O‘zbekistonlik tennischilarning “Australian Open”dagi raqiblari aniq bo‘ldi

Sport

image

Bugun, 15 yanvar kuni “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi yilning to‘rtta musobaqasidan dastlabkisi – “Australian Open-2026” turnirining asosiy bahslariga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston terma jamoasining 2 nafar a’zosi Kamilla Rahimova hamda Polina Kudermetova dastlabki bosqichda o‘z raqiblarini bilib oldi.

O‘z tarixida 114-marotaba tashkil etilayotgan, umumiy mukofot jamg‘armasi rekord daraja – 75 million AQSH dollariga yetkazilgan Avstraliya Ochiq chempionatining ayollar o‘rtasidagi asosiy bahslarida O‘zbekistonning birinchi hamda uchinchi raketkachisi – Kamilla Rahimova va Polina Kudermetova mamlakat sharafini himoya qiladi.

Qur’a natijasiga ko‘ra, Polina Kudermetova ispaniyalik Guyomar De Realesga qarshi qarshi kortga chiqadi. Agar bahsda Polina g‘alaba qozongan taqdirda, ikkinchi davrada daniyalik Klara Tauson yoki vengriyalik Dalma Galfi bilan to‘qnash keladi.

Kamilla Rahimova esa amerikalik Koko Goff bilan kortga chiqadi. Ushbu juftlik g‘olibini ikkinchi bosqichda amerikalik 45 yoshli Vinus Uilyams yoki serbiyalik Olga Danilovichga qarshi bahs olib boradi.

Ma’lumot uchun, “Australian Open-2026” asosiy bahslari joriy yilning 18 yanvar kuni boshlanadi. Musobaqaning amaldagi g‘olibasi amerikalik Medison Kiz hisoblanadi. U o‘tgan yilgi finalda Arina Sobolenkoni uch set natijasiga ko‘ra mag‘lubiyatga uchratgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Australian Open-2026” turniri sovrin jamg‘armasi rekord darajaga yetganligi va umumiy mukofot puli 16 foizga oshib, 111,5 million Avstraliya dollari (taxminan 75 million AQSH dollari)ni tashkil etishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

“Katta Dubulg'a” Kamilla Rahimova Polina Kudermetova “Australian Open-2026”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing