O‘zbekistonga chigirtka to‘dalari bostirib keldimi? (video)

Olam

image

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda hududlarda chigirtka to‘dalari tarqalgani bo‘yicha xabarlar e’lon qilinmoqda. Mazkur xabarlar yuzasidan O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, har bir holat joyiga chiqib o‘rganilib, to‘dalar bartaraf etilishiga erishilgan. Xususan, 11 iyun kuni tunda Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanidagi Bash 500 MVt shamol elektr stansiyasida chigirtkalar tarqalgani ma’lum bo‘lgan. Dastlab erta tongda strategik ahamiyatga ega ob’ekt atrofida  barer usulida ishlangan. Keyinchalik kunning birinchi qismida elektr stansiyaning o‘zida ham kimyoviy ishlov o‘tkazilgan.

Shuningdek, Zarafshon shahridagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida ham chigirtkalar to‘dasi aks etgan tasvir e’lon qilindi. Bu holat ham joyida o‘rganilib, chigirtkalar bartaraf etilgan.

Bildirilishicha, tasvirlardagi chigirtka – bu saksovul bukri chigirtkasi bo‘lib, u ekinlarga zarar yetkazmaydi. Imago yoshiga (bu hasharotning to‘liq shakllangan, bolalik bosqichlari tugagan, ko‘paya oladigan yoshi) yetgan hasharot yorug‘likka uchib ketish holatlari kuzatiladi va ayni vaqtda bu turdagi chigirtkalar tuxum qo‘yib, tabiiy nobud bo‘lish davriga yetib kelgan.

Navoiy viloyatida zararli chigirtkalarga qarshi kurash aprel oyida boshlangan. 4 ta otryad tashkil etilgan bo‘lib, 6 ta UMO purkagichli maxsus avtomashina, 5 ta purkagichli traktor, 3 ta vodovoz biriktirilib, 25 nafar ishchi-xodim jalb qilingan. 

“Zarurat bo‘lsa, qo‘shimcha kuchlar safarbar etiladi. Hozircha vaziyat nazorat ostida”, deyiladi xabarda.

12 iyun holatiga ko‘ra, 819 ming 571 gektar maydonda kuzatuv o‘tkazilgan. 485 ming 280 gektarda zararli chigirtka tarqalgani aniqlangan. Shundan 477 ming 505 gektar maydonda kimyoviy kurash tadbirlari olib borilgan. Prognoz qilingan maydon 608 ming gektardan ortiq.

“Shuningdek, qo‘shni Qozog‘iston Respublikasida chigirtkalar bosqini haqidagi xabarlar sarosima ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda. Qo‘shni davlatda tarqalgan chigirtka – to‘da hosil qiluvchi chigirtka turi hisoblanadi. Qozog‘istonning zararli chigirtkaga qarshi kurash xizmati bilan doimiy aloqa o‘rnatilib, chegara hududlarida kuchaytirilgan monitoring olib borilmoqda. Aniqlanayotgan to‘dalar qisqa fursatda bartaraf etilmoqda”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda o‘tkazilgan Yevropa va O‘rtayer dengizi o‘simliklar karantini va himoyasi ishchi guruhining 55-sessiyasi doirasida Qozog‘iston va Qirg‘iziston mutasaddilari bilan mazkur mavzu yuzasidan muloqot o‘tkazilib, tegishli kelishuv imzolangandi.


Maqola muallifi

Teglar

chigirtka chigirtka to'dalari O'simliklar karantini

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing