdi. Mersning Isroilga safari vaqtida Germaniya G‘azoda ishlatilishi mumkin bo‘lgan qurollar eksportiga kiritilgan uch oylik to‘xtatuvni bekor qildi. Keyingi tekshiruvlar esa Germaniyadan Isroilga qurollar eksporti cheklovlar davrida ham davom etganini ko‘rsatdi.

Avstriya ham an’anaviy ravishda Yevropada Isroilning eng qat’iy tarafdorlaridan biri hisoblanadi. Biroq u kichikroq va harbiy jihatdan neytral davlat sifatida Berlinga yo‘naltirilgan tanqidlardan chetda qoldi.

BMT saylov natijasi shuni ko‘rsatdiki, hatto global g‘arbda ham Isroilning bugungi jinoyatlari yaxshi kayfiyat bilan kutib olinmayapti. Germaniyaning diplomatik qulashi esa bunday bir yoqlama siyosatning bahosi sifatida talqin etiladi.

Qirg‘iziston g‘alabasi – yangi ovoz. Germaniyaning mag‘lubiyati – eski tizimning sinishi. Har ikkisi bir kunda, bir zalda yuz berdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Sankt-Peterburg Rossiya Shavkat Mirziyoev Evropa O'zbekiston Vladimir Putin Xavfsizlik kengashi Zelenskiy saylovlar Isroil Birlashgan Millatlar Tashkiloti Tinchlik atom elektr stantsiya tantana Iqtisodiy shartnomalar yuzma-yuz uchrashuv Germaniya va yahudiylar Iogann Vadeful

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing