Sammitni yutgan Putin — Weekend
Tahlil
−
17 avgust 9863 13 daqiqa
Joriy hafta davomida jahonda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Weekend dasturida tanishing.
Putinning “g‘alabasi”
Tramp Putin kelishini yarim soat samolyot ichida kutgani, xalqaro jinoyatchiga qizil gilam yozilgani, ikki Prezident ustidan vayronkor B2 uchib o‘tgani, ular muzokaralar o‘tadigan joyga bitta mashinada borgani, Tramp o‘z ayolining xatini mavqedoshiga yetkazgani va Rossiya yetakchisi ortga qaytayotganda uni AQSHning F-22 samolyotlari muhofaza qilgani. Bo‘ldi. Hozircha dunyodagi vaziyatni o‘zgartirishiga umid bog‘langan Alyaskadagi sammit faqat shular bilangina esda qoldi. Chunki na Oq uy va na Kreml bu sammit haqida jo‘yali bir bayonot bilan chiqmadi.
Ayni damda sammitning rasmiy izohi sifatida ikki rahbar tomonidan matbuot anjumanida aytilgan “biz ko‘p masalalarda kelishib oldik, muzokaralar samarali bo‘ldi”, degan so‘zlari va Trampning “Fox News”ga bergan intervyusidagi ba’zi ishoralarini qabul qilishga majburmiz. Ammo ko‘pchilikni Trampning xizmat mashinasida ular o‘rtasida ortiqcha odamlarsiz kechgan holi suhbati va deyarli 3 soatlik “3 ga 3” formatdagi muzokaralarining batafsil va aniq tafsilotlari qiziqtirmoqda. Biroq na iloj, rasmiylar deyarli hech nimani ochiqlagani yo‘q.
Shunday bo‘lishiga qaramay, kuzatuvchilar, Yevropa rasmiylari va G‘arb OAV bu sammit hamda uning ehtimoliy natijasi haqida o‘zlarining izoh va taxminlarini bildirmoqda. Nashrlar Tramp va Putin uchrashuvida hech qanday kelishuvga erishilmagani haqida yozayotgan bo‘lsa, Zelenskiyning atrofidagilar bu sammitni “hech narsaga arzimaydigan voqea” deb baholagan. Trampning Putinga qilgan chegarasiz iltifoti esa Yevropani xavotirga solayotgani aniq. Ittifoqdagilar G‘arbning birdamligi haqidagi o‘z xavotirlarini yashirmadi. Jumladan, Yevroparlamentning Mudofaa qo‘mitasi rahbari Shtrak-Simmerman “G‘arb birligi Alyaska sammitidan so‘ng axlatga tashlandi”, deya ta’kidladi. Bundan tashqari, mutaxasislar ko‘ra, Putinning AQSHga tashrifi uning xalqaro izolyatsiyadan chiqqanini bildiradi va u endi rostmanasiga katta davralarga qaytdi. Shuningdek, Trampning Milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchi Jon Bolton esa bu sammit Putinning g‘alabasi bilan yakunlanganini da’vo qildi. Unga ko‘ra, Tramp uchrashuvda hech narsani qo‘lga kiritmagan. Putin esa aksincha, juda ko‘p narsaga erishgan. Jumladan, Jon Boltonning ta’kidlashicha, Rossiya yetakchisi sanksiyalardan qutulgan, uni endi o‘t ochishni to‘xtatish xavfi kutmayapti va qolaversa, keyingi uchrashuvning aniq sanasi ham belgilab qo‘yilmagan. Bu esa Putin o‘zi xohlagan natijalarning katta qismini qo‘lga kiritganini anglatadi.
Ammo Jon Bolton aytgan yutuqlarning ichida hozircha faqat bittasi qolib ketgan ko‘rinadi. Oq uy va Kreml yopiq muzokaralarda tilgan olingan masalalarga aniqlik kiritib, kim nimani xohlaganiga batafsil to‘xtalmagan bo‘lsada, OAV Tramp va Putin Donbass mintaqasi haqida maslahatlashgani haqida xabar tarqatmoqda. Xususan “Bloomberg” va “Financial Times” manbalariga ko‘ra, Putin Trampga bosqinni to‘xtatish evaziga Donbassni to‘liq o‘ziniki qilishi haqida so‘z ochgan. U shu paytgacha chala egallab olingan Zaparoje va Xersonning qolgan yerlariga esa ortiq da’vo qilmasligi, bosqinni ayni paytdagi front chiziqlarida yakunlashi taxmin qilinmoqda. Trampning sammitdan so‘ng, “Fox News”ga bergan intervyusiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu taklif unga yoqqandek ko‘rinadi. Chunki u Alyaskadagi muzokaralarda Ukraina xavfsizligiga oid kafolatlar berilishi bilan birga hududlar haqida ham suhbat bo‘lganini ma’lum qildi, ammo tafsilotlarga batafsil to‘xtalmadi. Ammo AQSH manbalari Putin bilan uchrashuvdan so‘ng, Tramp Zelenskiy va boshqa Yevropa yetakchilari bilan suhbatda bu taklifni ularga yetkazgani haqida yozmoqda. Bu orada esa Donald Trampning eski plastinkasi yana aylanishni boshladi. U Ukraina bo‘yicha kelishuvga erishish imkoniyati endi Zelenskiy va Yevropa davlatlariga bog‘liqligi, Zelenskiy juda ko‘p narsani yo‘qotayotganini tan olishi lozimligi, Rossiya qudratli ekani, ammo Ukraina bunday kuchga ega emasligi hamda Kiyev bitim tuzishi shartligini takrorladi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, Tramp uzil kesil tinchlik shartnomasi emas, balki hech bo‘lmaganda front chizig‘ida harakatlarni to‘xtatishga ham rozi. Bu esa avval taxmin qilinganidek, u zudlik bilan o‘zini tinchlik o‘rnatgandek ko‘rsatib, saylovoldi va’dalarini nomigagina bo‘lsa ham bajarmoqchi. Chunki, Zaporoje va Xersondagi bosqinning yuzlab kilometrga cho‘zilgan front chizig‘ida to‘xtashi, kelgusida juda murakkab hududiy noaniqliklarni, ular esa navbatdagi qurolli to‘qnashuvni keltirib chiqarish ehtimoli yuqori.
Melaniyaning Putinga xati
AQSHning amaldagi birinchi xonimi Melaniya Tramp eri Donald Trampning siyosiy faoliyatida o‘ziga xos ta’sir doirasiga ega figuralardan biri ekani taxmin qilinadi. Ayniqsa joriy yilda bunday mazmundagi fikrlar ancha ko‘paydi. Tramp Ukrainaga qurol yetkazib berishni tiklagan va Putinga nisbatan ritorikasini o‘zgartirgan paytlarda Melaniya effekti haqidagi gap-so‘zlar ancha keng muhokama qilindi. Alyaskadagi sammitda ham Melaniyaning ta’siri yaqqol ko‘zga tashlandi. Tramp rafiqasi Melaniyaning maxsus xatini Putinga yetkazgani haqida xabarlar chiqqandi. “Fox News” esa o‘z manbalariga tayanib, Rossiya rahbari maktubni qo‘lga olishi bilan uni darhol delegatsiyalar ko‘z o‘ngida o‘qigani haqida xabar berdi. Xat matnini ham bugungi kunda salkam Oq uy matbuot xizmatiga aylangan “Fox News”ning o‘zi e’lon qildi. Unda birinchi xonim Melaniya Tramp asosan bolalar xususidagi xavotirlarini bayon qilgan va eng so‘ngida to‘xtash vaqti kelganini urg‘ulagan. Xat matni esa quyidagicha:

“Hurmatli, Prezident Putin.
Har bir bola, xoh mamlakatning qishloq joyida tug‘ilgan bo‘lsin, xoh ulug‘vor shahar markazida, o‘z qalbida bir xil sokin orzularni baham ko‘radi. Ular sevgi, imkoniyat va xavfdan yiroq bo‘lishni orzu qiladi.
Kelajak avlodning umidini tarbiyalash ota-ona sifatida bizning burchimizdir. Yetkchilar sifatida esa farzandlarimizni qo‘llab-quvvatlash mas’uliyati tor doira manfaatlaridan ustun.
Shubhasiz, biz hamma uchun qadr-qimmatga to‘la dunyoni chizishga harakat qilishimiz kerak – shunda har bir qalbda tinchlik uyg‘onadi va kelajakning o‘zi mukammal himoyalangan bo‘ladi.
Har bir avlodning davomchilari o‘z hayotlarini poklikdan boshlaydi – geografiya, hukumat va mafkuradan ustun turadigan beg‘uborlikdan. Bu oddiy, ammo chuqur tushuncha, aminmanki, janob Putin, siz ham fikrimga qo‘shilasiz.
Hozirgi dunyoda ba’zi bolalar atrofdagi zulmatdan bexabar jim kulishga majbur bo‘lyapti, bu ularning kelajagiga da’vo qilishi mumkin bo‘lgan kuchlarga jimgina qarshilik ko‘rsatishdir. Janob Putin, faqat siz ularning ohangdor kulgisini tiklashingiz mumkin.Bu bolalarning aybsizligini himoya qilish orqali siz faqat Rossiyaga xizmat qilishdan ko‘proq narsani qilasiz – siz butun insoniyatga xizmat qilasiz. Bunday dadil g‘oya insoniyatning barcha bo‘linishlaridan ustundir va siz, janob Putin, bugun bir qalam bilan bu qarashni amalga oshirishga munosibsiz.
Vaqt keldi.
Hurmat bilan,
Melaniya Tramp”.
Endi Zelenskiy boradi
Putindan so‘ng Tramp huzuriga tashrif navbati Zelenskiyga. U 18 avgust kuni Vashingtonda Donald Tramp bilan uchrashadi. Tramp Putin bilan uchrashuvni tugatib, Alyaskadagi sammitni 10 dan 10 ga baholab, NATO yetakchilari va Zelenskiyga ham qo‘ng‘iroq qilib, uchrashuv haqida ma’lumot berishini aytib ortga qaytgandi. Keyinchalik u Alyaskadan qaytayotganda naqd 6 soatlik parvoz davomida dastlab Zelenskiy bilan 1,5 soat, so‘ngra NATOga a’zo davlat rahbarlari bilan ham juda uzoq gaplashgani aytildi. Zelenskiyga tashrif taklifi berilgan qo‘ng‘iroq ko‘p narsalarni oydinlashtirdi. Ukraina Prezidenti AQSH yetkachisi bilan telefon muloqoti mazmunli o‘tganini aytib, Vashingtonda barchasini to‘xtatish uchun borishini ma’lum qilib, taklif uchun minnatdorlik bildirdi.
U, shuningdek, qator masalalarni muhokama qilish uchun 3 tomonlama format mos kelishini bildirdi. O‘z o‘rnida, Tramp ham joriy yil mart oyi boshida Oq uyda u bilan tengma teng aytishgan Zelenskiyni intizorlik bilan kutyapti.
Esingizda bo‘lsa, o‘sha uchrashuvda Tramp Zelenskiy qachon tinchlikka tayyor bo‘lsa, yana qaytib kelishi mumkin, deya ta’kidlagandi. Mana, u yana AQSHga bormoqda. Bu galgi uchrashuv qanday kechishini va nimalar ro‘y berishini taxmin qilib bo‘lmaydi. Chunki o‘tgan safargi janjalli uchrashuv boshlanishiga qadar ikki o‘rtada hammasi joyida, Ukraina tabiiy boyliklarini AQSH ixtiyoriga o‘tkazishga tayyor edi. Ammo suhbatga yuvuqsiz qoshiq kabi qo‘shilgan vitse-prezident Jeyms Devid Vens hammasini barbod qilgani, ko‘pchilikning kechagidek yodida.
Zelenskiyning Oq uyga tashrifi arafasida esa Yevropada biroz shovqin-suron ko‘tarilyapti. YeI yetakchilari Putin va Trampning uchrashuvidan keyin Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etishga tayyor ekanini bildirdi. Ular Kiyevga qurol yetkazib berish yoki Ukrainani YeI va NATOga integratsiyalashdan voz kechish bo‘yicha cheklovlarni rad etmoqda. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron esa Putin va Trampning uchrashuvidan so‘ng, Ukrainaga yordam ko‘rsatishga tayyor bo‘lgan “ko‘ngillilar koalitsiyasi” uchrashuvining o‘tkazilishini e’lon qildi.
Xabaringiz bor, Yevropa Ittifoqi jiddiy masalalarda bir yoqadan bosh chiqara olmayapti. Vengriya va Slovakiya kabi a’zolar Ittifoq ichida boshboshdoqlik kayfiyatini yoyganiga ancha bo‘ldi. Shu bois Bryussel “ko‘ngillar koalitsiyasi”ga katta ehtiyoj sezdi. Bunday koalitsiyaning bo‘lishi esa YeIdagi birlik o‘tmishda qolganining belgisidir.
O‘z o‘rnida, birlik nafaqat YeIda, balki NATO safida ham ancha oldin zaiflashganini ko‘rish mumkin. Barchasi Ukrainaning alyansga qo‘shilish borasidagi kelishmovchiliklarga borib taqaladi. Rossiya bosqini va Kremlning ultimatumlari Kiyev uchun bugunga kelib, NATOga qo‘shilishni haddan ortiq murakkablashtirib yubordi. Alyansga a’zo ko‘plab davlatlar hududiy yaxlitlik borasida jiddiy muammosi bor bo‘lgan mazkur mamlakatning o‘z saflariga qo‘shilishiga qarshi. Vengriyaga o‘xshaganlar esa o‘zining bu to‘g‘risidagi munosabatini yashirib o‘tirmaydi.
Shu bois, bugunga kelib Yevropa va AQSH Ukrainaga NATOga to‘laqonli a’zolik bo‘lmasada, alyans Nizomining 5-moddasida nazarda tutilgan xavfsizlik va mudofaa kafolatlarini berish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Ya’ni, gap NATOga a’zo mamlakatlardan biriga tashqi hujum sodir bo‘lsa, barchaning birdek harakatga kelishi va umumiy dushmanga qarshi kurashishini anglatadigan 5-modda haqida ketyapti. Aslida bu modda butun alyansning eng asosiy mohiyatini tashkil qiladi. NATO mana shu 5-moddasi bilan NATO hisoblanadi.
Bunday kafolat haqida esa biror bir xorij nashri emas, balki Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni ma’lum qildi. Manbalar mazkur taklifga AQSH ham rozi bo‘lganiga ishora qilmoqda. Bir qancha nashrlarga ko‘ra, Kiyev Vashingtondan NATOga a’zo bo‘lmagan holda, undagi xavfsizlik kafolatlari haqida taklif olgan.
Bildirilishicha, bu masala Alyaskada Tramp va Putin o‘rtasida muhokama qilingan bo‘lishi mumkin. Biroq hozircha hech kim mazkur kafolat qanday ishlashi, salkam NATOga qo‘shilishni anglatadigan ushbu kafolatga Putin qanday qilib rozi bo‘lishi mumkinligi bilmaydi. Chunki u eng boshidan buyon Ukrainaning alyansga qo‘shilishiga qarshi. Ammo 5-modda bu salkam NATO a’zosi deganidir.
Xitoy XXII asrga qadam qo‘ydi
AQSH, Rossiya va Yevropa kabi yirik o‘yinchilarning bor e’tibori Ukraina masalasiga qaratilgan bir paytda Xitoy texnologik mo‘’jizalar yaratishda qolganlarni ortda qoldirmoqda. Hafta davomida chin o‘lkasi tarafdan kutilmagan yangilik yangradi. Bu allaqachon odamlar tomonidan qizg‘in muhokama qilinishi boshlangan surrogatlik funksiyalarini bajara olishi kutilayotgan robotdir. Sodda qilib aytganda, Kaiwa Technology kompaniyasi 2026 yilda dunyoda ilk bor homiladorlikni simulyatsiya qila oladigan va inson embrionini ko‘tara oladigan, ya’ni farzand tug‘ib beradigan gumanoid robotni taqdim etishni rejalashtirgan. Bunday novatorlik shubhasiz AQSHdagi Kremniy vodiysiga dam beradi.
Mazkur loyiha unga bo‘lgan yuqori darajadagi ijtimoiy talab tufayli ishlab chiqilmoqda. Jumladan, u mamlakatda tug‘ilish darajasi pasayishi va ortib borayotgan bepushtlik muammosini hal qilishga qaratilgan. Kompaniya asoschisining so‘zlariga ko‘ra, sun’iy bachadon texnologiyasi allaqachon yakuniy bosqichga yetgan. Ma’lum qilinishicha, robot butun jarayonni – urug‘lanishdan tortib tug‘uruqqacha bo‘lgan davrni takrorlay oladi. Uning narxi qariyb 14 ming dollar bo‘lishi kutilmoqda. Singapurdagi Nanyan texnologiya universiteti falsafa doktori Chjan Sifenning aytishicha, sun’iy bachadon texnologiyasi allaqachon yuqori rivojlanish darajasiga yetgan. Endi uni robotning qorin bo‘shlig‘iga kiritish orqali inson va robot o‘zaro aloqada bo‘lib, homiladorlikni yuzaga keltirish, homilaning ichkarida o‘sishini ta’minlash mumkin.
Ma’lumot o‘rnida shu ham qayd etish joiz, bunday inkubatsiya usuli hayvonlarda allaqachon sinovdan o‘tkazilgan. Faqat unda inson embrioni emas, balki hayvonniki muvaffaqiyatli tarzda sinovdan o‘tgan. Ya’ni 2017 yilda AQSH olimlari sun’iy bachadon yordamida muddatidan oldin tug‘ilgan qo‘zini voyaga yetkazishga erishgan. Ammo mutaxassislarning fikricha, inson embrioni bilan to‘liq jarayonni takrorlash uchun texnologiyani yanada takomillashtirish lozim. Ko‘ramiz, bir yildan so‘ng Xitoyda bunday amaliyot qanday natija berarkan.
Qozog‘iston Rossiya va Xitoydan boyroq
Aholisi 20 million 333 ming, YAIM esa 300 milliard dollarni tashkil etadigan Markaziy Osiyoning eng badavlat mamlakati Qozog‘iston endi jon boshiga YAIM darajasi bo‘yicha Rossiyani ham, Xitoyni ham ortda qoldirdi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi e’lon qilgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda ushbu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 14 770 dollarni tashkil etmoqda. Rossiyada bo‘lsa, bu miqdor 14 260, Xitoy esa 13 690 dollar. Bunday iqtisodiy yuksalish bilan Qozog‘iston endilikda MDH orasida YAIM jon boshiga taqsimoti borasida peshqadamga aylandi. Ushbu ko‘rsatkich hozirgi narxlar va inflyatsiyani inobatga oladi, shu sababli mamlakatning iqtisodiy farovonlik darajasini ancha aniq aks ettiradi. Mutaxassislar bu yutuqni bir nechta asosiy omillar bilan izohlamoqda. Jumladan, Qozog‘iston katta neft, gaz va uran zaxiralariga ega bo‘lib, energiya resurslari va foydali qazilmalar eksporti iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib qolmoqda. So‘nggi yillarda mamlakat xomashyoni qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni faol rivojlantirayotgani ham ta’kidlanmoqda.
Ammo afsuski, O‘zbekiston bunday masalada hali maqtagulik natijaga erisha olmaydi. Chunki qo‘shnisi Qozog‘istonda mazkur ko‘rsatkich 15 ming dollarga yaqinlashgan bir paytda O‘zbekistonda bu miqdor bor yo‘g‘i 3,5 ming dollarga teng. Bu esa O‘zbekistondagi YAIMning aholi jon boshiga taqsimoti Qozog‘istondan 4 baravar past degani.
To‘g‘ri, yuqorida qayd etilganidek, Qozog‘istondagi bunday yuqori ko‘rsatkich asosan tabiiy boyliklarga bog‘liq. Bundan tashqari, YAIMning jon boshiga taqsimotini belgilashda mamlakatdagi aholi soni eng muhim ahamiyatga ega. Masalan, Qozog‘istonda 20 milliondan biroz ko‘proq, O‘zbekistonda esa 37 milliondan ortiq aholi bor. Ammo baribir, Qozog‘istonning iqtisodiy ahvoli janubdagi qo‘shnisinikidan ancha yaxshi. Jumladan, uning YAIM 300 milliard dollardan oshgan bo‘lsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 130 millardni tashkil qiladi.
Boz ustiga o‘sha Jahon banikining boshqa hisobotida O‘zbekiston yuqori daromadli davlatga aylanishi uchun, ya’ni aholi jon boshiga daromad 14 ming dollardan oshishi uchun kamida yana 100 yil kerakligini prognoz qilmoqda. Qozog‘iston uchun esa bunday maqomga erishish uchun 30 yil ketishi taxmin qilingan. Bu yerda ham oradagi farq 3 baravardan ko‘p. Ha aytgancha, Qozog‘iston YAIMning aholi jon boshiga taqsimoti bo‘yicha yuqorida ta’kidlanganidek, allaqachon 14 ming dollarlik dovondan o‘tgan. Bu yerda esa gap aholi jon boshiga milliy daromad haqida ketmoqda. Bular bir-biridan biroz farq qiluvchi tushunchalar ekanini ham qo‘shimcha qilish lozim. YAIM mamlakat hududida bir yilda ishlab chiqarilgan barcha tovar va xizmatlarni o‘z ichiga oladi. Ammo yalpi milliy daromad davlat fuqarolari va kompaniyalari tomonidan ishlab topilgan sof foyda bo‘lib, uning tarkibiga mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy kompaniyalar daromadlari hisobga olinmaydi.
Pokiston va Hindiston yana ziddiyatda
Yer yuzining bir chekasida bosqichilik va qirg‘inlarni to‘xtatish maqsadida katta umidlar bilan sammit tashkil qilinayotgan bir paytda Osiyodagi ikki yirik davlat dunyo uchun navbatdagi mojaroni tayyorlamoqda. Nyu-Dehli va Islomobod yana bir-biri bilan ziddiyatga bormoqda. Biri raketa qo‘shinlari tuzishini e’lon qilsa, boshqa bunga javoban yangi mudofaa tizimi ishlab chiqishini ma’lum qildi. Eng qizig‘i, bu haqdagi bayonotlar deyarli bir vaqtda yangaradi. Dastlab, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif 14 avgust kuni mamlakat Qurolli kuchlari tarkibida raketa qo‘shinlari tuzilishini aytdi. Sharifning aytishicha, bu qo‘shinlar zamonaviy texnika bilan jihozlanadi va ular Pokiston armiyasi jangovar salohiyatini mustahkamlash yo‘lidagi yangi bosqich bo‘ladi. Xavfsizlik xizmatidagi yuqori martabali mansabdor esa bu raketalarning asosiy nishoni Hindiston ekanini yashirib o‘tirmagan.
Oradan bir kun o‘tib esa Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi mamlakat 2035 yilga kelib “Sudarsan Chakra”, ya’ni “Zamonaviy texnologik qalqon” nomli ilg‘or qurol tizimini ishlab chiqishini ma’lum qildi. Bu tizim shaharlar va strategik ob’ektlarni himoya qilishga mo‘ljallangan bo‘lib, ilg‘or kuzatuv, hujumni to‘xtatish va qarshi zarba berish imkoniyatlarini birlashtiradi. Bu esa havodan, quruqlikdan va dengizdan keladigan tahdidlarni bartaraf etishga imkon berishi ta’kidlanmoqda. Ammo o‘z nutqida Modi ushbu yangi mudofaa tizimi haqida batafsil ma’lumot bermagan. Shunday bo‘lishiga qaramay, mutaxassislar bu texnologiya Isroilning “Temir gumbaz”iga o‘xshash bo‘lishini taxmin qilmoqda.
Live
Barchasi