O‘zbekistonliklar Yaponiya tajribasidan energiya tejashni o‘rganadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonlik iste’molchilar Yaponiya tajribasi asosida energiya tejash savodxonligi bo‘yicha o‘qitiladi. Bu haqda bugun, 19 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimotida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda energiya quvvatlari aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining o‘suvchan talabiga mos ravishda oshirib borilmoqda. Xususan, o‘tgan yili 50 milliard kub metr tabiiy gaz, 81 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqarilgan.  2035 yilga borib, elektr iste’moli hozirgidan 1,7 barobar oshishi hisob-kitob qilingan. Bu talabni to‘liq qondirish uchun faqat ishlab chiqarish emas, tejamkorlik ham zarur.

Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 dollarlik yalpi ichki mahsulot yaratish uchun dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2,5 barobar ko‘p energiya sarflanyapti. Elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar 14 foiz, tabiiy gazda esa 7 foizdan yuqori. Shu bois olimlar jalb qilinib, joylarda energiyani tejash imkoniyatlari ilmiy asosda o‘rganilmoqda. Hozirgacha 7 ta viloyatda 4,6 milliard kilovatt-soat elektr va 1 milliard kub metr gazni iqtisod qilish imkoniyatlari aniqlangan.

Taqdimotda shu kabi o‘rganishlar asosida ishlab chiqilgan takliflar muhokama qilindi. Misol uchun, suv xo‘jaligidagi eski nasoslarni zamonaviysiga almashtirib, yiliga 1 milliard kilovatt-soat elektrni tejash mumkin. Ijtimoiy muassasalarda qozonxonalarni yangilash, “yashil” energiyadan foydalanish orqali bu yil 5 million kub metr gaz, 15 million kilovatt-soat elektrni iqtisod qilsa bo‘ladi.

“Umuman, bu yil 1,6 milliard kub metr gaz va 3,5 milliard kilovatt-soat elektrni tejash mo‘ljallangan. Buning uchun har bir korxona va tashkilotga ilmiy asoslangan chora-tadbirlar yetkaziladi. Jumladan, yirik sanoat korxonalarida bir mahsulot birligi ishlab chiqarishga ketadigan energiya me’yori belgilanadi. Shuning o‘zidan energiya sarfi 5-10 foiz qisqartiradi. Ijtimoiy ob’ektlarda energiya tejamkor uskunalarni o‘rnatish bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlanadi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, ko‘p qavatli uylarda issiqlikni yaxshi saqlash uchun ularni izolyatsiyalash kengaytiriladi. Xonadonlarda geliokollektor va quyosh paneli o‘rnatishga arzon kreditlar beriladi. Iste’molchilar Yaponiya tajribasi asosida energiya tejash savodxonligi bo‘yicha o‘qitiladi.

Davlat rahbari iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, ijtimoiy soha va uy-joylarda tejamkorlik muhimligini ta’kidladi. Hudud va tarmoqlar kesimida energiya isrofini kamaytirish, talon-torojliklarning oldini olish bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar berildi.

Eslatib o‘tamiz, 28 yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev elektr energetikasini 2025-2035 yillarda rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan edi. Unda O‘zbekistonda 2030 yilda 117 milliard kilovatt soat, 2035 yilda esa 135 milliard kilovatt soat elektr energiyasi talab etilishi aytilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

energiya energiya tejash savodxonligi Yaponiya tajribasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing